• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

JAMOATCHILIK NAZORATIDA JARAYON EMAS, NATIJA ASOSIY MEZON BO‘LISHI LOZIM

2020 yilning 8-18 sentyabr kunlari «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan «Demokratiya va inson huquqlari» Instituti bilan hamkorlikda USAIDning huquqiy islohotlar Dasturining moliyaviy ko‘magida «NNTlar va davlat organlarining jamoatchilik nazorati sohasidagi hamkorligi: huquqiy jihatlar va amaliy mexanizmlar» mavzusida seminar-treninglar tashkil etildi. Unda Toshkent shahar, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Toshkent viloyatlari, Qoraqalpog‘ston Respublikasi hamda Toshkent shahridagi NNT vakillariga malakali ekspertlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonunning mazmun-mohiyati, huquqiy jihatlari va ijrosini taʼminlashning amaliy mexanizmlari keng, atroflicha tushuntirildi.

Mazkur hujjat bilan jamoatchilik nazoratining subyektlari, shakllari, bu sohadagi ijtimoiy munosabat ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari hamda jamoatchilik nazoratining natijalari huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Bugun, mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini olib borish bo‘yicha normativ-huquqiy baza shakllantirilgan bo‘lib, u tizimli ravishda rivojlanib bormoqda.

Taʼkidlash joizki, ayni vaqtda mamlakatimizda mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari mavjud bo‘lsa-da, ularning aksariyati jamiyat hayotida o‘z o‘rni va rolini topolmagan, faoliyati sezilarli darajada emas.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – seminar-trening davomida ishtirokchilarga NNTlarning huquqiy madaniyatini oshirish va «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining  mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuncha berish, shuningdek ushbu Qonun yuzasidan qiyosiy tahlil, xorijiy tajriba, davlat organlari hamda jamoatchilik nazorati subyektlarining nazorat sohasidagi huquq va majburiyatlari, jamoatchilik nazoratining asosiy tamoyillari, jamoatchilik nazorati shakllari haqida interaktiv shakllarda maʼlumot berishdan iborat.

Eldor TULYAKOV, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori:

– Jamoatchilik nazoratining asosiy quroli bu – qonun. Jamoat tashkilotlari davlat ijro tuzilmalarining qonunlarni qanday ijro etayotganini nazorat qiladi. Jamoatchilik nazoratining xulosalari ijro hokimiyatining faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish, kamchiliklarni tuzatish, xalqchillikni taʼminlashga xizmat qiladi. Fuqarolarning faolligi, ijtimoiy hodisalarga daxldorlik hissining ortishi hamda har bir davlat xizmatchisining o‘z faoliyati jamoatchilik nazorati ostida ekanligini chuqur his etib borishi fuqarolik jamiyati shakllanishi jarayonining muhim shartlaridandir. Yaʼni, davlat organlari aholiga o‘z siyosati, harakatlarini tushuntirib berishi, xalq oldida muntazam ravishda hisobot berib borishi bugungi zamon talabidir.

Fikrimizcha, jamoatchilik nazoratida jarayon emas, natijaga qarab xulosa chiqarish zarur. Aks holda, jamoatchilik nazorati ijro hokimiyati idoralarini depsinish holatiga tushirib qo‘yadi. Shu sababli jamoatchilik nazoratida jarayon emas, natija asosiy mezon bo‘lishi lozim.

Xulosa shuki, «davlat hokimiyati» va «jamoatchilik nazorati» bir-birini to‘ldiruvchi tushunchalardir. Davlat hokimiyati va jamoatchilik nazoratining birligi xalqning hokimiyatdan, hokimiyatning xalqdan begonalashuvining oldini olib, ozchilik va ko‘pchilik despotizmiga yo‘l qo‘ymaydi. Davlat hokimiyati va jamoatchilik nazoratining uyg‘unligini taʼminlash demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Seminar yakunida ishtirokchilarga jamoatchilik nazoratini tashkil etishning amaliy mexanizmlari yuzasidan tayyorlangan uslubiy qo‘llanma taqdim etildi hamda amaldagi mavjud holatlar bo‘yicha qonunchilikni yana-da takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati