• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

2019-YIL SARHISOBI: 13 044 NAFAR XOTIN-QIZLAR DOIMIY ISH BILAN TA’MINLANDI, YANA 5690 NAFARIGA 143,1 MLRD SO‘M KREDIT AJRATILDI


2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy tomondan yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 167-170 bandlarda qator vazifalar belgilangan edi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markaziga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosari hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan 2019-yil 9-yanvarda “Respublika hududlarida 2019-yilda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa yosh xotin-qizlar bandligini ta’minlash” Dasturi tasdiqlangan.

Shundan kelib chiqib, 2019-yilda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash maqsadida hududiy dasturlar kesimida 13 044 nafar ayol va yosh qizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dasturi tasdiqlangan.

2019-yilning yanvar-dekabr oylari davomida og‘ir turmush sharoitida yashovchi xotin-qizlardan 13 044 nafarining (100%) bandligi ta’minlandi. Shundan, 475 nafari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida ishga tushayotgan korxonalarda yaratilayotgan ish o‘rinlariga, 4 283 nafari mavjud korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga, 386 nafari kvota ish o‘rinlariga, 339 nafari hunarmandchilik yo‘nalishida, 525 nafari oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida, 365 nafari homiylar hisobidan shaxsiy va yordamchi xo‘jaligida chorvachilik, asalarichilik, quyonchilik, issiqxona va boshqalarni tashkil qilish hisobiga, 4 001 nafar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga va 2 670 nafari boshqa yo‘nalishlarida bandligi ta’minlandi.

VMning 2018-yil 12-apreldagi “Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uylarni berish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan uy-joyga muhtoj og‘ir turmush sharoitidagi va nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning ro‘yxatlari shakllantirildi hamda tuman, shahar hokimliklarida tashkil etilgan maxsus Komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqildi. Komissiyalar hulosasi natijasida Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 1 493 ta arzon uy-joylar uchun 26 mlrd. 277 mln. so‘m miqdorida boshlang‘ich badallari o‘tkazib berildi.

Xotin-qizlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish maqsadida Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi orqali ajratilgan resurs mablag‘lari hisobidan, joriy yilning yanvar-mart oylari davomida tijorat banklari tomonidan 5690 nafar xotin-qizlarga 143 mlrd. 102 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.

2019-yilda xotin-qizlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish va oiladagi nizoli vaziyatlarning barvaqt oldini olish borasida 197 ta tumanda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu markazlarga o‘tgan davr mobaynida 20 556 nafar xotin-qizlar murojaat etgan. Murojaatchilarning 3 063 nafariga tibbiy, 6 600 nafariga psixologik, 4 021 nafariga huquqiy yordam ko‘rsatilib, 2 330 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, 1 513 nafar xotin-qizlarga kredit olishga ko‘maklashildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati