• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OʻZBEKISTON VA POLSHA EKSPERTLIK HAMKORLIGINI KENGAYTIRISH MASALALARI KOʻRIB CHIQILDI

Varshava va Torun shaharlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi Polshaning bir qator tahlil markazlari va jamoat tashkilotlari rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

Xususan, Polshadagi Sobieski instituti, “Amicus Europae” fondi, Xalqaro aloqalar markazi hamda “Perspektywy” jamgʻarmasi vakillari bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvlar davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, shuningdek, mamlakatda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy hududlar va ularning mintaqaviy ahamiyati haqida maʼlumot berildi.

Jumladan, Sobieski instituti boshqaruv kengashi aʼzolari R.Piffel va Ya.Vjiyenchak bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ikki mamlakat tahlil markazlari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish, transport va logistika sohasidagi dolzarb muammolar boʻyicha qoʻshma tahliliy materiallar tayyorlash, shuningdek, joriy yil AQSHda oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Katta 20” (G20) sammiti yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda polyak tomoni bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda transport koridorlari barqarorligini taʼminlash muhim vazifalardan biri ekanini taʼkidlab, Polsha logistika sohasida Yevropaning yetakchi mamlakatlaridan biri sifatida Oʻzbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdilar.

“Amicus Europae” fondi direktori I.Bill hamda “Perspektywy” fondi asoschisi V.Svinskiy bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda joriy yilning sentyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan Polshada qoʻshma konferensiya tashkil etish va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining taqdimotini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.

Tomonlar ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, tadbirga siyosiy, akademik va ekspert doiralar vakillarini keng jalb etish hamda uni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini Polsha ekspertlar hamjamiyati orasida targʻib qilish masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro aloqalar markazi prezidenti M.Bonikovska bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” hamkorligining rivojlanish tendensiyalarini oʻrganish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan, ushbu yoʻnalishda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan qoʻshma tahlil va tadqiqotlar olib borish, shuningdek, tahliliy materiallar tayyorlash boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, polyak tomoni 2027-yilda Shveysariyada mazkur yoʻnalishda alohida xalqaro konferensiya tashkil etish rejalashtirilayotganini maʼlum qilib, unda Oʻzbekiston vakillarining ishtirokini taʼminlashdan manfaatdor ekanini bildirdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati