• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
Mazmun-mohiyati
149083 | 18 Yan. 2025 y.

 “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi

 

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi mamlakatning 2030-yilgacha boʻlgan davrdagi taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlari, maqsadlari va aniq koʻrsatkichlarini belgilab beruvchi asosiy uzoq muddatli dasturiy hujjat hisoblanadi.


Strategiya dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi PF–158-son Farmoni bilan tasdiqlangan boʻlib, keyinchalik jahonda yuz berayotgan yangi tendensiyalar, iqtisodiy va texnologik oʻzgarishlar hamda keng jamoatchilik muhokamalari davomida bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-son Farmoni bilan yangilangan.


Strategiyaning asosiy mohiyati barqaror va inklyuziv taraqqiyotni taʼminlash, aholi farovonligini oshirish, davlatga boʻlgan jamoatchilik ishonchini mustahkamlash hamda islohotlarni “maqsad — harakat — natija” tamoyili asosida izchil davom ettirishdan iborat.


Strategiya beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha 100 ta maqsadni oʻz ichiga oladi:

birinchidan, har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish;

ikkinchidan, barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash;

uchinchidan, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;

toʻrtinchidan, qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;

beshinchidan, “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish.


Strategiyada inson kapitalini rivojlantirish, sifatli taʼlim, zamonaviy sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, iqtisodiy oʻsish, ekologik barqarorlik, samarali davlat boshqaruvi, adolat, ochiqlik, xavfsizlik va konstruktiv tashqi siyosat masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.


“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining muhim xususiyatlaridan biri uning aniq oʻlchanadigan natijalarga yoʻnaltirilganidir. Har bir ustuvor yoʻnalish aniq maqsadli koʻrsatkichlar, masʼul ijrochilar va amalga oshirish mexanizmlari bilan bogʻlangan boʻlib, bu islohotlar ijrosini muntazam va shaffof monitoring qilish imkonini beradi.


Ushbu Strategiya orqali Oʻzbekiston zamonaviy, raqobatbardosh va inson manfaatlariga yoʻnaltirilgan davlatni barpo etish, har bir fuqaro uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda islohotlarning amaliy natijalari odamlar hayotida namoyon boʻlishini taʼminlashni maqsad qilgan.