• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
TARAQQIYOT FORMULASI AKS ETGAN DASTUR
6581 | 18 Mar. 2020 y.

Har yilgi anʼanaga muvofiq 2020-yil uchun ham Davlat dasturi eʼlon qilindi. “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni orqali tasdiqlangan Dastur xalqimiz hayotiga o‘ziga xos yangilanishlarni, ko‘tarinki ruhni olib kirdi deyishga to‘liq asos bor.

Xalq muhokamasi

Islohotlarni xalq manfaatlari yo‘lida izchil davom ettirish maqsadida Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Muhokamalar jarayonida xalqimiz, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida tele va radiokanallar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlarda mingdan ortiq bevosita muloqotlar tashkil etildi. Fuqarolarimiz bildirgan taklif-tavsiyalar tegishli soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida chuqur tahlil qilindi.

Xususan, jamoatchilik muhokamasi doirasida uch mingdan ortiq takliflar kelib tushdi, ular asosida Davlat dasturi loyihasiga yuzga yaqin konseptual va tahririy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shu bilan birga taʼkidlash lozimki, fuqarolarning haqli eʼtirozlari sababli ayrim tadbirlarni mukammal o‘rganilishi munosabati bilan, Davlat dasturi loyihasidan chiqarib tashlandi.

Misol uchun, Davlat dasturi loyihasida umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida yo‘l harakatlari qoidalari bo‘yicha imtihon o‘tkazish va natijalari bo‘yicha sertifikat berish, shuningdek umumiy o‘rta taʼlim muassasalarini tugatgan va imtihondan o‘tgan shaxslarga haydovchilik guvohnomasi berish tartibini joriy etish nazarda tutilgan edi. Lekin fuqarolar tomonidan ushbu taklifni amalga oshirish bir qator resurslar talab qilinishi bildirilganidan keyin mazkur taklif loyihadan chiqarildi.

Bundan tashqari, Davlat dasturi loyihasida keltirilgan senatorlarni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari qatoriga kiritish, xususiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslarini yaratish bilan bog‘liq tadbirlar ham loyihadan chiqarib tashlandi.

Dasturda har yil yakunida yil davomida qabul qilingan qonunlarning samaradorligi va xalq tomonidan baholanib borishini monitoring qilish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish amaliyoti belgilangan. Ushbu amaliyot qonunlar ijrosini taʼminlash borasidagi harakatlarni rivojlantirishi shubhasiz.

Sud-huquq tizimiga oid islohotlar

Davlat dasturining eng muhim yo‘nalishlaridan biri – Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yana-da isloh qilish sohasiga tegishli bo‘lib, Dasturda bu sohaga oid ko‘zda tutilgan o‘zgarishlarda yangi davr talablarini his qilish mumkin.

Jumladan:

birinchi, sud hukmlari, qarorlari, ajrimlari, hal qiluv qarorlari va qonuniy kuchga kirgan ishlarni tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati mavjud bo‘lgandagina prokuror tomonidan  suddan talab qilib olish  (2020-yil 1-maydan boshlab);

ikkinchi, 1995-yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon fuqaroligi bo‘lmagan, doimiy istiqomat qilayotgan hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish (2020-yil 1-apreldan boshlab);

uchinchi, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari isloh qilinib, nazorat tartibida ish yuritish instituti bekor qilinishi (2020-yil 1-noyabrga qadar);

to‘rtinchi, tadbirkorlik sohasidagi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat turlari dekriminalizatsiya qilinishi, shuningdek, bojxona sohasidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatini birinchi marta sodir etgan, tovar uchun to‘lovni ixtiyoriy ravishda to‘lagan va bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish (2020-yil 1-iyunga qadar);

beshinchi, maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar ish yurituviga o‘tkazilishi (2020-yil 1-dekabrdan boshlab);

oltinchi, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan MJtKning tegishli moddasida nazarda tutilgan jarimani sud va vakolatli idoralarda ish ko‘rilgunga qadar ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantirish (2020-yil 1-dekabrdan) kabi tizimlarning joriy etilishi mamlakat hayotida tub burilishlar yasaydi deyishga asos bor.

Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini, jumladan, tizimlashtirilgan “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri, shuningdek, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini tartibga soluvchi hamda Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqilishini taʼminlash borasidagi topshiriqlarda ham inson manfaatlari mujassam.

Ushbu tadbirlar zamirida fuqarolarning chorak asrlik orzu-armonlari mujassamlashganligini inobatga olsak, ushbu muammolarning yechilishi yurtimizda inson qadri-qimmatini eʼzozlash yo‘lida ulkan qadamlar bo‘lishini tasavvur etish qiyin emas.

Propiska muammosi yechimi

Albatta Davlat dasturidagi ham eng ko‘p jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgan yangilik bu propiska tizimini isloh qilish bilan bog‘liq bo‘ldi.

Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlar o‘rtasida tafovutni bartaraf etish va ichki migratsiyani erkinlashtirish nuqtai nazaridan, propiska tizimini isloh qilish muhim masala sifatida Davlat dasturidan joy oldi.

Unga asosan 2020-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartibni joriy etish hamda O‘zbekistonda doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish belgilandi.

Ekologiya muammosi

Dasturning eng muhim jihatlaridan yana biri bu ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga har doimgidan ko‘ra yuz karra ko‘proq eʼtibor berilgan.

Dasturda bu muhim masala Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini, shu jumladan, Uy-joy kodeksining yangi tahriri, Ekologiya kodeksi loyihasi, “Suv taʼminoti va oqova xizmatlar to‘g‘risida”gi va Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish konsepsiyalari, Qurilish sohasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilishini taʼminlash kabi vazifalarda o‘z aksini topgan.

Shuningdek, propiska tizimidan ro‘yxatga olish (registratsiya) tizimiga o‘tish ham ushbu islohotlar jarayonida ko‘zda tutilgan. Xorijiy davlatlarning bu sohadagi tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, ro‘yxatga olish (registratsiya) tizimi propiska tizimidan biror imtiyoz berish yoki cheklov o‘rnatishga qaratilmaganligi bilan ajratiladi. Masalan, propiskaga ega bo‘lgan shaxs uchun turli bank va davlat xizmatlarni ko‘rsatishda doimiy propiskadan o‘tgan joyidan borib foydalanish talab etilsa, ro‘yxatga olish (registratsiya) tizimida esa ushbu xizmatlar eksterritorial prinsip asosida ko‘rsatilishi mumkin.

Raqamli texnologiyalar

Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb eʼlon qilingan 2020-yilda Davlat dasturida bu masalaga katta eʼtibor qaratilgani mantiqan to‘g‘ridir. Dasturda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bunda:

a) axborot texnologiyalari sohasida inson kapitalini rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlarini raqamli shaklga transformatsiya qilish, axborot ekotizimini rivojlantirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash;

b) davlat organlari va tashkilotlarida axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlardan foydalanishga o‘tish, o‘rnatilgan funksional talablarga muvofiq keladigan mahalliy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarning yagona bazasini shakllantirish, mahalliy axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishni yana-da rivojlantirish;

v) davlat boshqaruvi sohasida maʼlumotlarni shakllantirish va qayta ishlashga standartlashtirilgan yondashuvni joriy qilish, “maʼlumotlarning yagona manbai” tamoyilini joriy etish kabi muhim jihatlarga eʼtibor qaratilmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish

Dasturning boshqa dasturlarga o‘xshamagan yana bir yangi jihati bor. Kambag‘allikni qisqartirish dasturi loyihasi ishlab chiqiladi. Unda:

kambag‘allik tushunchasini aniqlash metodologiyasi va mezonlarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratiladi. Aholining eng chekka qatlamlarimga eʼtibor berishning yangi mexanizmi ishlab chiqiladi.

Bunda aholida, ayniqsa yoshlar va ayollarda biznes yuritish va tadbirkorlikning zamonaviy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, eng avvalo joylardagi ijtimoiy muammolarni hal qilish imkonini beruvchi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu yilgi Davlat dasturining eng muhim yutug‘i shundan iboratki, unda konkret va real topshiriqlar va ularning bajarilishi shart bo‘lgan bandlardan iboratligi bilan ahamiyatlidir.

Манба: minjust.uz


1
Похожие новости