• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OʻZBEKISTON VA ITALIYA EKSPERTLARI ISHTIROKIDA ONLAYN MULOQOT

2026-yilning 26-mart kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Markazning Italiyadagi hamkori “Osiyo va Afrika uchun Oʻrtayer dengizi instituti” (ISMAA) rahbariyati va mutaxassislari ishtirokida onlayn ekspertlik muloqoti boʻlib oʻtdi. Muloqotda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb jarayonlar muhokama qilindi.

Mazkur tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda joriy yilgi Davlat dasturi doirasida erishilayotgan natijalar haqida atroflicha maʼlumot berdi. Shuningdek, Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatdagi ustuvor yoʻnalishlari, ayniqsa, mamlakat va mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan yondashuvlar alohida taʼkidlandi.

Muloqot davomida ISMAA Bosh kotibi Vinchenso Valenti Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Italiyaning turli yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorligi jadal rivojlanganligiga alohida eʼtibor qaratdi. Vinchenso Valenti, shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan oʻrnatilgan doʻstona munosabatlar, oʻzaro tashriflar almashinuvi hamda ular doirasida tashkil etilayotgan xalqaro konferensiyalar, davra suhbatlari va uchrashuvlarning ahamiyatiga toʻxtalib, mazkur hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar bugungi kunda jahon miqyosida kuzatilayotgan geosiyosiy oʻzgarishlar va raqobat kuchayib borayotgan sharoitda Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligini taʼkidladilar.

ISMAA boshqaruvi aʼzosi, Italiya–Oʻzbekiston doʻstlik assotsiatsiyasi prezidenti Magda Pedache ham Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar va erishilayotgan natijalarga eʼtibor qaratib, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni, xususan, fan, madaniyat va turizm sohalarida yanada faollashtirish, shuningdek, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali mavjud salohiyatni toʻliq roʻyobga chiqarish muhimligini taʼkidladi.

Italiyalik hamkorlar, shuningdek, Italiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun salohiyat yuqori ekanini alohida qayd etdilar.

Muloqot yakunida Vinchenso Valenti tomonidan joriy yilning may-iyun oylarida yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan koʻp qirrali islohotlarning mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan vebinar tashkil etish hamda xalqaro tadbirlarni birgalikda oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi. Shuningdek, tomonlar turli sohalarda qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ekspertlik almashinuvini kengaytirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishdilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati