• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MATILDA DIMOVSKA: ADVOKATLAR MUSTAQILLIGINI TA’MINLASH HAM MUHIM

2020-yilning 15-yanvar kuni Oliy sud, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar Koordinatori tomonidan xalqaro anjuman tashkil etildi. Ushbu davra suhbati Davlat rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida aks etgan ustuvor yo‘nalishlar muhokamasiga bag‘ishlandi.

Quyida tadbirda ishtirok etgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaning fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.

- BMTning Taraqqiyot dasturi nomidan tashkilotimiz O‘zbekistonda hozirda sud-huquq ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ma’lumki, O‘zbekiston hukumati va Oliy sud bilan bir necha yo‘nalishlarda sudyalarning mustaqilligi, sud tizimining shaffofligi va sud vakolatlari yuzasidan keng ko‘lamda ishlar olib borayapmiz, USAID va Yevropa Ittifoqi bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz. Demak sud tizimining mustaqilligini ta'minlash ham bizning hamkorligimiz doirasida nihoyatda ustuvor vazifa hisoblanadi.

Aytishim kerakki, tizimda yanada takomillashtirilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar ham mavjud. Avvalambor, bu inson huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyalarning me’yor va normalarini mamlakatda yanada to‘laqonli amalga oshirilishi masalasi, bunda advokatlar mustaqilligini ta’minlash ham juda muhim. Bundan tashqari, sud tizimida cheklovlar va muvozanat tizimini amalga tadbiq etish ham dolzarb hisoblanadi.

Ma’lumki, BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi natijalari bo‘yicha maxsus hisoboti 2020 yilning iyun oylarida chop etilishi kutilmoqda. O‘ylaymizki, ushbu hisobot sud organlari mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning mustahkam zamini bo‘lib xizmat qiladi.