• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

HARAKATLAR STRATEGIYASINING PARLAMENT SAYLOVLARIGA TAʼSIRI

YеXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) Missiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga 2019-yil 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarni kuzatish bo‘yicha yakuniy hisoboti eʼlon qilindi.

DIIHB Missiyasining yakuniy hisobotida, saylovlar takomillashgan qonunchilik asosida o‘tkazilgani va mustaqil fikrlarga nisbatan toqat qilish muhitining oshgani haqida xulosa qilingan. Parlament saylovlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan O‘zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotida ulkan islohatlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga binoan o‘tkazilgani qayd etilgan. “Saylovgacha bo‘lgan muddatda mustaqil fikrlar yana-da ko‘proq tinglandi va fuqarolar o‘z siyosiy qarashlarini Internetda, ijtimoiy tarmoqlar va turli bloglar orqali joylab borishlarida erkinlikni his etdilar”, – deyiladi hisobotda.

Maʼlumot o‘rnida qayd etish joiz, 2018-yilgi Davlat dasturining 2-bandida “Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqish” hamda 5-bandida “Yagona elektron ro‘yxati axborot tizimini takomillashtirish va “Elektron hukumat” tizimi doirasida butun respublika bo‘yicha joriy etish” vazifasi belgilangan edi. Shundan kelib chiqib, 2018-yil 4-oktabrda “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori, 2019-yil 25-iyun O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilindi. Mazkur hujjatlar asosida 2019-yilgi parlament saylovlarida ilk bor saylovchilarning yagona elektron ro‘yhati (SYаER) joriy etildi. Qolaversa 2019-yilgi Davlat dasturining 9-bandining ijro etilishi natijasida ozodlikdan mahrum etilgan 1 ming 905 nafar shaxsning saylovlarda ishtirok etishi uchun qonuniy imkoniyat yaratildi.

Hisobotda Markaziy saylov komissiyasining ishi ijobiy baholanib, “parlament saylovlariga yana-da yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish uchun ulkan kuch safarbar etilgani” taʼkidlangan. Xususan, saylov komissiyalari aʼzolarini tayyorlash, ularning saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazishga oid ko‘nikmalarini oshirish, saylovlarda ko‘p sonli xalqaro va mahalliy, jumladan, siyosiy partiyalarning, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, OAV vakillarining to‘sqinliklarsiz ishtirokini taʼminlash, saylovchilar o‘rtasida izchil va seziluvchan axborot kampaniyasini o‘tkazish borasida olib borilgan ishlariga yuksak baho berilgan.

Saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi muhim jihatlardan biri sifatida taʼkidlanib, “Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatining joriy etilishi - ilgari bo‘lgani kabi saylovchilarni qog‘ozda ro‘yxatga olishga nisbatan ulkan yutuqdir”, deyladi hisobotda.

Hisobotning to‘liq matni bilan YеXHTning rasmiy veb-sayti orqali tanishishingiz mumkin.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati