• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ANDIJON VILOYATIDA MAHALLIY NNTLARNING DAVLAT DASTURLARIDAGI ISHTIROKINI OSHIRISH MASALALARI

 “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 21–25-sentabr kunlari Andijon viloyatida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda davlat dasturlarida belgilangan maqsad va vazifalarning amalga oshirilish holati o‘rganilmoqda. O‘rganishlar doirasida belgilangan vazifalar ijrosi, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar tahlil qilinmoqda.

Ushbu jarayonda davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining faolligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda Andijon viloyati hokimligida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida davra suhbati tashkil etildi.

Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mas’ul xodimlari, xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputatlari, viloyat adliya boshqarmasi mas’ullari, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida mahalliy NNTlarni davlat dasturlari ijrosini o‘rganish jarayonlariga keng jalb qilish, ularning faolligini oshirish hamda bu yo‘nalishda ishtirok etayotgan tashkilotlar sonini bosqichma-bosqich oshirib borish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i To‘lqin Tursunov mahalliy NNTlarning davlat dasturlari hamda strategik rejalashtirish hujjatlarini amalga oshirishdagi ishtirokini kengaytirish va rolini kuchaytirishning dolzarbligi haqida ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, NNTlarning davlat dasturlari ijrosini o‘rganish jarayonlaridagi ishtiroki jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, hududlardagi sohaviy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan mahalliy nodavlat tashkilotlarining bu boradagi faolligini oshirish zarurligi qayd etildi.

Andijon viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akmaljon Azimov davlat dasturlari amalga oshirilishini o‘rganishga NNTlarni jalb qilish va ularning faolligini oshirish masalalari yuzasidan fikr bildirdi.

Muloqot davomida davlat organlari va NNTlar vakillari o‘rtasida fikr-mulohazalar almashilib, savol-javoblar o‘tkazildi. Tadbir yakunida sohadagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, shuningdek, NNTlar faolligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati