• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

O‘zbekiston bank tizimini isloh qilishning 5 yillik strategiyasi: oltita bank xususiylashtiriladi


2020-yilgi Davlat dasturining 91-bandida belgilangan «Bank tizimini uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash» ustuvor vazifalari ijrosi doirasida joriy yil 12 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «2020–2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmonga imzo chekdi.

Mazkur hujjat bilan 5 yilga mo‘ljallangan strategiya va yo‘l xaritasi tasdiqlanmoqda.

Hujjat asosida bank sohasidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda:

  • bank nazorati bo‘yicha qonunchilik bazasini takomillashtirish – bunda Bazel qo‘mitasi standartlari, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari va boshqalarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
  • banklarni o‘zgartirish va xususiylashtirish, kadrlar malakasini oshirish.
  • xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va kengaytirish – bunda asosiy eʼtibor mijozlarga yo‘naltirilgan xizmatlar, kreditlash mexanizmlari va biznes jarayonlarini avtomatlashtirishga qaratilmoqda.

5 yilga mo‘ljallangan strategiya quyidagi maqsadlarni ko‘zda tutadi:

  • davlat ulushi bo‘lmagan banklar aktivlari hissasini hozirgi 15 foizdan 2025-yilga kelib 60 foizgacha oshirish;
  • 2025-yilga kelib davlat ulushi mavjud kamida uchta bank kapitaliga zarur tajriba, bilim va nufuzga ega kamida uchta strategik xorijiy investorlarni jalb qilish;
  • banklar majburiyatlarining umumiy hajmida xususiy sektor oldidagi majburiyatlar hissasini joriy 28 foizdan 2025-yil yakuniga 70 foizgacha oshirish;
  • umumiy kreditlash hajmida nobank kredit tashkilotlari ulushini joriy 0,35 foizdan 2025 yilga kelib 4 foizgacha oshirish.

Strategiya MDH va Sharqiy Yevropa davlatlari tajribasi o‘rganilgan holda, Jahon banki ekspertlari ko‘magida Moliya vazirligi va Markaziy bank mutaxassislari hamkorligida ishlab chiqilgan.

Farmon bilan “Ipoteka-bank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asaka” banki, “Aloqabank”, “Qishloq qurilish bank” va “Turonbank”dagi davlat ulushlari bosqichma-bosqich xususiylashtirilishi yaʼni sotilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, “Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki”, “Agrobank” va “Mikrokreditbank”dagi davlat ulushi saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari tomonidan banklarning tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarish faoliyatiga aralashishi taqiqlanmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati