• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
YURIDIK FAN VA TAʼLIM: KATTA RAG‘BAT VA IMKONIYAT
7095 | 20 May. 2020 y.

PREZIDENT FARMONIGA MUNOSABAT

Kuni kecha, 2020-yil 29-aprelda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yana bir olamshumul hujjat – “O‘zbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi. Aynan huquqshunos olim sifatida, ko‘p yillar davomida yuridik taʼlim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchi sifatida meni to‘lqinlantirgan jihat shu bo‘ldiki, boshqa sohalarni huquqiy tartibga soluvchi huquqiy hujjatlar juda ko‘p va keng qamrovli chiqariladi, ammo yurisprudensiya sohasida kamdan-kam, alohida zaruriyat va dolzarb ahamiyat kasb etgan vaziyatdagina Prezident tomonidan huquqiy hujjat chiqarishga murojaat etiladi. Demak, ushbu Farmon huquqshunoslik kasbi, huquqshunos olimlar oldiga, yuridik kadrlar tayyorlash tizimi oldiga yana bir ulkan taraqqiyot yo‘lini, katta bir masʼuliyatni, sof maʼnoda katta bir mehnatni qo‘ya oladi.

Avvalo, Farmonning nomi bilan bog‘liq muhim jihatlar shundaki:

  • Ushbu Farmon butun respublika miqyosida, xususan viloyatlarda, shuningdek nafaqat oliy taʼlim muassasasi, balki yuridik texnikum va yuridik litseylarda yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish, ushbu soha rivojini kengaytirish masalalarini o‘z ichiga qamrab oladi;
  • Mazkur Farmon nafaqat yuridik taʼlim, balki yuridik fanni ham rivojlantirishning yangi va konseptual masalalarini ishlab chiqish, yuridik sohada ilmiy salohiyatni yangi bosqichga olib chiqishga turtki bo‘ladi;
  • Kelgusida yuridik soha rivojini tubdan takomillashtirish va bu borada qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilashning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, mazkur Farmonni qabul qilishga turtki bo‘lgan ijtimoiy, siyosiy va huquqiy asoslar ham borki, ular quyidagilarda ko‘rinadi:

  • Yangicha islohotlar olib borilayotgan, Yangi O‘zbekiston qurish uchun tinmay izlanishlar olib borilayotgan bir paytda yuridik soha rivojida ham bevosita yangilik va o‘zgarishlar qilinishi aynan zarurat edi;
  • Eng asosiysi, Prezidentimiz Murojaatnomasida “Taʼlim yo‘nalishi”da belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlanganligi sir emas. Chunki unda belgilangan maktab bitiruvchilarining oliy taʼlimga qamrovi 25 foizdan 50−60 foizga yetkazilishi; o‘qishga kirish soddalashtirilishi; oliy taʼlim o‘quv jarayonida kredit-modul tizimi joriy etilishi, 10ta OTM ning o‘zini-o‘zi moliyalash tizimiga o‘tishi kabi muhim vazifalar ijrosi ushbu Farmonda ham ustuvorlik kasb etgan.
  • Farmonning “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da eʼlon qilinishi bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi;
  • 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining  “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida “Yuridik fan va taʼlimni takomillashtirish, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish” bandining real ijrosiga bag‘ishlandi;
  • “O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsad-vazifalari inobatga olindi.

Farmonning mazmuni bilan bog‘liq ayrim muhim jihatlar shundaki:

  • Endilikda yuridik kadrlar tayyorlash vazifasi faqat yagona Toshkent davlat yuridik universitetiga emas, balki Farmon orqali Samarqand, Namangan, Termiz davlat universitetlarining yuridik fakultetlari ochilib, ushbu muassasalarga ham shunday masʼuliyat yuklatildi. Bu albatta, keng qamrovli yuridik kadrlar tayyorlash sohasida sog‘lom raqobatni kuchaytirishga, yuridik kadrlar tayyorlash sifatini yana-da oshirishga olib keladi;
  • Toshkent davlat yuridik universitetini “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash bo‘yicha bazaviy oliy taʼlim va ilmiy-metodik muassasasietib belgilanganligi ushbu muassasa uchun yana katta bir eʼtirof, ammo katta mehnatni talab etadigan mezon sanaladi va aytish joizki, shu kungacha ham yuridik sohadagi boshqa taʼlim muassasalari uchun shunday vazifani bajarib kelgan;
  • davlat, huquq va siyosiy-huquqiy taʼlimot sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutinitashkil etish haqidagi taklifining maʼqullanishi va uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarorini qabul qilinishi ham katta bir hodisa, o‘zgacha maʼno kasb etadi. Chunki o‘tgan yillar davomida yurisprudensiya yo‘nalishida aynan katta tajribaga, yuqori ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan, chuqur mushohada va keng tahlilni amalga oshirishga, yirik tadqiqotlar olib borishga, katta ilmiy maktab yaratishga va qoldirishga qodir huquqshunos olimlar aynan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Falsafa va Huquq institutida faoliyat olib borgan va ilm yo‘lida toblangan va shakllangan katta avlod vakillari bo‘lganligi yana bir haqiqatni tasdiqlaydi;
  • zamonaviy talablar, ilg‘or xalqaro yuridik tajriba va mehnat bozori ehtiyojlari asosida yuqori malakali, ijodiy fikrlaydigan, halol kadrlar tayyorlashni taʼminlash vazifasi qo‘yildi. Bu yerda har bir qo‘yilgan talablar o‘z o‘rnida va aynan zaruriy talablar sanalib, uning ichida avvalgi yirik huquqiy hujjatlar darajasi qo‘yilmagan yana bir talab borki, bu halol kadrlar tayyorlash masalasining o‘ziyoq har bir yuristda nafaqat kasbiy, balki chin insoniylik pozitsiyasini shakllantirishga, hushyor va uyg‘oq ko‘z bilan islohotlarga qarashga undaydi;
  • yuridik kadrlarni aniq buyurtma asosida va eng asosiysi, maqsadli tayyorlash vazifalari qo‘yildi. Bunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, turli mulkchilik shaklidagi tashkilotlar, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarida joriy va istiqboldagi yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj hisobga olinib, qabul jarayonlari va ishga taqsimlash vazifalari hal qilinadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini TDYU magistraturasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali qabul qilish, bazaviy oliy yuridik maʼlumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki o‘qitish dasturlarini joriy etilishining o‘zi quvonarli holat, chunki bu tartibni ko‘plab sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat yuritayotgan, ish va taʼlimni birga olib borishni xohlagan yoshlar uchun katta voqea bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi;
  • bazaviy oliy yuridik maʼlumotga hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi markaziy organlarida yuridik yo‘nalish bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan rahbar xodimlarni magistraturaga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki o‘qitish dasturlari bo‘yicha o‘qish uchun qabulini tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasiga ko‘ra, kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida va qabul parametrlaridan tashqari amalga oshirish ham kasb, ish va taʼlim rag‘batini yana-da oshiradi, yosh xodimlarni o‘zi ishlayotgan maʼmuriyatga va kasbiga nisbatan ishonchini yana-da kuchaytiradi;
  • “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilarni TDYU magistraturasiga test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida, o‘qish qiymatining 50 foizini to‘lab, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng TDYU, yuridik fakultetlar, yuridik texnikumlar va TDYU qoshidagi litseyda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini yuklagan holda qabul qilish tartibini joriy etilishi ham nafaqat Toshkent davlat yuridik universitetida, balki yuridik fakultetlar, yuridik texnikumlar va TDYU qoshidagi litseyda taʼlim sifatini oshirishga, sifatli yuridik kadrlar tayyorlashga, ilmiy salohiyatni ko‘tarishga olib keladi.
  • bazaviy oliy yuridik maʼlumotga ega, yuridik texnikumlarda kamida uch yil ishlagan pedagog va rahbar xodimlar TDYU magistraturasigakirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng taqsimot bo‘yicha adliya organlari va muassasalarida, birinchi navbatda, yuridik texnikumlarda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini olgan holda, kirish huquqiga egaligi bevosita yuridik texnikumlarda ishlayotgan xodimlar va rahbar kadrlar mehnatini yana-da rag‘batlantiradi va bu ish unumdorligini oshirishga, yoshlar bilan ishlash tizimini mustahkamlashga faqat ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Chunki TDYU ni bitirgan, ammo oilasi, kasbi nuqtai nazaridan bakalavr diplomi bilan markazda va viloyatlarda qolgan, viloyatlarda joylashgan yuridik texnikumlarda ishlayotgan yosh xodimlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini taʼminlashga xizmat qiladi;
  • xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan tuzilgan kelishuvlar asosida qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish hamda TDYU,yuridik texnikumlar va TDYU qoshidagi akademik litseyda qo‘shma fakultetlar tashkil etish va yuridik texnikumlar va TDYU qoshidagi akademik litseyning qo‘shma taʼlim dasturlarini hamda qo‘shma fakultetlarini tugatgandan so‘ng o‘qishni davom ettirgan shaxslarga berilgan xorijiy taʼlim muassasalarining belgilangan shakldagi diplomlari (bakalavriat, magistratura) O‘zbekiston Respublikasida qo‘shimcha maʼmuriy tartib-taomillarsiz oliy taʼlim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi. Bu qoida ham yuridik taʼlimda birinchi marta xorijiy OTM lar bilan qo‘shma taʼlim dasturlari tashkil etishni yo‘lga qo‘yib, uni bitirganlarga katta imtiyoz va imkoniyat berayapti.
  • 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab TDYU qoshidagi akademik litseyning barcha fanlar bo‘yicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilari TDYUUga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqarikirish huquqiga ega. Bu tartib kelgusida Akademik litsey obro‘si va nufuzini oshirishga, u yerda o‘qish kafolatini mustahkamlashga, kelgusida litseyga hujjat topshiruvchilar soni oshishiga, eng asosiysi, qabul parametrlaridan tashqari kirish huquqiga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Farmonda professor-o‘qituvchilar uchun kutilmagan, ammo shunday bo‘lishini juda xohlagan yangi tartib-qoida mustahkamlandi. Jumladan, TDYU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarning pedagoglar tarkibi tomonidan advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasdan hamda TDYU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarda asosiy ish joyi saqlangan holda advokatlik faoliyatini amalga oshirish tartibini o‘rnatish bo‘yicha uch oy muddatda takliflarni kiritilishi ko‘rsatildi. Bu tartib amaliyotga joriy etilsa, birinchidan, yurisprudensiyada maxsus kafedralar va maxsus fanlar rivoji ko‘zga yaqqol ko‘zga tashlanadi; ikkinchidan, talabalarga dars berayotgan o‘qituvchilarning nazariy va amaliy ish tajribasi uzviyligi taʼminlanadi; uchinchidan, professor o‘qituvchilarning fanlar bo‘yicha “modul papkalari”, “kazus va keyslar yaratish” borasidagi mahorat va ko‘nikmalari yana-da oshadi; to‘rtinchidan, shu kungacha amalda o‘qituvchilik va advokatlik kasbini birga olib borayotganlarning faoliyati huquqiy jihatdan mustahkamlanadi; beshinchidan, advokatlik litsenziyasi bo‘lib, ayni kunlarda ishlash sharoiti bo‘lmayotgan ko‘plab o‘qituvchilarga yaxshi imkoniyat yaratiladi; oltinchidan, tayyorlanayotgan bir qator o‘quv va ilmiy adabiyotlar amaliyot materiallari bilan yana boyitiladi; yettinchidan, professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tilayotgan maʼruza va seminar (amaliy mashg‘ulot)larda yangi amaliyot materiallari va statistik maʼlumotlar sharhi berilishiga va talabalarga tahlil qilish imkoniyati yaratilishiga yordam beradi.

Munosabat yakunida Muhtaram Prezidentimizning Murojaatnomada aytgan “Biz hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli buyuk xalqmiz” degan so‘zlari shaxsan men va men singari huquqshunos olimlar uchun faoliyatimiz shiori bo‘lib qolgan. Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilar jamoasi yana ishlashga, yangi dasturlar yaratishga, Farmonning har bir bandida ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini taʼminlashga astoydil xizmat qilishga tayyormiz. Chunki Toshkent davlat yuridik universiteti (avvalgi institut)da o‘qib, diplom olib, mana shu yerda ishlab, qator ilmiy daraja va unvonlarga sazovor bo‘lgan har bir xodim, professor-o‘qituvchi, huquqshunos olimning maqsadi ham aslida shunday.

Zamira Esanova
TDYUU professori


7
Похожие новости