"ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ"
  МАРКАЗИ
"Тараққиёт Cтратегияси" маркази

JOYLARDA TURLI SOHALARDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISLOHOTLAR YUZASIDAN FIKRLAR O’RGANILMOQDA

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillaridan iborat ishchi guruh 2018-yil Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini o’rganish maqsadida Qoraqalpog’iston Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida 2017-2021-yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustvuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosini tahlil qilish, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar to’g’risida aholiga ma’lumot berish, shuningdek, fuqarolarning turli sohalardagi o’zgarishlar yuzasidan fikrlarini o’rganish maqsadida jamoatchilik fikri so’rovi o’tkazildi.

Jumladan, “Harakatlar strategiyasi: sarhisob va istiqboldagi qadamlar” mavzusida “davra suhbati” bo’lib o’tdi. Unda hududdagi targ’ibot guruhlari vakillari, yoshlar va xotin-qizlar masalalari bo’yicha hokimliklar mutaxassislari, siyosiy partiya a’zolari hamda mahalliy deputatlar taklif etildi. O’zbekistondagi yangilanishlar jarayoni, xususan ta’lim, sog’liqni saqlash, inson huquqlarini ta’minlash, oshkoralik prinsipi asosida olib borilayotgan siyosat, so’z va matbuot erkinligi masalalari “davra suhbatining” asosiy mavzusi bo’ldi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga Harakatlar strategiyasi doirasida belgilangan tadbirlarning borishi hamda 2018-yil Davlat dasturining 9 oylik natijalari haqida ma’lumot berildi.

Davlat dasturida belgilangan vazifalar asosida joylarda jamoatchilik monitoringi tadbirlari amalga oshirildi. Xususan, Qoraqalpog’iston Respublikasining Qo’ng’irot va Qanliqo’l tumanlarida bo’lishib, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) bilan birgalikda majburiy mehnat masalalari monitoring qilindi. Paxta dalalarida aholi bilan muloqot o’tkazildi. Shuningdek, tadbirkorlar bilan ham uchrashib, islohotlar natijasida ularning faoliyatidagi o’zgarishlar yuzasidan fikr almashildi.

Ishchi guruh tomonidan, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalariga tashrif buyurildi. U yerda bino va inshootlarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish holati, qamoqda saqlanayotgan va jazoni o’tash joylarida bo’lgan shaxslarning yashash sharoitlari monitoring qilindi.

O’tkazilgan barcha uchrashuvlar davomida bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarning hududlardagi ijrosidan qoniqish darajasi, ularning fikr va takliflari o’rganildi. Xususan, ishtirokchilar Markaz tomonidan 2018 yilda jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilgan ishlarning dastlabki yakunlarini sarhisob qilish hamda 2019 yil uchun islohotlarning asosiy yo’nalishlarni belgilab olish maqsadida ijtimoiy so’rov o’tkazildi.

Tadbirlar Germaniyaning Konrad Adenauer fondining O’zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o’tkazilmoqda.

Ishchi guruh bugun Xorazm viloyatida bo’lib turibdi.