• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“TARAQQIYOT STRATEGIYASI” MARKAZI DELEGATSIYASI XIII XALQARO OSIYO KONGRESSIDA ISHTIROK ETDI

Joriy yilning 21-may kuni Polshaning Torun shahrida “Oʻzgarib borayotgan dunyoda noaniq kelajakni shakllantirish: geosiyosiy bogʻliqliklar” mavzusida XIII Xalqaro Osiyo Kongressi boʻlib oʻtdi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi “faxriy mehmon” sifatida ishtirok etdi.

2014-yildan buyon anʼanaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur kongress Markaziy Yevropa va Osiyo davlatlari oʻrtasidagi muloqotni rivojlantirish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda yangi tashabbus va takliflarni ishlab chiqishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro maydon hisoblanadi.

Kongressda Oʻzbekiston, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Eron, Malayziya, Filippin, Indoneziya, Turkiya, Ozarbayjon kabi 30 dan ortiq mamlakatdan diplomatlar, ekspertlar, olimlar, tadbirkorlar va davlat idoralari vakillari qatnashdi. Jumladan, Polsha Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH), “Polsha–Osiyo” savdo palatasi, Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi marshal idorasi hamda Torun shahar meriyasi rahbariyati, shuningdek, yetakchi ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari xodimlari va ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida Polsha rasmiylari va diplomatik korpus vakillari Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim va ishonchli hamkor sifatidagi oʻrnini alohida taʼkidlab, ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi aloqalarni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

Tadbir doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy oʻsishining tarkibiy transformatsiyasi” mavzusida chiqish qildi. Unda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari, iqtisodiyotni liberallashtirish, aholi turmush darajasini oshirish hamda mamlakatda shakllantirilayotgan qulay investitsiya muhiti haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, kongress doirasida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” tashkil etildi. Unda milliy madaniy merosimiz, tarixiy anʼanalarimiz va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi koʻrgazma va foto galereya qatnashchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Tadbir yakunida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Polshaning Sharq va Afrika boʻyicha ilmiy tadqiqotlar markazi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati