• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

PANDEMIYA SHAROITIDA OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARINI YETISHTIRISHGA BARCHA MASʼUL


Bugun “Uyda qol, o‘zing va yaqinlaring xavfsizligini taʼminla” shiori kundalik hayotimizdagi eng ustuvor masalaga aylanib ulgurdi. Ertangi sog‘lom turmush tarzimizni taʼminlash, jamiyat manfaatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishimiz uchun ham hozirgi sinovli damlarda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishimiz burch va masʼuliyatdir.

Ammo uyda o‘tirganimiz bilan hammamizning ham oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojimiz kamayib qolmaydi. Bugun bahor mavsumi, yerga urug‘ qadash, undirish va parvarishlashning ayni pallasi. Meva-sabzavot, don-dun, poliz mahsulotlari yetishtirishga kirishishni aslo kechiktirib bo‘lmaydi, bir kun ham g‘animat. Ayniqsa, koronavirus tufayli dunyoda ocharchilikdan qiynalayotgan aholi soni ikki barobarga oshib, 1,6 milliardga yetishi kutilayotgan bir paytda.

Shuning uchun ham Prezidentimiz 14-aprel kungi global inqiroz va pandemiya sharoitida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mahsulot yetishtirish hajmini 2 barobarga oshirish lozimligini taʼkidlab, bu bo‘yicha tegishli vazirlik-idoralar mutasaddilariga aniq topshiriqlarni berdi.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda davlat va fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi qishloq xo‘jaligida foydalanish mumkin bo‘lgan yerlardan tashqari aholining 440 ming gektar shaxsiy tomorqa yer maydonlari ham mavjud. To‘g‘ri, yerni qadrlagan, unga mehr qo‘ygan mirishkor xalqimiz bundan yaxshigina qo‘shimcha daromad qilib kelmoqda. Ayniqsa, hozirgi sharoitda o‘z isteʼmoli uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni o‘z tomorqasida yetishtirmoqda. Bundan tashqari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, pillachilik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘origa baraka kiritmoqda. Tomorqasidan yiliga 2-3-marta hosil ko‘tarayotgan uddaburon hamyurtlarimiz bilan esa, har qancha faxrlansak arziydi.

Videoselektor yig‘ilishida taʼkidlanganidek, mahsulot hajmini oshirish uchun endi yana 124 ming gektar oborotdan chiqqan yerlar o‘zlashtiriladi. Hatto lalmi yerlar ham quduqlar qazilib, suv chiqarilib bog‘u rog‘larga aylantiriladi.

Bu maqsadlar uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi jamg‘armalariga 300 milliard so‘m ajratiladi. Tashkil etilgan bog‘ va tokzorlar, issiqxonalar aholiga 3 yillik imtiyozli davr bilan, 7 yilgacha lizing asosida beriladi.

Umuman, Prezidentimiz bu yil agrar va oziq-ovqat soha vakillari, klasterlar, fermerlar va dehqonlar uchun keng imkoniyatlar yili bo‘lishini kafolatlamoqda.

Xususan, kerakli o‘g‘it va dorilar bilan bog‘liq masalalarda ham hech qanaqa muammo bo‘lmaydi. Davlat rahbari boshchiligida bu borada tegishli chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, ularni amalga oshirish yuzasidan joylarda allaqachon bosqichma-bosqich ishlar boshlab yuborildi.

Shuningdek, pandemiya sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari bo‘yicha uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida o‘g‘itlar importiga barcha cheklovlarni joriy yil yakuniga qadar bo‘lgan muddat uchun bekor qilish bo‘yicha taklif kiritish masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi.

Qolaversa, Respublika shtabi tashkil etilib, ixtisoslashgan 55 ta tumanga Prezident Administratsiyasi, Hukumat, vazirliklar va idoralar rahbar xodimlari biriktiriladigan bo‘ldi.

Ular kredit, urug‘lik, o‘g‘it, suv bilan bog‘liq masalalarni operativ hal etib, mahsulot yetishtirish hajmini ikki barobar oshirishga bosh-qosh bo‘lishadi. Hududlarda tumanlar sektor rahbarlari “24 soatlik ish tartibi”ga o‘tishadi va o‘n kun davomida har bir qarich yerga ekin ekilishini taʼminlashadi. 

Davlatimiz rahbari yetti xazinaning biri hisoblangan parrandachilikni yana-da rivojlantirish, bu yo‘nalishda ozuqa taʼminotini mustahkamlash va kooperatsiyani rivojlantirish maqsadida Ulug‘nor, Buxoro, Samarqand va Urganch tumanlarida aholini jalb qilib, kooperatsiya tizimi asosida xonadonlarda 500 bosh parranda boqish tajribasini keng joriy qilish lozimligini qayd etdi hamda bir oy muddatda go‘sht yo‘nalishidagi yirik parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan 100 tadan xonadonga 500 boshdan parranda tarqatilishini va bu tizimning doimiy ravishda ishlashini taʼminlanishi bo‘yicha topshiriq berdi.

Bunda, parrandachilik korxonasi har bir xonadonga 500 boshdan uch kunlik jo‘jalarni tarqatib, ozuqasini yetkazib beradi va veterinariya xizmatlari ko‘rsatilishini taʼminlaydi. Bitta xonadon parrandani 40 kun boqqandan keyin, kooperatsiyaning o‘zi go‘shtni markazlashgan holda sotib oladi. Shu yo‘l bilan bir oila parrandani boqib bergani uchun bir yarim oyda 2 million so‘m daromad topadi va qishloq aholisining bandligi taʼminlanadi. Qolaversa, Mehnat vazirligi tomonidan kooperatsiyada ishtirok etadigan har bir oilaga parranda boqqan davri (40 kun) uchun, Jamoat ishlari jamg‘armasidan qo‘shimcha 500 ming so‘mdan rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev videoselektr yig‘ilishida aholiga yana bir qancha yo‘nalishlarda mo‘may foyda topish va bu orqali oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligini oldini olish yo‘l-yo‘riqlarini belgilab berdi. Bundan tashqari, kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, kasallik bilan kurashishda xalqaro aloqalarni mustahkamlash, bank-kredit masalalari bo‘yicha ham tegishli topshiriqlar berdi. Bularning barchasi pandemiya sharoitida aholi turmush darajasini yaxshilashga, ularni tushkun kayfiyatga tushib qolmasliklari va mehnat samaradorliklarini oshirishga qaratilgan.

Fotima Madrahimova,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati boshlig‘i