• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

QATʼIY TARTIB-INTIZOM, METIN IRODA ZARUR


Yangi turdagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keskinligicha qolmoqda. AQSHning Jon Xopkins universiteti maʼlumotlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib dunyo bo‘ylab jami 2,5 million nafarga yaqin ortiq odamda COVID-19 aniqlangan. Ulardan 625 ming nafarga yaqini sog‘aygan bo‘lsa, taassufki, salkam 165,3 ming nafari vafot etgan. Virusga chalinganlar soni bo‘yicha AQSH, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Eron va Turkiya kabi davlatlar yetakchilik qilmoqda. Afsuski, ushbu ofat bizning yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda infeksiya yuqtirib olganlar soni 1565 nafarni, sog‘ayganlar 225 kishini, vafot etganlar esa 5 nafarni tashkil etmoqda.

Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda ikki xil amaliyot – “Xitoy uslubidagi yondashuv” va “Britan-shved” tajribasi mavjud. “Xitoy” yondashuvining asosiy mazmuni davlat tomonidan keskin karantin choralarini amalga oshirish, ijtimoiy masofalanish qoidalariga qatʼiy amal qilish, ommaviy tadbirlarni taqiqlash, transport vositalari harakatini cheklash, gigiyena qoidalariga og‘ishmay rioya etishdan iboratdir. Bunda asosiy maqsad infeksiya zanjirini uzish, kasallikka chalinganlarni tezkorlik bilan aniqlash va ularni sog‘lom aholidan ajratib olishga qaratilgan. O‘z navbatida, “Britan-shved” tajribasi fuqarolarning o‘z intizomiga ko‘proq tayanish, davlat tomonidan cheklov choralarining keng qo‘llanmasligi, “olomon” immunitetiga umid qilishdan iboratdir. Mutaxassislar fikricha, “Britan-shved” tajribasi “tabiiy saralanish” g‘oyasiga tayanib, bunda immuniteti past, yoshi ulug‘ insonlar pandemiyaning qurboni bo‘lishi ehtimoli yuqori hisoblanadi. Shuni taʼkidlash o‘rinliki, infeksiya bilan kasallanganlar sonining tez surʼatda o‘sishi (hattoki, Bosh vazir Boris Jonson ham kasallikka chalinishga ulgurdi) sababli Buyuk Britaniya o‘zining “liberal” yondashuvini o‘zgartirib, keskin cheklov choralarini kiritishga majbur bo‘ldi. Xususan, bugungi kunga kelib, ushbu mamlakatda infeksiya bilan og‘riganlar soni 121 mingdan oshib, 15 mingdan oshiq inson vafot etdi.

O‘zbekiston Hukumati yurtimizda koronavirus infeksiyasining qayd etilishi ortidan xalqimiz salomatligi, fuqarolar osoyishtaligini ko‘zlagan holda bir qator karantin choralarini kiritdi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ko‘rilgan choralarning samarasi o‘laroq, aholi soniga nisbatan olinganda 19-aprel holatiga MDH davlatlari orasida infeksiya tarqalishning oldini olish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich aynan O‘zbekistonga tegishlidir. Jumladan bu davrga kelib, Rossiyada 36 793 kishi (aholi – 147 mln.), Ukrainada 5106 kishi (42 mln.), Belarusda 4779 kishi (9,5 mln.), Moldovada 2378 kishi (4 mln.), Qozog‘istonda 1615 kishi (19 mln.), Ozarbayjonda 1373 kishi (10 mln.), Armanistonda 1248 kishi (3 mln.), Qirg‘izistonda 554 kishi kishi (6,5 mln.) infeksiyani yuqtirgani aniqlangan. Ko‘rinib turibdiki, yurtimizda amalga kiritilgan choralar o‘z natijasini bermoqda.

Shuni taʼkidlash o‘rinliki, Hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan karantin choralari xalqimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanib, fuqarolarimiz ushbu sinovli kunlardan munosib tarzda o‘tmoqdalar. Karantin sharoitida odamlarimizning belgilangan tartib-qoidalarga ongli ravishda qatʼiy rioya etayotgani koronavirus pandemiyasi tarqalishini jilovlashda muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan o‘zkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 97,8 foizi davlat va Hukumat tomonidan kiritilgan karantin choralarini maʼqullagan. So‘rovda ishtirok etganlarning mutloq ko‘pchiligi (76,6%) optimistik kayfiyatda bo‘lib, pandemiya bilan bog‘liq barcha muammolar o‘z yechimini topishiga ishonch bilan qaramoqda.

O‘zbekistonda koronavirus munosabati bilan kiritilgan choralar samaradorligi jahon afkor ommasi tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Germaniyaning «Public Diplomacy» tashkiloti, AQSHning «The Diplomat» jurnali, Rossiyaning “ANNA-news” informatsion agentligi va boshqa ko‘plab nashrlar yurtimizda infeksiyaning tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarga yuksak baho berishgan.

Shu bilan birga, dunyo miqyosida koronavirus infeksiyasining tarqalishi tobora keskinlashmoqda, shu jumladan, yurtimizdagi epimediologik vaziyat hali barqarorlashmagani tufayli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan koronavirus pandemiyasi orqali kiritilgan cheklov choralarini saqlab turish maqsadga muvofiqligi bayon etilmoqda. Shu sababli ham O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq joriy etilgan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan barcha cheklovchi choralar 2020-yil 10-mayga qadar uzaytirildi. Shuni alohida taʼkidlash o‘rinliki, bu qaror, eng avvalo, xalqimiz sog‘lig‘ini asrash zaruriyatidan kelib chiqib qabul qilindi. Faqatgina birdamlik, hamjihatlik, metin iroda, temir intizom, eʼlon qilingan karantin talablariga qatʼiy rioya etish bilan biz ushbu sinovli kunlardan mardonavor o‘ta olamiz. Albatta, karantin tufayli iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani ham hech kimga sir emas, biroq shuni yodda tutish lozimki, dono xalqimiz aytganidek, “sog‘liqni pulga sotib olib bo‘lmaydi”. Salomatlik bor joydagina qut-baraka, farovonlik, rivojlanish bo‘ladi. Demak, har birimizning fuqarolik burchimiz karantin choralariga qatʼiy amal qilishdir. Aynan shu yo‘l bilan biz karantin davrining keyinchalik cho‘zilmasligini, bu sinovli kunlarni tezroq yengib o‘tishni ham taʼminlagan bo‘lamiz.

Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori