• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“OʻZBEKISTON — 2030” STRATEGIYASI DOIRASIDA TAHLILIY HAMKORLIKNI YOʻLGA QOʻYISH TAKLIF ETILDI

Joriy yil 14-sentyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov va Shvetsiyaning Xalqaro hamkorlik va oliy taʼlim boʻyicha fondi bosh ilmiy xodimi, doktor Said Irandust oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida Eldor Tulyakov mehmonni Markaz faoliyati, uning asosiy ish yoʻnalishlari hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va ustuvor maqsadlari bilan tanishtirdi.

Said Irandust ayni vaqtda Markaziy Osiyo mamlakatlari strategiyalari boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borayotgani hamda Shvetsiyadan Oʻzbekistonga investitsiya jalb qilish va shved tadbirkorlarining mamlakatimizga qiziqishini oshirish imkoniyatlarini oʻrganayotganini maʼlum qildi.

Uchrashuvda Markaz bilan qoʻshma loyihalar, ilmiy tadqiqotlar va tadbirlarni amalga oshirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Xorijiy ekspert Markazning davlat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini inobatga olgan holda, Oʻzbekistonda taʼlim sohasida faoliyat yurituvchi davlat idoralari bilan hamkorlik oʻrnatishda Markaz koʻmagidan foydalanish istagini bildirdi.

Suhbat davomida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga alohida eʼtibor qaratildi. Said Irandust strategiyaning maqsad va ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Markaz bilan hamkorlikda tahliliy ishlar olib borish hamda ular asosida tegishli sohalarni rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishga tayyorligini taʼkidlab oʻtdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy-tadqiqot va tahliliy yoʻnalishlarda hamkorlik qilish, qoʻshma loyihalar va tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Matbuot xizmati