• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XITOYDA O‘ZBEKISTON–XITOY AQL MARKAZLARI FORUMI BO‘LIB O‘TDI

Joriy yilning 22-iyul kuni Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo institutida “Xitoy–O‘zbekiston: strategik uyg‘unlik va yuksak taraqqiyot” mavzusida O‘zbekiston–Xitoy aql markazlari forumi tashkil etildi.

Forumda Xitoyning yetakchi aql markazlari rahbarlari, akademik doiralar vakillari, ekspertlar hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi maslahatchi-vakili Saidkamol Agzamxodjayev ochib berdi hamda O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Arziyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi.

Forum doirasida Markaz rahbari Eldor Tulyakov mamlakatimizda yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar va ustuvor vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Xususan, iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy sohani rivojlantirish, davlat boshqaruvini takomillashtirish, tashqi siyosat hamda ekologiya yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

Xitoy Zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi ilmiy kengashi bosh kotibi o‘rinbosari Din Syaosin O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish, soliq siyosati va “yashil” iqtisodiyot sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. U istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, Xitoy texnologiyalari asosida texnoparklar tashkil etish, avtomobilsozlikni rivojlantirish, chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya ishlab chiqarish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, ekspert madaniy-gumanitar aloqalar ikki tomonlama munosabatlarning muhim tarkibiy qismi ekanini qayd etib, O‘zbekistonda Xitoyning G‘arbiy–Sharqiy qishloq xo‘jaligi markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i Chjan Nin Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, davlat boshqaruvini optimallashtirish, oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, chegaroldi masalalarini hal etish hamda mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash borasidagi natijalarga alohida to‘xtaldi. U Xitoy tomoni O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda izchil davom etishini bildirdi.

Institutning katta ilmiy xodimi Gao Xansun esa bugungi geosiyosiy sharoitda transport koridorlarini diversifikatsiya qilish strategik ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, mazkur yo‘nalishda amaliy hamkorlikni yanada faollashtirish zarurligini qayd etdi.

Forum yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, aql markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-tadqiqotlar va ekspertlar almashinuvini faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya, transport, “yashil” taraqqiyot hamda madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish ustuvor ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati