"ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ"
  МАРКАЗИ
"Тараққиёт Cтратегияси" маркази

2018 YILNING NOYABR-DEKABR OYLARI DAVOMIDA YIL YAKUNLARIGA BAG’ISHLANGAN MATBUOT ANJUMANLARI O’TKAZILADI

2018-yilning 9-noyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Vazirlik va idoralar matbuot xizmatlari ishini takomillashtirish orqali davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash” mavzuidagi davra suhbati bo’lib o’tdi. Unda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini keng jamoatchilikka o’z vaqtida yetkazish, matbuot xizmatlari orqali fuqarolar bilan muloqotni yanada faollashtirish, bunda doimiy ravishda matbuot anjumanlari, uchrashuvlar va OAVda chiqishlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir 2017-2021-yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi doirasida O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida aholiga xabardorligini yanada oshirishga qartilgan loyiha doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Davra suhbatida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi elchixonasi, Davlat dasturi ijrosiga mas’ul bo’lgan 30 dan ortiq vazirlik va idoralari matbuot xizmatlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida, shuningdek “Taraqqiyot strategiyasi” markazida bo’lib o’tgan ikki kunlik trening yakunlari sarhisob qilindi. Xususan, matbuot xizmatlari faoliyatida uchrashi mumkin bo’lgan inqiroziy holatlar va ularni samarali hal etish yo’llari, aholida tashkilotning ijobiy nufuzini shakllantirish muhimligi, matbuot tadbirlari o’tkazish va tarqatma materiallarni tayyorlash kabi qator masalalar muhokama qilindi.

O’tkazilgan trening va davra suhbati natijalariga ko’ra vazirlik va idoralar vakillari tomonidan joriy yilning noyabr va dekabr oylari davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazida mahalliy va xorijiy OAV vakillarini faol jalb etgan holda matbuot anjumanlari o’tkazishga kelishib olindi. Shuningdek, loyihaning barcha ishtirokchilar tomonidan matbuot anjumanlarini o’tkazish rejasi ishlab chiqildi.