
Serik JUMANGARIN
Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri:
– Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabat rivojlanishida asosiy omil – bu davlat rahbarlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlardir. Bu – doimiy uchrashuvlar natijasi. Oʻzbekiston Prezidentining mamlakatimizga amaliy tashrifi doirasida hamkasbim – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari bilan Olmaota shahrida ishchi uchrashuv oʻtkazildi.
Hozirgi kunda biz amalga oshirayotgan loyihalarning umumiy qiymati 7 milliard dollardan oshadi. Shundan deyarli 4,5 milliard dollari investitsiya loyihalari hisoblanadi. Ikki tomonlama loyihalarimiz jadal rivojlanmoqda. Jumladan, Qozogʻiston investitsiyalari Oʻzbekistonda 100 million dollar atrofida ekani hamkorligimizning yaqqol namunasidir.
Eng avvalo, investitsiya qilinayotgan qishloq xoʻjaligi sohasidagi loyihalar xususida gapirmoqchiman. Masalan, Oʻzbekistonning “Magnat” kompaniyasi katta – besh ming kishini ish bilan taʼminlaydigan kombinat qurmoqda. “Global Textile” kompaniyasi Turkiston viloyatiga kirdi, u yerda paxtani qayta ishlash, toʻqimachilik va ip ishlab chiqarish boʻyicha fabrika quradi.
Shunday yirik loyihalar sifatida bazalt tolasi ishlab chiqarish boʻyicha katta korxona qurilganini ham alohida qayd etish kerak. Shuningdek, “Pop – Qoʻqon – Andijon” temir yoʻl yoʻnalishida signalizatsiya tizimi oʻrnatilmoqda. Bu ishni Qozogʻiston kompaniyasi amalga oshirmoqda. “QazaqGaz” va “Oʻzbekneftgaz” oʻrtasida qoʻshma geologik-qidiruv ishlari olib borilmoqda. Bunday loyihalarimiz esa juda koʻp.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasi oʻsishi uchun, avvalo, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish zarur. Bu haqda muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham oʻz nutqida taʼkidladi. 2030-yilgacha savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi. Buni amalga oshirish uchun nima qilish kerak? Eng avvalo – kooperatsiya kerak. Yangi turdagi mahsulotlarni birgalikda izlab topish va ularni eksportga yoʻnaltirish lozim.
Bizda “UzKazTrade” nomli qoʻshma savdo kompaniyasi mavjud. Uni qoʻshimcha kapital bilan taʼminlashga kelishib oldik, endi tashkilot xalqaro bozorlardan mablagʻ jalb qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Oldinda bizni don va guruchni chuqur qayta ishlash, kimyo sanoatiga oid zavodlar qurish kabi yirik loyihalar kutmoqda.
Umuman olganda, bugungi kunda oʻzaro munosabatlar juda yuqori surʼatlarda rivojlanmoqda. Ishonchim komilki, yaqin yillarda biz bu borada yanada katta natijalarga erishamiz. Oʻzbekistonlik hamkasblarimiz yutuqlaridan nihoyatda mamnunmiz.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoni Oʻzbekistonning faol rivojlanishisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Qozogʻistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan boʻlgan savdo aylanmasining 54 foizi Oʻzbekistonga toʻgʻri keladi. Demak, bizning asosiy hamkorimiz – bu Oʻzbekiston.
Dinamik tarzda rivojlanayotgan diyoringiz investitsiyalarni jalb etish va ilm-fan taraqqiyoti markaziga aylanmoqda. Ayniqsa, inson kapitali va gumanitar sohalar ham ijobiy oʻzgarishlarga yuz tutmoqda. Bundan tashqari, madaniy aloqalarimiz ham kengaymoqda. Bu, albatta, hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyati olib borayotgan oqilona siyosat natijasidir.
Manba: OʻzA