• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

SENATORLAR O‘ZBEKISTONNING YEVROOSIYO IQTISODIY ITTIFOQIDA “KUZATUVCHI DAVLAT” MAQOMIDA ISHTIROK ETISH TAKLIFINI MAʼQULLASHDI

“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 109-bandida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasini atroflicha muhokama qilib, asoslangan xulosalarni tayyorlash vazifasi belgilangan edi.

Ushbu masala yuzasidan 26-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining «O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligiga oid masalani o‘rganish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ishchi guruhning YeOII bilan hamkorlik yuzasidan xulosasi tayyorlandi.

Mazkur xulosa 28-aprel kuni o‘tkazilgan Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilib, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi yuzasidan Qonunchilik palatasining Qarori qabul qilindi. 2020-yilning 12-may kuni esa Senatning 4-yalpi majlisi muhokamasiga qo‘yildi.

Oliy Majlis deputatlari va senatorlari tomonidan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilindi. O‘tkazilgan muhokamalar va tahlillar asosida ovoz beruvchilarning asosiy qismi mamlakatimizning mazkur tuzilma tarkibida «kuzatuvchi davlat» maqomida ishtirok etish taklifini maʼqulladi.

Shu o‘rinda, kuzatuvchilik maqomi O‘zbekiston uchun quyidagi afzalliklarni berishi mumkinligini keltirish mumkin:

birinchidan, kuzatuvchi maqomi mamlakatimiz uchun iqtisodiy majburiyatlar va salbiy holatlarni yuzaga keltirmaydi;

ikkinchidan, YeOII aʼzo davlatlarining yagona qarorlarini o‘rganish va ularni bevosita kuzatish imkoni vujudga keladi;

uchinchidan, YeOII davlatlari majlislari maʼlumotlarini bevosita olish (kerak bo‘lsa, bevosita ishtirok etish) va uni O‘zbekiston sharoitidagi makroiqtisodiy jihatdan tahlilini amalga oshirish uchun birlamchi manba yuzaga keladi;

to‘rtinchidan, kuzatuvchilik maqomidan so‘ng YeOIIga aʼzo bo‘lib kirish yoki kirmaslik majburiyati mavjud emas.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati