• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OʻZBEKISTON VA XITOY ILMIY HAMKORLIGI YANGI BOSQICHGA KOʻTARILMOQDA

Bugungi globallashuv sharoitida ilm-fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik davlatlar oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar ham soʻnggi yillarda ilmiy-tadqiqot sohasida yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Shu munosabat bilan Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti (SISU) delegatsiyasi “Taraqqiyot strategiyasi” markaziga tashrif buyurdi. Uchrashuvda ikki mamlakat ekspertlari oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari, qoʻshma tadqiqotlar va ilmiy almashinuvni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

80-yillik tarixga ega SISU Xitoyning xalqaro munosabatlar, lingvistika, jurnalistika va biznes sohalaridagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitetda 40 dan ortiq xorijiy tillar, jumladan, oʻzbek tili ham oʻqitiladi.

Uchrashuvda mehmonlarga yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, asosiy ustuvor yoʻnalishlari hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyati tanishtirildi. Xitoy tomoni strategiyada belgilangan vazifalarning aniqligi, tizimliligi va amaliy ahamiyatini yuqori baholadi.

Muzokaralar natijasida Oʻzbekiston–Xitoy qoʻshma tadqiqot markazini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Tomonlar, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ikki mamlakatning tahlil va tadqiqot markazlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ekspertlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, xalqaro konferensiya va seminarlar tashkil etish hamda qisqa muddatli tadqiqot dasturlarini ishlab chiqishni nazarda tutadi.

SISU huzuridagi Shanxay Global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi (SAGGAS) vakillari ham hamkorlik istiqbollari yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdilar. Xitoy tomoni “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ijrosining monitoringi tizimli yoʻlga qoʻyilganini, ushbu jarayonda “Taraqqiyot strategiyasi” markazining ishtiroki hamda strategiya mazmun-mohiyatini mamlakat ichida va xalqaro maydonda targʻib qilish borasidagi faoliyatini eʼtirof etib, bu yoʻnalishlarda ham hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar ilmiy almashinuv va qoʻshma tadqiqotlarni kengaytirish orqali Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.

Mazkur hamkorlik ikki mamlakatning ilmiy-tahliliy salohiyatini birlashtirish, dolzarb mintaqaviy va global masalalar yuzasidan qoʻshma tadqiqotlar olib borish hamda yosh tadqiqotchilar va ekspertlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Bu esa davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati