• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
O‘ZBEKISTONDA YASHIL RIVOJLANISHNING YASHIRIN TO‘SIQLARI: TARKIBIY TAHLIL VA SIYOSAT YO‘NALISHLARI
3879 | 17 Avg. 2026 y.

Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bo‘lim boshlig‘i

So‘nggi yillarda O‘zbekiston barqaror iqtisodiy o‘sish va kambag‘allik darajasining sezilarli qisqarishini namoyon etib, yanada barqaror rivojlanish modeliga o‘tish uchun qulay makroiqtisodiy zamin yaratmoqda. Xususan, 2025-yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 7,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, aholi jon boshiga ko‘rsatkich 5,6 foizga oshdi. Shu bilan birga, kambag‘allik darajasi 2024-yildagi 8,9 foizdan 2025-yilda 5,8 foizgacha kamayib, qariyb 1,5 million kishining kambag‘allikdan chiqishiga imkon yaratdi.

Biroq ayni paytda energiya iste’molining ortishi, tarif siyosatining isloh qilinishi va, avvalo, havo sifati bilan bog‘liq ekologik vaziyatning yomonlashuvi kabi tarkibiy muammolar ham kuchaymoqda. Ushbu jarayonlar bir vaqtning o‘zida kechib, bir-biriga o‘zaro ta’sir ko‘rsatmoqda va “yashil rivojlanish”ning kompleks kun tartibini shakllantirmoqda.

Mazkur tahlil 2025-yil hamda 2026-yil yanvar–fevral oylarida o‘tkazilgan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalariga asoslangan bo‘lib, unda xonadonlarning islohotlarga munosabati, ularning xulq-atvor reaksiyalari, shuningdek, energetika va ekologik transformatsiya sharoitida duch kelayotgan cheklovlari aks ettirilgan.

Energetika islohotlari va ekologik siyosat sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, barqaror iqtisodiyotga o‘tish sur’atlari cheklanganligicha qolmoqda. Bu texnologiyalar yoki investitsiyalar yetishmasligi bilan bog‘liq an’anaviy izohlardan tashqariga chiqadigan chuqur va ko‘zga tashlanmaydigan to‘siqlar mavjudligidan dalolat beradi.

1. Energetika transformatsiyasining moliyaviy cheklovlari

Energetika sektorini isloh qilish tariflarning oshishi bilan birga kechmoqda, bu esa aholining farovonligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, xonadonlarning 20–29 foizi elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu bilan birga, xonadonlarning aksariyati energiya samaradorligini oshirish xarajatlarni kamaytirishning samarali mexanizmi bo‘lishi mumkinligini anglaydi. Xonadonlarning 54 foizi energiya iste’molini, asosan, mablag‘larni tejash maqsadida qisqartirgan.

 

Biroq energiya samaradorligini oshirish zarurligini anglash har doim ham real investitsiyalarga olib kelmaydi: so‘rov natijalariga ko‘ra, so‘nggi besh yil davomida xonadonlarning atigi 22 foizi energiya samaradorligini oshirish maqsadida uy-joyini modernizatsiya qilgan. Bunday holat moslashuvga bo‘lgan ehtiyoj bilan uni amalga oshirish imkoniyatlari o‘rtasida tizimli tafovut mavjudligini ko‘rsatadi.

Mazkur tafovutning asosiy sababi moliyaviy cheklovlardir. Xonadonlarning 60 foizdan ortig‘i moliyaviy ko‘makning mavjud emasligini energiya samaradorligini oshiruvchi yechimlarni joriy etishdagi asosiy to‘siq sifatida ko‘rsatgan. Uy-joyni issiqlikdan izolyatsiya qilish, uskunalarni almashtirish yoki zamonaviy texnologiyalarni o‘rnatish uchun talab etiladigan yuqori boshlang‘ich xarajatlar, ayniqsa tarif yuklamasi oshib borayotgan sharoitda, bunday investitsiyalarni aholining katta qismi uchun imkoniyat doirasidan tashqarida qoldirmoqda.

Shu bilan birga, energiya samaradorligini oshirish salohiyati yuqoriligicha qolmoqda. Masalan, xonadonlarning qariyb 36 foizi o‘z uylarining issiqlik izolyatsiyasi yetarli emasligini baholagan bo‘lib, bu energiyaning 30–40 foizgacha yo‘qotilishiga olib kelmoqda.

2. Aholining yetarli darajada xabardor emasligi

Yashil rivojlanishning yana bir muammosi aholi uchun mavjud davlat ko‘magining amaldagi mexanizmlari to‘g‘risidagi axborotdan foydalanish imkoniyatining yetarli emasligi bilan namoyon bo‘lmoqda.

Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, aholining qariyb 45 foizi energiya samaradorligini rag‘batlantirish bo‘yicha amaldagi dasturlardan bexabar. Bu amalga oshirilayotgan siyosiy chora-tadbirlarning qamrovi va samaradorligini sezilarli darajada cheklamoqda.  

Shu bilan birga, 2025-yil 1-iyuldan boshlab hukumat xonadonlarga energiya auditlarini o‘tkazish va energiya samaradorligini oshiruvchi uskunalarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar taqdim eta boshladi. Xususan, quyosh panellari va quyosh suv isitkichlari qiymatining 20 foizigacha, issiqlik nasoslari qiymatining 40 foizigacha subsidiyalash, shuningdek, uy-joylarning energiya auditini o‘tkazish xarajatlarining bir qismini qoplash nazarda tutilgan. Biroq axborot qamrovining cheklanganligi ushbu qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining samaradorligini pasaytirib, energiya samaradorligini oshiruvchi yechimlarning keng tarqalishini cheklamoqda.

