Kamola Agzamova
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bosh mutaxassisi
Bugungi kunda dunyoning har qanday rivojlangan davlatida kelajak avlodni har tomonlama sogʻlom, bilimli va xavfsiz muhitda tarbiyalash eng oliy strategik vazifa hisoblanadi. Yangi Oʻzbekistonda ham bolalar huquqlarini taʼminlash, ularni tizimli ijtimoiy himoya qilish hamda munosib taʼlim va tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish davlat siyosatining ustuvor, oʻzgarmas yoʻnalishiga aylandi.
Mamlakatimizda kelajak kapitaliga tikilayotgan investitsiyalar koʻlami yildan-yilga kengayib bormoqda. Bu bejiz emas.
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil 1-yanvar holatiga yurtimizda 0–14 yoshdagi jami bolalar soni 11 million 630 ming 879 nafarni tashkil etgan. Shundan – 6 million 30 ming 736 nafari oʻgʻil bola va 5 million 600 ming 143 nafari qiz bolalardir[1].
Ushbu ulkan demografik koʻrsatkich davlat zimmasiga bolalar manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan tizimli va uzoq muddatli chora-tadbirlarni izchil davom ettirish masʼuliyatini yuklaydi.
Huquqiy poydevor: Xalqaro konvensiyalardan Bosh qomusimizgacha.
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan 1992-yil 19-dekabrda ratifikatsiya qilingan BMTning “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyasiga muvofiq, davlat, sud va maʼmuriy organlarning bolalarga oid barcha xatti-harakatlarida bola manfaatlarining ustuvorligini taʼminlash bosh mezon etib belgilangan. Shuningdek, mazkur xalqaro shartnoma ishtirokchi davlatlar zimmasiga bolalarning teng imkoniyatlar asosida bepul va majburiy boshlangʻich taʼlim olishini kafolatlash hamda taʼlimning keyingi bosqichlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish yuridik majburiyatini yuklaydi.[2]
Mazkur xalqaro majburiyatlar yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida oʻz aksini topgan. Unga koʻra, davlat har kimning taʼlim olish huquqini kafolatlab, uzluksiz, davlat va nodavlat taʼlim tizimi hamda maktabgacha taʼlimni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Bosh qomusimizda bepul umumiy oʻrta va boshlangʻich professional taʼlim olish kafolatlangan boʻlib, umumiy oʻrta taʼlim majburiyligi va davlat nazoratida ekanligi mustahkamlangan. Shuningdek, ilk bor alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv taʼlim tizimini taʼminlash konstitutsiyaviy darajada belgilangan.[3]
Taʼlimda qamrov va sifat: Inson kapitali rivoji.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida bolalarni erta yoshdan bilim va kasbga yoʻnaltirish boʻyicha aniq maqsadli koʻrsatkichlar (diversifikatsiyalashgan indikatorlar) belgilab olingan. Taʼlim sohasidagi islohotlar dinamikasi quyidagi raqamlarda yaqqol namoyon boʻladi:

Inklyuziv taʼlim va ijtimoiy adolat.
“Hech bir bola eʼtibordan chetda qolmaydi”[4] tamoyili asosida alohida ehtiyojli hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni jamiyatga integratsiya qilish ishlari kuchaytirilmoqda:
Inklyuziv taʼlim. Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarning umumiy taʼlim maktablarida inklyuziv taʼlim bilan qamrov darajasini 2025-yilda 500 nafardan 2026-yilda 650 nafarga, 2030-yilgacha 1 000 nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Maxsus parvarish. Nogironligi boʻlgan bolalarni kunduzgi parvarish bilan qamrab olish koʻrsatkichi 2025-yildagi 3 ming nafardan joriy yilda 3,5 ming nafarga oshiriladi, 2030-yilgacha 4,5 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni jamiyatga integratsiyalashuvi 2025-yil 1 468 nafarni tashkil etgan, 2026-2030-yilgacha bu koʻrsatkichni 1 500 nafarga yetkazish belgilangan.
Bolalar oʻrtasidagi irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish maqsadida chaqaloqlarda hayoti uchun xavfli boʻlgan tugʻma nuqsonlar bilan tugʻilish darajasini 2025-yilgi 13,5 holatdan 2030-yilgacha 7 gacha kamaytirish (100 ming nafar tirik tugʻilgan chaqaloqqa nisbatan) koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF–22-sonli Farmoni asosida bolalar xavfsizligi va huquqiy himoyasini taʼminlashning yangi kafolatlari joriy etildi. Mazkur hujjatlar bolalarni har qanday shakldagi zoʻravonlik, tazyiq va ekspluatatsiyadan muhofaza qilish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.[5]
Joriy yildan boshlab bolalarni har qanday zoʻravonlik va tahdidlardan himoya qilishning mutlaqo yangi, qatʼiy huquqiy mexanizmlari amaliyotga tatbiq etilmoqda:[6]
Kasbiy taqiq va nazorat. Voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning taʼlim, tarbiya, sport va sogʻlomlashtirish maskanlarida ishlashi qatʼiyan taqiqlanadi. Ishga qabul qilish jarayonida nomzodlar maxsus axborot tizimlari orqali majburiy tekshiriladi.
Texnik xavfsizlik. Nodavlat taʼlim hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalari binolari videokuzatuv tizimlari bilan jihozlanadi va videoyozuvlarni kamida 6 oy davomida saqlash majburiy talab etiladi.
Bepul yuridik va protsessual yordam. Yangi tartibga koʻra, zoʻravonlik qurboni yoki guvohi boʻlgan bolalarga dastlabki bosqichdanoq davlat hisobidan bepul yuridik yordam koʻrsatiladi. Jinsiy zoʻravonlik ishlari boʻyicha yuzlashtirish faqat tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi bilan oʻtkaziladi. Jarohat yetkazuvchi omillarning oldini olish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va advokatlar uchun bolalar bilan ishlashning maxsus usullari boʻyicha qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Shuningdek, ilgʻor xorij tajribasi asosida zoʻravonlikka uchragan bolalarga bir joyning oʻzida tibbiy, psixologik va huquqiy koʻmak beruvchi “Barnaxus” modelini sinovdan oʻtkazish belgilandi. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarni raqamli makonda kiberbuling va onlayn taʼqiblardan himoya qilish maqsadida 24/7 rejimida ishlovchi tezkor monitoring platformasini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.[7]
Yuqorida keltirilgan raqamlar va qonuniy normalar ortida har bir Oʻzbekiston fuqarosi, har bir oila oʻz hayotida his qiladigan real va amaliy qulayliklar yotadi:
Birinchidan, bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrovning 100 foizga yetkazilishi ota-onalarni ortiqcha xarajatlardan xalos etadi. Endi bolani maktabga tayyorlash uchun qimmatbaho repetitorlarga pul toʻlash shart boʻlmaydi — davlat bu vazifani oʻz zimmasiga oladi. Bogʻchalar qamrovining kengayishi esa uyda bola parvarishi bilan band boʻlgan minglab onalarga oʻz ustida ishlash, kasbga qaytish va oilaviy daromadni oshirish imkonini beradi.
Ikkinchidan, har bir bolaning kelajakda oʻz oʻrnini topishi kafolatlanadi. 9-sinf bitiruvchilarining yarmi (50 foizi) kasb-hunarga yoʻnaltirilishi — oliy taʼlimga kira olmagan yoshlarning koʻchada yoki ishsiz qolmasligini anglatadi. Chunki bola maktabni bitirishi bilan qoʻlida aniq bir hunar (IT, texnika, xizmat koʻrsatish sohasi) bilan mustaqil hayotga kirib boradi. Xususiy maktablar ulushining ortishi esa taʼlim sohasida sogʻlom raqobatni yaratadi va davlat maktablarida ham oʻqitish sifatini oshirishga, sinflarda bolalar sonining meʼyorlashishiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, maktab va bogʻchalarda videokuzatuv tizimlarining oʻrnatilishi hamda yozuvlarning 6 oy davomida saqlanishi, shuningdek, zoʻravonlikka moyil shaxslarning taʼlim tizimiga yaqinlashtirilmasligi ota-onalarga cheksiz xotirjamlik beradi.
Toʻrtinchidan, irsiy kasalliklarning kamaytirilishi minglab oilalarni umrbod davolanish va ruhiy-moddiy qiyinchiliklardan asrab qoladi. Alohida ehtiyojga ega boʻlgan (nogironligi bor) bolalarning uyga qamalib qolmay, tengdoshlari bilan birga oddiy maktablarda (inklyuziv) oʻqishi va kunduzgi parvarish markazlariga jalb etilishi ularning ota-onalariga nafas rostlash, ishlash va jamiyatdan ajralib qolmaslik imkoniyatini taqdim etadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur islohotlar bolalarning taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya va qonuniy huquqlarini taʼminlashga qaratilgan yaxlit davlat tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa inson kapitalini rivojlantirish, barkamol avlodni tarbiyalash va mamlakatning barqaror taraqqiyoti uchun mustahkam asos yaratadi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-21son Farmoni yurtimizda inson kapitali qiyofasini tubdan yangilash hamda har bir bolaning xavfsiz va farovon kelajagini taʼminlash yoʻlidagi eng muhim qadamdir.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi hamda davlat dasturlarida belgilangan ustuvor vazifalar “Inson qadri uchun” tamoyili mamlakatimizda aniq huquqiy mexanizmlar va amaliy islohotlar orqali hayotga tatbiq etilayotganining yorqin ifodasidir.
[1] https://insonhuquqlari.uz/uz/news/m17762
[2] https://lex.uz/docs/2595913
[3] https://lex.uz/docs/6445145
[4] https://www.unicef.org/eca/our-mandate-no-child-left-behind
[5] https://lex.uz/uz/docs/-8050787#-8053599 PF-22
[6] https://www.lex.uz/docs/8070193 PF-33
[7] https://lex.uz/uz/docs/-8050787#-8053599 PF-22