• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

2019-YIL SARHISOBI: 2018-2019 OʻQUV YILIDA 2502 NAFAR MAKTAB BITIRUVCHISI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLANDI


2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarining Xalq taʼlimi tizimini takomillashtirish sohasi boʻyicha hisobot davrida quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Xalq taʼlimi tizimini isloh etish borasida ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqi miqdoriga bogʻliq boʻlmagan holda oʻqituvchilarning ish haqi sezilarli ravishda oshirilishi yuzasidan choralar koʻrildi.

2019-yilda xalq taʼlimi tizimiga Davlat byudjetidan 16,4 trln. soʻm (2018-yilda 11,8 trln. soʻm) mablagʻ ajratilib, mazkur mablagʻlarning 15,2 trln. soʻmi (2018-yilda 11,02 trln. soʻm) ushbu tizim xodimlarining ish haqini toʻlashga yoʻnaltirildi.

Ikki bosqichdan iborat boʻlgan oʻqituvchilarning ish haqini oshirish jarayoni natijasida 2018-yil 1-sentyabrdan va 2019-yil 1-yanvardan boshlab oʻqituvchilarning ish haqi 1,5 marotaba oshirilib, ularning oʻrtacha oylik ish haqi 1 440 131 soʻmdan 2 037 040 soʻmga koʻtarildi.

Mehnat faoliyatini olib boruvchi oʻqituvchilarga nafaqani toʻliq miqdorda toʻlash yoʻlga qoʻyilishi natijasida 1 000 dan ortiq ishlamaydigan pensionerlar xalq taʼlimi tizimiga qaytdi.

Oʻqituvchi kasbi maqomini oshirish yuzasidan koʻrilgan choralar natijasida xalq taʼlimi tizimiga 12 871 nafar erkak oʻqituvchilar qaytib keldi hamda 133 320 ni tashkil etdi, bu koʻrsatkich umumiy oʻqituvchilar sonining 30 foizini tashkil etadi (445 608 nafar).

Oʻqituvchilar hisoboti 7 tadan 3 taga qisqartirildi.

2019-yilda barcha maktablar 11 yillik taʼlim tizimiga toʻliq oʻtdi. Buning uchun 10-11 sinflar uchun 18,7 mln. nusxada kitoblar chop etildi, 40 mingdan ziyod oʻqituvchilar ishga olindi, 33 ta yangi maktab qurildi, 623 tasi rekonstruksiya qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbus doirasida “Kitob hadyasi – Book challenge” ijtimoiy aksiyasi ishga tushirildi hamda ushbu ijtimoiy aksiya qisqa muddat mobaynida maktablarning kutubxona fondi 450 mingdan ziyodroq kitoblar bilan boyitilishiga sabab boʻldi. 

Maktablarga koʻmaklashish oʻziga xos milliy harakatga aylandi, barcha davlat dasturlari doirasida, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlari qoʻllab quvvatlashi doirasida:

2864 maktabda isitish tizimi yaxshilandi;

493 maktablarning atrofi oʻraldi;

173 maktab ichimlik suv bilan taʼminlandi;

175 maktabda oshxonalar qurildi;

579 maktabda hojatxonalar qurildi;

181 maktabda kanalizatsiya tizimi taʼmirlandi.

2018-2019 oʻquv yilining natijalariga koʻra 2 502 nafar maktab bitiruvchisi oltin medal va 2 555 nafar oʻquvchi kumush medal bilan taqdirlandi.

Zamonaviy mehnat bozorida ehtiyojga ega boʻlgan kasblarning soni 51 dan 77 gacha (veb-uslubchisi, 3D-animator, imidjmeyker, landshaft dizayneri, brend menejeri va boshqa) oshirilib, maktablarda oʻquv ishlab chiqarish majmualarida ularga oʻqitish tizimi joriy etildi.

Hisobot davrida 2018-yilga nisbatan nemis tilini oʻqituvchi maktablar soni 54 taga (2018-yilda 1 623 maktab), fransuz tilini oʻqituvchi maktablar soni 44 taga (2018-yilda 1 143 maktab) oshdi.

Davlat xizmatlari markazlari shuningdek Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) oʻquvchilarni birinchi sinfga qabul qilishni orqali sinov tariqasida Toshkent shahridagi 81 ta maktabda tashkil etildi (2019-yil 10-iyul holatiga 2 883 ta yoʻllanma berildi).

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbus doirasida maktablarning kutubxona fondi 16,3 mln. donadan 18,6 mln. dona kitobga boyitildi.

Mavjud maktablarni talab darajasida rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha uch yillik investitsiya loyihalari ishlab chiqildi.