Aholining ekologik xabardorlik darajasining pastligi ham muhim cheklov bo‘lib qolmoqda. Ekologik xatarlardan xavotirlanish darajasi yuqori bo‘lishiga qaramay, xonadonlarning atigi 18 foizi havo sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni faol izlaydi. Shu bilan birga, aholining salmoqli qismi bunday axborotni olishga ehtiyoj bildirayotgani axborot siyosati va ekologik ogohlantirish tizimlarining hali to‘liq ishga solinmagan salohiyatidan dalolat beradi.

Yana bir muammo ifloslanish manbalarining aholi tomonidan qabul qilinishi bilan ularning amaldagi tarkibi o‘rtasidagi tafovutdir. Aholi havo sifatining yomonlashuvini ko‘pincha chiqindilarni ochiq yoqish va transport bilan bog‘laydi. Biroq tadqiqotlar energetika, sanoat va isitish tizimlarining ham sezilarli rol o‘ynashini ko‘rsatmoqda. Ushbu tafovut davlat siyosatining samaradorligini pasaytiradi, chunki jamoatchilik qo‘llab-quvvatlashi nisbatan kamroq ahamiyatga ega yo‘nalishlarga jamlanayotgan bir paytda, ifloslanishning asosiy manbalari yetarli darajada tartibga solinmay qolmoqda.

3. Xulq-atvor to‘siqlari

Yashil o‘tish jarayonini sekinlashtirayotgan qo‘shimcha omillardan biri xulq-atvor xususiyatlaridir. Xonadonlarning qariyb 74 foizi havo ifloslanishini jiddiy xavf deb hisoblasa-da, ularning 43 foizi uning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun hech qanday chora ko‘rmaydi.

Hatto chora ko‘rayotganlar orasida ham ko‘proq qisqa muddatli va kam xarajat talab qiladigan choralar, masalan, ochiq havoda bo‘lish vaqtini cheklash yoki niqoblardan foydalanish ustunlik qiladi. Bu inertlik, uzoq muddatli rejalashtirish imkoniyatlarining cheklanganligi va mavjud resurslarga bog‘liq xulq-atvor to‘siqlari mavjudligidan dalolat beradi. Umuman olganda, ushbu omillar “past daraja tuzog‘i”ni shakllantiradi, bunda yuqori darajadagi xavotir xulq-atvor va investitsiyalarda tizimli o‘zgarishlarga olib kelmaydi.

Umuman, aniqlangan omillar O‘zbekistonda yashil o‘tish to‘siqlari tizimli va o‘zaro bog‘liq xususiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Moliyaviy cheklovlar investitsiyalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilsa, xabardorlik darajasining yetarli emasligi davlat siyosatining samaradorligini pasaytiradi, xulq-atvor xususiyatlari esa barqaror yechimlarga bo‘lgan talabni cheklaydi. Ushbu omillarning o‘zaro ta’siri energiya samaradorligi past va ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan barqaror rivojlanish trayektoriyasini shakllantiradi. Uni o‘zgartirish esa kompleks yondashuvni talab etadi.

4. Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari

Aniqlangan to‘siqlarni bartaraf etish moliyaviy, axborot va xulq-atvor cheklovlarini birgalikda bartaraf etishga qaratilgan kompleks yondashuvni talab qiladi.

Asosiy yo‘nalish energiya samaradorligini oshiruvchi yechimlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, imtiyozli kreditlashni rivojlantirish, investitsiyalarni subsidiyalash va xususiy kapitalni jalb etishdan iborat bo‘lishi lozim. Bu yuqori boshlang‘ich xarajatlar bilan bog‘liq asosiy to‘siqni bartaraf etish imkonini beradi.

Shu bilan birga, tarif va ijtimoiy siyosatni integratsiya qilish talab etiladi. Tariflarni isloh qilish aholining zaif qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash bilan birga olib borilishi lozim. Bu ijtimoiy xatarlarni kamaytirish va islohotlarning barqarorligini oshirish imkonini beradi.

Axborot siyosatini kuchaytirish ham muhim ahamiyatga ega. Havo sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning shaffofligini oshirish va axborot yetkazish kanallarini kengaytirish aholining jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirish hamda ifloslanish manbalarining qabul qilinishini to‘g‘rilash imkonini beradi.

Energiya iste’molini yanada oqilona tashkil etish va energiya samaradorligiga investitsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan xulq-atvor vositalaridan foydalanish orqali qo‘shimcha samaraga erishish mumkin.

Nihoyat, ekologik siyosatning asosiy yo‘nalishlari sifatida sanoat chiqindilarini nazorat qilish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, barqaror transportni rivojlantirish hamda havo sifatini kompleks boshqarishga o‘tish ustuvor bo‘lib qoladi.

Tahlil shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda yashil rivojlanish texnologik cheklovlardan ko‘ra, moliyaviy, institutsional va xulq-atvor bilan bog‘liq yashirin to‘siqlar majmuasi sababli ko‘proq sekinlashmoqda.

Shu bilan birga, aholining o‘zgarishlarga yuqori darajada tayyorligi hamda energiya iste’moli va ifloslanishni kamaytirishning sezilarli salohiyati yashil rivojlanishni jadallashtirish uchun mustahkam asos yaratmoqda. Xususan, xonadonlarning 80 foizdan ortig‘i energiya samaradorligini xarajatlarni kamaytirish vositasi sifatida ko‘rib chiqishga tayyor, 82 foizi esa havo sifatini yaxshilash bo‘yicha chora ko‘rishga tayyorligini bildirgan.


3
Похожие новости