• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XALQARO PARLAMENTARIZM KUNI: SENATDA XALQCHIL PARLAMENT ISTIQBOLLARI MUHOKAMA MARKAZIDA

Joriy yilning 30-iyun kuni Oliy Majlis Senatida Xalqaro parlamentarizm kuniga bagʻishlangan “Yangi Oʻzbekistonda xalqchil parlament: islohotlar, tashabbuslar va rivojlanish istiqbollari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Davra suhbatida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar sharoitida parlamentning davlat va jamiyat hayotidagi oʻrni, parlament diplomatiyasini rivojlantirish, qonun ijodkorligi sifatini oshirish, parlament nazorati samaradorligini kuchaytirish hamda xalqaro parlament tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov maʼruza bilan ishtirok etib, xalqchil parlamentni shakllantirish, parlament nazorati samaradorligini oshirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda parlamentning oʻrni va masʼuliyati masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

“Xalqchil parlament – bu faqat qonun qabul qiladigan organ emas. Parlament, eng avvalo, xalq ovozini davlat siyosatiga aylantiradigan, jamiyatdagi ehtiyoj va muammolarni sezish, tahlil qilish hamda ularga samarali yechim topishga xizmat qiladigan muhim demokratik institutdir”, — dedi Eldor Tulyakov.

Shuningdek, u parlament faoliyatida shaffoflik, hisobdorlik, inklyuzivlik va fuqarolar ishtirokini taʼminlash muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etib, parlamentning kuchi uning qonun qabul qilish vakolatida emas, balki xalq bilan doimiy muloqotni olib borishida namoyon boʻlishini taʼkidladi.

Maʼruzada “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda parlament nazoratining ahamiyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, strategiyada belgilangan maqsadlarga erishish uchun islohotlar hayotiy ehtiyojlar, aholi fikri, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlari takliflari bilan boyitilishi zarur.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati