• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XITOYDA TAʼLIM OLISH UCHUN QANDAY IMKONIYATLARGA EGAMIZ?


O‘z oldiga o‘qish, bilim olish, muayyan tilni puxta egallash orqali yetuk mutaxassis bo‘lishni maqsad qilgan yoshlar oramizda kam emas. Buni Xitoyning birgina Tzyansu provinsiyasida O‘zbekistondan 800 nafardan ortiq talabalar tahsil olayotgani ham ko‘rsatib turibdi. Ularning 727 nafari bakalavr bosqichi talabalaridir. Umuman, aholisi 80 mln.dan ortiq bo‘lgan provintsiyada 159 ta oliy ta’lim muassasalari faoliyat olib boradi.

Ma’lumki, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi faoliyatida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy hamda ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim o‘rin tutadi. Bunda markaz hamda Xitoyning «Salom, Xitoy» yoshlar rivojlanishi bo‘yicha xalqaro alyansi («Hi China International Youth Development Alliance») o‘rtasidagi samarali hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu hamkorlik natijasida yaqinda «President X» loyihasi muvaffaqiyat bilan amalga oshirilgan edi.

Navbatdagi loyiha ham dolzarbligi va amaliy ahamiyati bilan ko‘pchilik talaba yoshlarimiz e’tiborini o‘ziga qaratdi.

Zero «Taraqqiyot strategiyasi» markazi taklifiga binoan, Xitoyning Tzyansu provinsiyasdagi yirik va nufuzli 19 ta oliy o‘quv yurtidan akademik, professor va tadqiqotchilar guruhi mamlakatimizga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida markaz majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi bir qator universitet va institutlar vakillari hamda talabalar uchun delegatsiya a’zolari va yurtimizdagi Xitoy elchixonasi mas’ul xodimlari tomonidan taqdimot tadbiri o‘tkazildi.

Unda yurtimiz talabalarining Xitoy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish hamda malaka oshirishi kabi masalalar bo‘yicha mavjud imkoniyatlar xususida batafsil axborot berildi.

Lyu Si xonim, «Hi China» yoshlar ittifoqi prezidenti:

– Xitoyda ta’lim olish juda qadrlanadi. Yurtimizdagi bir qancha universitetlar, allaqachon xalqaro darajadagi oliygohlar qatorida e’tirof etiladi. Shu bois, o‘ylaymanki, O‘zbekiston bilan sohadagi hamkorlik avvalo, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini oshiradi.

Tzyansu Xitoyning eng rivojlangan provintsiyalaridan biri. Bu yerdagi mavjud oliy ta’lim muassasalarining vakillari sifatida keldik. Maqsadimiz, o‘zbek talabalarini o‘zimizdagi ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishtirish.

Universitetlarimizda o‘qishning asosiy uchta yo‘li bor. Birinchisi – 4 yillik bakalavr va 2 yillik magistraturadan iborat to‘liq o‘quv dasturi. Ikkinchisi – bir yillik ta’lim. Uchinchisi – Xitoyda til o‘rganish. Barchasida stipendiya olish imkoniyati mavjud.

Shuni aytish joiki, biz universitetlarimizning filiallarini ochish hamda mahalliy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilishga doim tayyormiz.

Shi Syuechin, Changdjou universiteti vakili:

– Faoliyatimning asosini xorijlik talabalar bilan ishlash tashkil etadi. Universitetimizda 100 ga yaqin o‘zbekistonlik talabalar tahsil olishadi. Ular bilan albatta, do‘stona munosabatdamiz.

Shu bois, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan tashkil etilgan bugungi taqdimotdagi ishtirokim ham ularning e’tiboridan chetda qolmadi. Umid qilamanki, o‘zim bilan olib kelgan targ‘ibot vositalarim, alohida tayyorlangan videorolik ishtirokchilarga ma’qul bo‘ldi. Ular bilan yo‘ga qo‘yilgan muloqot universitetimizda O‘zbek talabalari soni ortishiga xizmat qilishidan umidvorman.

Djou Shidzen, Tzyansu universiteti vakili:

– Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi aloqalar shiddat bilan rivojlanmoqda. Tzyansu provinsiyasida talabalar almashinuvi dasturini muvaffaqiyatli amalga oshiruvchi ko‘plab universitet va kollejlar bor. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgani bois, Tzyansu provinsiyasida o‘zbek talabalari soni tobora ortib bormoqda.

Hozirda bizning universitetda 10 dan ortiq, umuman, Tzyansu provinsiyasida esa 827 nafar o‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda. Bu ko‘rsatkich yil sayin ortib bormoqda.

Bugungi tadbir O‘zbekiston talabalari uchun Xitoydagi, ayniqsa, Tzyansu provinsiyasi ta’lim tizimi haqida keng ma’lumot beradi. O‘ylaymanki, kelajakda o‘rtamizda talabalar almashinuvi yanada rivoj topadi, taraqqiy etadi.

Ma’lumki, 2017–2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida mamlakat taraqqiyotining asosiy omili bo‘lgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, oliy ta’lim tizimi tubdan isloh qilinib, mutaxassislarning zamonaviy talablar asosida bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Dunyo bo‘yicha yetakchi oliy o‘quv yurtlarining O‘zbekistonda filiallari ochilmoqda. O‘z navbatida, xorijda ta’lim olish imkoniyatlari kengaydi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazining bu tashabbusi ushbu imkoniyatdan unumli foydalanish istagida bo‘lgan yoshlar uchun, ayniqsa ahamiyatlidir. Zero, taqdimotlar orqali talabalar bevosita Xitoy vakillaridan o‘qish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishdilar. Muloqotlar davomida o‘zilarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati