• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

2019-YIL SARHISOBI: OʻZBEKISTON TURKIY TILLI DAVLATLAR HAMKORLIGI KENGASHI AʼZOSIGA AYLANDI


2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha hisobot davrida quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Fuqarolar, millatlar, konfessiyalar oʻrtasida tinchlik va totuvlikni mustahkamlash sohasida

– Milliy madaniyat markazlari va doʻstlik jamiyatlarining rolini, shuningdek, ularning jamoatchilik hayotidagi ishtirokini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi (jami 141 ta tadbir) tasdiqlandi;

– Millatlararo totuvlik prinsiplarini qaror toptirishda mintaqa mamlakatlari bilan tizimli hamkorlik oʻrnatish, Markaziy Osiyoda millatlararo keskinlik tahdidlariga birgalikda qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi;

– Oʻtgan yilning 15 noyabr kuni Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlar ekspertlari va olimlari ishtirokida “Markaziy Osiyo – umumiy uyimiz” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Bir qator muhim xalqaro tadbirlar oʻtkazildi

– 2019-yilda Oʻzbekistonda bir qator muhim xalqaro tadbirlar, shu jumladan, “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali”(5-10 aprel, Termiz shahri), “Sharq taronalari” (20-26 avgust, Samarqand shahri) va “Birinchi xalqaro amaliy sanʼat” (10-15 sentabr, Qoʻqon shahri) festivallari oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashi aʼzosiga aylandi

– Davlatimiz rahbari 2019-yil 14-sentyabrda Oliy Majlis Senatining 22-yalpi majlisida maʼqullangan “Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009-yil 3-oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Mazkur bitimga Ozarboyjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya davlatlari aʼzo hisoblanib, “Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Bitim” 2009-yilning 3-oktabrida Naxichevan shahrida davlat rahbarlari tomonidan imzolangan edi.

Chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat

– Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi konsullik muassasalari Oʻzbekiston fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Rossiya va Qozogʻiston davlatlaridagi Oʻzbekiston konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha attashe lavozimi joriy qilindi;

–  “Interaktiv konsullik xizmatlari” axborot tizimining yangi shakli tatbiq qilinib, Rossiya Federatsiyasidagi fuqarolarimiz uchun “call-center” xizmati joriy etildi;

– Oʻzbekistonning koʻplab mehnat migrantlari faoliyat yuritayotgan shaharlarda (Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg, Qozon, Rostov–Don, Yekaterinburg, Vladivostok va Qozogʻistonning Aktau shaharlarida) konsullik muassasalari ishga tushirildi.