
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 24-26-fevral kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining oʻrinbosari U.Abidxoʻjayev va Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti markazi rahbari B.Mustafoyevdan iborat Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Germaniya Federativ Respublikasida ishchi tashrif bilan boʻlib, Berlin shahrida qator uchrashuvlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarda ishtirok etishdi.
Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad – Oʻzbekiston Prezidentining Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, shuningdek, mamlakat taraqqiyoti yoʻlida va tashqi siyosatida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalari haqida nemis jamoatchiligini xabardor qilish, oʻz navbatida, Oʻzbekiston-Germaniya hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlari, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, mintaqaviy va global savdo-iqtisodiy tuzilmalar bilan hamkorlik qilishning dolzarb masalalarini muhokama qilishdan iborat boʻldi.
OʻZBEKISTON-GERMANIYA HAMKORLIGIDA GERMANIYA IQTISODIYOTI SHARQIY QOʻMITASINING SALMOQLI HISSASI BOR
Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz uchrashuvlarini 25-fevral kuni Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Eduard Kinsbruner bilan muloqotdan boshladi.

Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi – nemis korxonalari uyushmalarini birlashtiruvchi muassasa hisoblanadi. Qoʻmita 1952-yildan buyon Rossiya, Belarus, Ukraina, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Janubiy-Sharqiy Yevropa bozorlarida nemis kompaniyalari manfaatlarini himoya qilib keladi. Ushbu tashkilot Germaniyaning iqtisodiyot va siyosat sektorlari oʻrtasida vositachi vazifasini bajaradi. Sharqiy qoʻmita Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa davlatlari bilan mustahkam aloqa oʻrnatgan boʻlib, davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasidagi rasmiy muloqotni muvofiqlashtirib boradi hamda ushbu mintaqalar uchun eng dolzarb maʼlumotlar toʻplamini ishlab chiqadi.

Uchrashuv avvalida janob Kinsbrunerga Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qatʼiy yangilanish va islohotlar, ayniqsa, iqtisodiyotni erkinlashtirish, xorijiy investorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratish, ularning faoliyatini ragʻbatlantirish va himoya qilishga qaratilgan salmoqli saʼy-harakatlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, biznes rivoji yoʻlida qabul qilinayotgan zarur normativ-huquqiy hujjatlar, investorlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar, bu boradagi tobora mustahkamlab borilayotgan huquqiy baza hamda Oʻzbekiston rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida joriy yilda amalga oshirilishi nazarda tutilayotgan chora-tadbirlarning mazmun va mohiyati, ulardan kutilayotgan natijalar xususida batafsil soʻz bordi.
Oʻz navbatida, janob Kinsbruner Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, Germaniya iqtisodiyoti sharqiy qoʻmitasi ikki davlat orasidagi samarali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni, shuningdek, mintaqaviy va global savdo-iqtisodiy tuzilmalar bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlashda har qanday koʻmakka tayyor ekanini maʼlum qildi.
Maʼlumot oʻrnida: Oʻzbekistonda Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi kunda mamlakatda germaniyalik ishbilarmonlar ishtirokidagi 130 dan ortiq kompaniya faoliyat koʻrsatmoqda.
Ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 2018-yilda 772 million AQSH dollaridan ortgan boʻlib, bu 2017-yildagi 619,9 million dollarga nisbatan 24,5 foiz koʻp, demakdir. Oʻtgan 2019-yilda esa, bu koʻrsatkich 980,1 million dollarga yetdi va 2018-yilga nisbatan 27 foiz oʻsishga erishildi.
HUKUMAT OʻZBEKISTONGA YANADA KOʻPROQ INVESTORLARNI JALB ETISHNI XOHLAYDI
25-fevral kuni delegatsiya aʼzolari Sharqiy Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazida (ZOiS) shu “Yangi Oʻzbekiston sari yoʻl” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida oʻz ishlarini davom ettirishdi.
Sharqiy Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazi Germaniya Bundestagi qarori bilan tashkil etilgan. Markaz mustaqil xalqaro va fanlararo ilmiy-tadqiqot instituti boʻlib,Davra Sharqiy Yevropada ijtimoiy ahamiyatga ega tadqiqotlar bilan shugʻullanadi va faoliyat natijalari OAV orqali keng targʻib qilib boriladi. ZoiS Fond kengashi olimlar va siyosatchilardan iborat. Bundan tashqari, xalqaro ilmiy kengash turli masalalar yuzasidan Markaz rahbariyatiga maslahat berib boradi.

Davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari Eldor Tulyakov “Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlar samarasi va 2020-yildagi rejalar” mavzusida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning asosiy yoʻnalishlari, erishilgan yutuq va marralar haqida taqdimot oʻtkazdi.
Oʻz navbatida, maʼruzachi Germaniya ishbilarmon doiralari mamlakatning investitsion jozibadorligi haqida toʻliq maʼlumotga ega emasligini, Oʻzbekiston hukumati mamlakatga yana-da koʻproq nemis investorlarini jalb etishni xohlashini, bu omil har ikki davlat uchun ham manfaatli ekanini qayd etdi.
– Germaniya dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatorida boʻlib, ulkan savdo-iqtisodiy resurslar, keng investitsion salohiyat va ilgʻor texnologik ishlanmalarga ega davlat hisoblanadi, – dedi jumladan Eldor Tulyakov. – Oʻzbekistonning boy tabiiy resurslari, yuqori darajadagi inson kapitali, uning tarmoqlangan infratuzilmasi, qulay investitsiya muhiti Germaniya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda eng qulay geosiyosiy joylashuvi hamda ijtimoiy-siyosiy va makroiqtisodiy barqarorligi bilan ham ajralib turadi. Shulardan kelib chiqib, germaniyalik ishbilarmonlar Oʻzbekistonning iqtisodiyot tarmoqlarini texnik va texnologik jihatdan modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashga yoʻnaltirilgan faoliyatida eng yaqin va ishonchli hamkor sifatida faol ishtirok etishadi, degan umiddamiz.
Tadbirda, shuningdek, oʻzbekistonlik mehmonlar tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida, avvalo, fuqarolar manfaatlari mujassam ekani alohida eʼtirof etildi. Hukumat va xalq oʻrtasidagi muloqotning mustahkamlanib borayotgani aholining siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston fuqarolari siyosat, iqtisodiyot, ekologiya va madaniyat sohalarida barcha qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilishda faol ishtirok etmoqdalar. Oʻzbekiston iqtisodiyotini raqamlashtirish borasidagi dadil qadamlar esa, nafaqat iqtisodiyotni rivojlantirishni cheklovchi omillar – korrupsiya va byurokratiyani bartaraf etish, balki aholining iqtisodiy faolligi va investitsiyalar oqimini oshirishga, yangi ish oʻrinlarini yaratishga ham yordam beradi.
Yuqoridagi uchrashuvlarni xalqaro OAV vakillari ham katta qiziqish bilan kuzatishdi va yoritib borishdi. Masalan, Deutsche Welle nashri Oʻzbekiston hukumati oʻz hududida nemis investorlarini koʻproq koʻrishni istashi, davlat hisobidan xorijda oʻqiyotgan talabalar, soʻnggi 3 yilda amalga oshirilgan islohotlar, korrupsiyaga qarshi kurash, davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqot haqida tahliliy material eʼlon qildi.
IQTISODIY-SIYOSIY JARAYONLARGA OID MASALALAR MUHOKAMASI
25-fevral kuni kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Iqtisodiyot va tashqi savdoni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Federal uyushma (BWA) boshqaruvi raisi Mixael Shumann hamda Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi fond vakillari bilan ham alohida muzokaralar oʻtkazishdi. Muloqotlar davomida Oʻzbekistonda roʻy berayotgan iqtisodiy va siyosiy jarayonlarga doir keng koʻlamli masalalar yuzasidan amaliy fikrlar almashildi.
Iqtisodiyot va tashqi savdoni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Federal uyushma (BWA) mintaqaviy uyushmalar va iqtisodiy klublarga boʻlinadi. Klublarga ayni shu hudud vakillari rahbarlik qilishadi. Iqtisodiy klublar boshqaruvi uyushma maqsadlarini amalga oshirish uchun masʼuldir. Boshqaruvchilar uyushma tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarni muvofiqlashtiradi. Uyushma faoliyati siyosiy faollarning hamkorligiga bogʻliq boʻlib, iqtisodiyot va jamiyatning barcha sohalarida faoliyat yuritayotganlarga oʻz xizmatlarini koʻrsatib keladi. Federal uyushma oʻz oldiga mahalliy, mintaqaviy, federal va xalqaro miqyosda iqtisodiyot rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshish, jumladan, siyosatchilar, ishbilarmonlar, jamiyat vakillarini bir davra atrofida birlashtirish va global tarmoqni yaratishni maqsad qilib qoʻygan.
Uyushma Jon Kennedining ushbu mashhur iborasini oʻziga shior qilib olgan: “Sizning mamlakatingiz siz uchun nima qila olishini soʻramang. Yaxshisi, mamlakatingiz uchun siz nima qila olishingizni soʻrang”.
F.Eberta nomidagi fond esa, Germaniyadagi yirik siyosiy jamgʻarmalardan biridir. U Germaniyaning amaldagi koalitsion hukumati tarkibiga kiruvchi Germaniya sotsial-demokratik partiyasiga yaqin hisoblanadi. Fond 1925-yil 2-martda Veymar Respublikasining birinchi prezidenti va sotsial-demokratik harakat rahbari F.Ebert sharafiga tashkil etilgan. U asosan iqtidorli bolalarni oliy oʻquv yurtlarida oʻqitishni ragʻbatlantirish bilan shugʻullanadi. Hozirgi vaqtda fond GFR hududida, shuningdek uning tashqarisida ham nufuzli ijtimoiy-siyosiy tashkilot maqomiga ega. U davlat tomonidan moliyalashtirilsa-da, huquqiy jihatdan jamoatchilik tashkiloti sifatida faoliyat koʻrsatadi va uning bu maqomi Germaniya tashqi siyosatida muhim rol oʻynaydi. Jamgʻarma 100 dan ortiq mamlakat bilan hamkorlik qiladi va uning vakolatxonalari 80 ga yaqin davlatda ish olib bormoqda.
Konrad Adenauer nomidagi fond Xristian-demokratik ittifoq tomonidan tashkil etilgan va Germaniyaning eng yirik siyosiy fondi hisoblanadi. Fond 1956-yilda urushdan keyingi birinchi Germaniya kansleri K.Adenauer tashabbusi bilan tashkil etilgan va 1964-yildan uning nomi bilan atalib kelmoqda. Fond boshqaruvi raisi – sobiq Bundestag prezidenti N.Lammert hisoblanadi. Boshqaruv tarkibida Germaniya kansleri A.Merkel ham bor. Hozigi kunda fond 200 dan ortiq loyihani hayotga tatbiq etib kelayotgan 120 ta davlatda oʻz vakolatxonalariga ega. Faoliyatining asosiy yoʻnalishlari –davlatga fuqarolarning siyosiy bilimini oshirishda koʻmaklashish, tahliliy tadqiqotlar oʻtkazish va konsultatsiya vositasida siyosiy prinsiplarni ishlab chiqish, xalqlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida uchrashuvlarni tashkil etish, rivojlanayotgan davlatlar yoshlarining tadqiqotlarini qoʻllab-quvvatlash, madaniyat va sanʼatni ravnaqi yoʻlida koʻmaklashishdan iborat. Fond Oʻzbekistonda 1993-yil Sankt-Augustinada (GFR) imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va K.Adenauer nomidagi fond rahbariyati oʻrtasida umumiy kelishuv” asosida 1994-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda.
GERMANIYALIK MUTAXASSISLARNI NIMALAR QIZIQTIRDI?
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari 26-fevral kuni Germaniyaning fan va siyosat jamgʻarmasi – xalqaro siyosat va xavfsizlik instituti rahbari, professor Folker Pertes bilan uchrashdilar.

Germaniyaning fan va siyosat jamgʻarmasi – xalqaro siyosat va xavfsizlik instituti (SWP) salkam 60 yillik faoliyati davomida xalqaro siyosat va xavfsizlik muammolarini oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazib kelmoqda. Ushbu markaz 1965-yillardayoq hukumat, GFR Tashqi ishlar vazirligi hamda Germaniya Bundestagining eng ishonchli va asosiy tahlil markazlaridan biriga aylangan. Shu bois markazga GFR hukumatining maxfiy va konfidensial xarakterdagi hujjat va axborotlarini olish huquqi berilgan.
Mazkur uchrashuvda institut vakillari 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamasi qanday oʻtgani, bunda fuqarolar ishtirokining faolligi, ulardan qanday taklif-mulohazalar kelib tushgani, bu jarayonda “Taraqqiyot strategiyasi” markazining oʻrni va roli haqida maʼlumotlar olishga qiziqish bildirishdi.
Suhbat davomida germaniyalik mutaxassislar mamlakatda davlat boshqaruvi organlari faoliyatida yuz berayotgan ochiqlik va shaffoflik hamda soʻz erkinligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qolaversa, mintaqaviy hamkorlik masalalarida Oʻzbekiston yaxshi oʻrnak boʻlayotgani haqida oʻzlarining iliq fikrlarini bildirishdi.
HAR TOMONLAMA ALOQALAR YANADA MUSTAHKAMLANADI

Delegatsiya aʼzolarining Germaniya Federeativ Respublikasiga tashrifi 26-fevral kuni Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasida tashkil etilgan davra suhbati bilan yakunlandi. “Forum Neue Seidenstrasse e.V.” (FNS) hamda “Go East Generationen e.V.” (GEG) bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda 200 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Davra suhbati ochiq muloqot, savol-javoblar va samimiy suhbat shaklida, konstruktiv ruhda oʻtdi. Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar samarasi va 2020-yilgi rejalar haqidagi taqdimotdan soʻng, delegatsiya aʼzolari germaniyalik hamkorlarning turli sohalardagi koʻplab savollariga atroflicha javoblar qaytarishdi.

Xususan, mamlakatda oʻtgan yil oxirida boʻlib oʻtgan “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostidagi saylovlarning tashkiliy-huquqiy jihatlari, ushbu siyosiy jarayonning xalqaro talablar darajasida yuqori saviyada oʻtkazilgani diqqat markazida boʻldi.
Shu bilan birga, muzokaralarda iqtisodiy, siyosiy, geosiyosiy masalalar oʻzaro muhokama qilindi.
Tadbir qatnashchilari islohotlar nafaqat poytaxtda, balki mamlakatning chekka hududlarida qanday amaliy natijalar berayotgani bilan ham qiziqishdi.
Bundan tashqari, geografik jihatdan joylashuv va ekologik muammolar, jumladan, Orolboʻyi fojiasi bilan kurashishda aniq amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha ham savol-javoblar boʻlib oʻtdi.
Shu bilan birga, Germaniya tomoni yashil iqtisodiyot, qayta ishlab chiqarish jarayonlari, energetika tarmogʻini rivojlantirish hamda muqobil energiya tizimini Oʻzbekistonda joriy qilish masalalari va bu borada olib borilayotgan ishlarni takomillashtirish yuzasidan oʻz munosabatini bildirib, taklif va tavsilarini berdi.
Xulosa oʻrnida aytganda, Oʻzbekiston delegatsiyasining Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy muloqotni yana-da chuqurlashtirish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiyalar jalb etishni faollashtirish, umuman, har tomonlama aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati