• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OʻZBEKISTON, POLSHA VA YEVROPA ITTIFOQI OʻRTASIDAGI HAMKORLIK MASALALARI BOʻYICHA DAVRA SUHBATI BOʻLIB OʻTDI

Polsha Vazirlar Kengashi huzuridagi Sharq tadqiqotlari markazida “Yevropa Ittifoqi, Oʻzbekiston va Polsha – hamkorlikni kuchaytirishning istiqbollari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Polsha Tashqi ishlar vazirligi, Infratuzilmalar vazirligi, Milliy xavfsizlik byurosi, shuningdek, qator tahlil markazlari va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi.

Panel muhokamalarida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov hamda Sharq tadqiqotlari markazining Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo boʻyicha departamenti rahbari K.Vasilevski maʼruzalar bilan qatnashdi.

Muhokamalar davomida Yevropa Ittifoqi va Polshaning Oʻzbekiston bilan hamkorligini rivojlantirishda infratuzilma loyihalarining ahamiyati, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik hamda mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, polyak ekspertlari xalqaro geosiyosiy vaziyatning oʻzgarishi sharoitida Oʻzbekiston tomonidan mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv doirasida Sharq tadqiqotlari markazi vakillari joriy yil kuzida Polsha ekspertlari delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish rejalari haqida maʼlumot berib, tashrif doirasida davlat idoralari, ekspertlik markazlari va erkin iqtisodiy hududlar faoliyati bilan yaqindan tanishish istagini bildirdi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Polsha ekspertlik hamjamiyatlari oʻrtasidagi muloqotni faollashtirish, qoʻshma tadqiqotlar olib borish hamda tahliliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini taʼkidladilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati