• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

O‘ZBEKISTON-ITALIYA: O‘ZARO HAMKORLIK KENG QULOCH YOYMOQDA

2020-yil 7-fevral kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Andrea Bertotsi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, Italiya elchixonasi va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi o‘rtasida savdo-sotiq, boshqaruv, investitsiya, madaniyat va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Xususan, elchi A.Bertotsi 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayoniga katta qiziqish bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarining ochiqligi, yashash joyidagi odamlarni ro‘yxatga olish va respublikada yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolikni berish sohasidagi islohotlar haqida o‘zining ijobiy fikrlarini bildirdi.

Uchrashuvda elchi Italiyaning bir qator tahliliy markazlari: Osiyo va Afrika O‘rta yer dengizi instituti (ISMAA), Eurispes siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar instituti va Yevropa Ambrozetti uyi bilan «Taraqqiyot strategiyasi» markazi o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori baholadi.

Bundan tashqari, elchi O‘zbekiston bilan madaniyat sohasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, O‘zbekistonda muzeylarni rivojlantirish va Italiyada o‘zbek milliy restoranlarining ochilishiga qiziqish bildirdi. Bu, uning fikricha, ikki xalq o‘rtasidagi o'zaro hamkorlikni kengaytirish va Italiyadan O‘zbekistonga sayyohlarni jalb etishga yordam beradi. Shu bilan birga, elchi O‘zbekistonda boshqaruv masalalari bo‘yicha yirik kompaniyalar uchun bir qator seminarlar o‘tkazish maqsadga muvofiqligini, shuningdek, turizm sohasini diversifikatsiya qilish ham muhim ekanligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Uchrashuv yakunida elchi A.Bertotssi Harakatlar strategiyasining amalga oshishida muvaffaqiyatlar tilab, Italiya elchixonasi va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi o‘rtasida yanada samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati