• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
“Ochiq muloqot” fenomeni: 5 yilda tadbirkorlar ovozi davlat siyosatiga qanday taʼsir qildi?
4489 | 05 Iyu. 2026 y.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi
Jamshid Sharipov

2021-yildan boshlab Oʻzbekistonda davlat va biznes munosabatlarida mutlaqo yangi siyosiy-iqtisodiy format shakllandi. Prezidentning tadbirkorlar bilan “ochiq muloqot”lari shunchaki rasmiy yigʻilish emas, balki biznes muhitidagi muammolarni toʻgʻridan-toʻgʻri eshitish, tezkor qaror qabul qilish va iqtisodiy islohotlarni “joylardagi ehtiyoj” asosida shakllantirish mexanizmiga aylandi.

Soʻnggi besh yil tajribasi shuni koʻrsatdiki, mazkur muloqotlar tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning oddiy platformasi emas, balki Yangi Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatining muhim institutsional mexanizmiga aylandi.

2021-yilda oʻtkazilgan ilk ochiq muloqot pandemiyadan keyingi ogʻir iqtisodiy sharoitda tashkil etildi. Oʻsha davrda tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani biznesda yigʻilib qolgan tizimli muammolar qanchalik katta ekanini koʻrsatgan edi.

Eng muhimi, davlat rahbari birinchi marta tadbirkorlarni “iqtisodiyot lokomotivi” sifatida baholab, ular bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish amaliyotini joriy qildi. Bu esa davlat idoralari va biznes oʻrtasidagi munosabatni tubdan oʻzgartirdi. Ilgari tadbirkor asosan nazorat obyekti sifatida koʻrilgan boʻlsa, endilikda u iqtisodiy oʻsishning asosiy drayveriga aylandi.

2021-yilgi muloqotda kredit muddatlari, yuqori foizlar, valyuta xavflari, ortiqcha tekshiruvlar va litsenziyalash tizimi kabi dolzarb masalalar koʻtarildi. Natijada bank kapitalini oshirish, xususiy banklarga keng imkoniyat berish va xalqaro moliya resurslarini jalb qilish boʻyicha yangi mexanizmlar ishlab chiqildi.

2022-yilga kelib ochiq muloqotlar allaqachon iqtisodiy siyosatni belgilaydigan muhim maydonga aylandi. Bu yilgi uchrashuvda biznesni mikro, kichik va oʻrta toifalarga ajratish tizimi joriy qilindi. Bu qaror iqtisodiyotni “bir xil yondashuv” asosida boshqarishdan voz kechib, tadbirkorlarning imkoniyati va ehtiyojiga qarab ishlash tizimiga oʻtishning boshlanishi boʻldi.

Ayniqsa, mikro biznes uchun yagona 4 foizli aylanma soligʻi joriy etilishi, QQS stavkasi 12 foizga tushirilishi va 2 trillion soʻmlik soliq qarzlarining bekor qilinishi tadbirkorlar uchun katta yengillik boʻldi.

Bu oʻzgarishlar raqamlarda ham yaqqol namoyon boʻldi. 2022-yilda eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetdi, umumiy eksport hajmi esa 30 foizga oshdi. Bu esa biznesga berilgan erkinlik va moliyaviy yengilliklar iqtisodiy faollikni kuchaytirganini koʻrsatadi.

2023-yilgi ochiq muloqot esa tadbirkorlik siyosatida yangi bosqichni boshlab berdi. Prezident nutqida ilk bor “Yangi Oʻzbekistonda yangi tadbirkorlar sinfi shakllandi” degan siyosiy baho berildi.

Bu davrda davlat va biznes munosabatlarida ishonch muhiti sezilarli darajada kuchaydi. Xususan, tekshiruvlar soni 40 foizga qisqardi, kameral jarimalar bekor qilindi va QQSni qaytarish mexanizmi ancha tezlashtirildi.

Eng muhimi, 2021 va 2022-yillarda ilgari surilgan tashabbuslar real iqtisodiy natija bera boshladi. Xususan, ikki yil ichida korxonalar tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulot eksport qilinib, avval import qilingan 10 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning oʻzida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

2024-yilga kelib ochiq muloqotlar nafaqat biznes muammolarini hal qilish, balki iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantiruvchi strategik mexanizmga aylandi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshganini tasdiqlagani mamlakat iqtisodiyotidagi oʻzgarishlarning muhim belgisi boʻldi.

2024-yilgi muloqotda yana bir muhim tendensiya kuzatildi — davlat tadbirkorlarni tekshirish emas, qoʻllab-quvvatlash orqali soliq tushumlarini oshirish mumkinligini tan oldi. Prezident “tekshirsa — qoʻrqadi, qoʻrqsa — soliq toʻlaydi” degan eski qarash oʻzini oqlamaganini ochiq taʼkidladi.

Natijada “A” va “B” – yaxshi toifaga kiruvchi korxonalar soni 91 mingga koʻpaydi, soliq tekshiruvlari esa ikki baravar qisqardi.

Shu bilan birga, xususiy sektorda 5 million soʻmdan yuqori maosh oladiganlar soni 1 million nafardan oshdi.

2025-yilgi ochiq muloqot esa raqamli iqtisodiyot va “soya” iqtisodiyotini qisqartirishga qaratilgan yangi bosqichni boshlab berdi. Prezidentning taʼkidlashicha, soʻnggi sakkiz yilda iqtisodiyotga 230 milliard dollar investitsiya jalb qilingan boʻlib, shundan 120 milliard dollardan ortigʻi xorijiy sarmoyadir. Bu 2025-yilda iqtisodiyot 7,7 foizga oʻsgani ham islohotlar samarasini koʻrsatdi.

Eng diqqatga sazovor jihat — ochiq muloqotlar endi faqat muammo eshitish maydoni emas, balki raqamli davlat va raqamli biznes ekotizimini shakllantirish platformasiga aylanmoqda. Masalan, 2030-yilgacha yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilganlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etilishi, elektron platformalar orqali xizmat koʻrsatish va universal QR-kod tizimini ishga tushirish rejalashtirildi.

Eʼtiborlisi, 2021-yildan buyon tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan qariyb 1 ming tashabbus qonun va qarorlarda oʻz aksini topdi. Bu esa ochiq muloqotlar formal tadbir emas, balki davlat qarorlarini qabul qilishning amaliy mexanizmiga aylanganini anglatadi.

Xulosa qilib aytganda, soʻnggi besh yildagi ochiq muloqotlar Oʻzbekistonda davlat va biznes munosabatlarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Tadbirkor endi faqat soliq toʻlovchi emas, balki iqtisodiy siyosatni shakllantirishda ishtirok etuvchi muhim subyektga aylanmoqda.

Eng muhimi, mazkur muloqotlar iqtisodiyotni kabinetlarda emas, real bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda boshqarish mumkinligini namoyon qildi. Bu esa Yangi Oʻzbekiston iqtisodiy modelida tadbirkor ovozi hal qiluvchi ahamiyat kasb eta boshlaganini koʻrsatadi.

 

 


0
Похожие новости