• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

SLOVAKIYALIK TADBIRKORLAR BILAN HAMKORLIK MUSTAHKAMLANMOQDA

Ma'lumki, Harakatlar strategiyasi va uning asosida har yili amalga oshirib kelinayotgan Davlat dasturlarida ijtimoiy soha, xususan, aholi salomatligini saqlash, sog'lom turmush tarzini qaror toptirish hamda tibbiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga ustuvor e'tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, joriy “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi asosida ham sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirish yuzasidan muayyan ishlar qilindi.

Shunisi diqqatga sazovorki, mazkur yo'nalishda Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta'minlashga xususiy sektor vakillari – tadbirkor va ishbilarmon hamyurtlarimiz ham salmoqli hissa qo'shib kelishmoqda.

Ayniqsa, Davlat dasturining 196-197-bandlarida nazarda tutilgan xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, ushbu jarayonga chet el investitsiyalarini keng jalb qilish, tibbiyot tashkilotlari va aholining dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta'minlanganlik darajasini yaxshilash masalalarida xorijdan investitsiya olib kelish bo'yicha ibratli sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Slovakiya Respublikasining O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yan Bori tashabbusi bilan joriy yilning 24 noyabr kuni bo'lib o'tgan Slovakiya va O'zbekistonlik tibbiyot sohasiga oid tadbirkorlar ishtirokidagi anjumanda bir qator manfaatli kelishuvlar muhokama etildi. Xususan, Slovakiyaning Axon-Neuroscience, DB Biotech a.s., EKOM, Spol.sr.o., KALAS-Medical,s.r.o., BEBE-MEDIA, ChemosvitFibrochem, MedlineAssembly Slovakia, s.r.o., GAS Familia, s.r.o. Stará Ľubovňa, Slovenské liehovary a likérky a.s. kabi 30 dan ortiq tibbiyot texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalari bilan kelgusida hamkorlikni yanada kuchaytirish, mamlakatimizda ular ishtirokida tibbiy-texnik vositalar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish masalalarida o'zaro fikr almashildi.

Tadbirda “Shimko Group” korporatsiyasi prezidenti Vasiliy Shimko O'zbekistonda uzoq vaqt yashagani, o'qiganini e'tirof etib, yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish orzusi va nihoyat ro'yobga chiqqaniga to'xtaldi. Uning ma'lum qilishicha, O'zbekiston tibbiyot-asbob uskuna ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar Assotsiatsiyasi raisi Otabek Jiyanboyevning yaqindan bergan yordami bilan O'zbekistonda yangi yuqori texnologik tibbiy mahsulotlar korxonasi ish boshladi.

O'z navbatida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va Assotsiatsiya raisi Otabek Jiyanboyev ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishiga katta hissa qo'shayotgani uchun Slovakiya Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yan Bori va “Shimko Group” korporatsiyasi prezidenti Vasiliy Shimkoga “O'zbekiston Respublikasida tibbiyot texnika sohasidagi ko'p yillik xizmati va soha rivojiga qo'shgan hissasi uchun” ko'krak nishonini tantanali ravishda topshirishdi.

Yana shuni ta'kidlash joizki, Slovakiya Respublikasining O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yan Bori hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o'rtasida muloqot tashkil etilib, unda ikki davlat ishbilarmon doiralari, ishlab chiqaruvchi kompaniyalari o'rtasidagi o'zaro hamkorlik ufqlarini yanada kengaytirish, investitsiyalar oqimini ko'paytirish, tadbirkorlarni faol qo'llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Bu borada kelgusida Markaz va elchixona tashabbuskorligida alohida anjuman o'tkazishga kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati