• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
Kiberjinoyatchilikka qarshi qanday kurashish kerak?
13038 | 03 Dek. 2020 y.

Davrimizning fan va texnika sohasidagi yutuqlari kundalik ijtimoiy hayotimizga yanada qulay imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Biroq ana shu afzalliklar bilan bir qatorda, ayrim salbiy holatlar ham yuzaga kelmoqdaki, bundan ham ko'z yumib bo'lmaydi.

Shulardan biri kiberjinoyatchilikdir. Kiberjinoyatchilik — bu kompyuter, kompyuter tarmog'i yoki tarmoq qurilmasidan suiiste'mol qilishga qaratilgan jinoiy faoliyat hisoblanadi. Ularning aksariyati kiberjinoyatchilar yoki xakerlar tomonidan undan noqonuniy daromad orttirish maqsadida sodir etiladi.

Bugun texnologiyalar tobora rivojlanib borgani sari jinoyatchilar ham ulardan foydalanib, noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etayotir. Xususan, odamlar kartochkalaridan pulni o'marish sezilarli darajada oshdi. Tabiiyki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bu jinoyatchilar aniqlanib, tegishli jazo choralari ko'rilmoqda va jarblanuvchilarga zarar undirib berilmoqda.

2020 yilning birinchi yarmida O'zbekistonda firibgarlik jinoyatlari soni bir yil oldingiga qaraganda ikki barobarga ko'payib, olti oyda 3 ming 881 tani tashkil etgani biz uchun xavotirlidir. Boz ustiga texnologiya rivoj topgani sari firibgarlikning yangidan yangi turlari paydo bo'lmoqda.

Ulardan eng ko'p tarqalgani bank plastik kartalari bilan bog'liq. Ular orqali to'lovni amalga oshirish eng qulay usul sifatida tan olingan va amaliyotda keng qo'llaniladi.  Plastik karta yo'qolib qolgan taqdirda ham undan hech kimsa  foydalana olmasligi mablag' himoyasi kafolatidir. 

Yurtimizda ham bu tizimni takomillashtirish, xavfsizlik choralarini ko'rish bo'yicha vakolatli huquq-tartibot hamda bank idoralari bilan hamkorlikda muayyan chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bilamizki, internet tarmog'ida shubhali manbalar orqali ma'lumot olish, norasmiy ilovalarni yuklab olish, e'lon va elektron manzillarga javob berish imkoniyati cheklab qo'yilgan. 

Jumladan, shubhali va  ishonchsiz manbalar bilan bog'lanish natijasida nafaqat ma'lumotingiz tarqalib ketishi, balki pullaringizdan ayrilib qolish xavfi borligini doimo yodda tutish zarur. Sir emaski, hozirgi kunda fuqarolarning bank plastik kartalaridagi pul mablag'larini o'g'irlash holatlari tez-tez uchrab turibdi.

Bu yo'nalishda hozirgi kunga qadar axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan 600 dan ortiq jinoyatlarni aniqlashga erishildi.

Misol uchun, Toshkent shahar, Yunusobod tumanida doimiy ro'yxatda turuvchi, “Next” savdo majmuasida sotuvchi bo'lib ishlovchi Jahongir ariza bilan murojaat qilib, 10 may kuni o'ziga tegishli bo'lgan bank plastik kartasidan 2.020.000 so'm miqdoridagi pulni noma'lum shaxs “Telegram” ijtimoiy tarmog'idagi “Click va UzCard rasmiy Dilleri” nomli akkaunti orqali noma'lum yo'llar bilan yechib olganligini ma'lum qilgan.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tezkor-qidiruv bo'limi va Yunusobod tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv bo'limi xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida aybdor  Farg'ona viloyati, Beshariq tumanida doimiy ro'yxatda turuvchi, Farg'ona davlat universiteti talabasi bo'lish barobarida maktabgacha ta'lim muassasasida ingliz tili o'qituvchisi bo'lib ishlovchi Pirimqul J. ekanligi aniqlandi va ushlandi. Holat yuzasidan u bilan olib borilgan surishtiruv natijasida jinoiy harakatlarini amalga oshirish maqsadida may oyining boshlarida “Samsung J” rusumli telefon apparati va internet tarmog'i orqali AQShda ro'yxatga olingan +1(747)251-5148 SIP telefon raqamiga “Telegram” ijtimoiy tarmog'ida “Click va UzCard rasmiy Dilleri” nomli akkaunt ro'yxatga olingani aniqlandi. U Click va UzCard tashkilotlari nomidan “Telegram” ijtimoiy tarmog'ida guruh obunachilarining ishonchiga kirib, aldov yo'li bilan ularga tegishli bo'lgan bank plastik kartalarining barcha mablag'ini internet tarmog'i orqali R2R xalqaro pul o'tkazmalar tizimiga ulanib yechib olgan. Jinoiy yo'l bilan topilgan jami 8.000.000 so'm miqdoridagi mablag'ni internet tarmog'i orqali legallashtirib, otasi nomiga Milliy bank tomonidan rasmiylashtirilgan Virtual bank plastik kartasiga o'tkazib yuborganligini ma'lum qildi. Fuqaro Pirimqul J.ning “Samsung J” rusumli telefon apparati ko'zdan kechirilganda, “Click va UzCard rasmiy Dilleri” nomli akkaunti, “ClickVOT” akkauntida virtual bank plastik kartasi borligi aniqlanib, virtual bank plastik kartasida 19.283.000 so'm miqdorida mablag' mavjudligi aniqlandi. Hozirda ushbu  jinoyatga aloqador faktlar atroflicha tekshirilmoqda.

Bu kabi holatlar Oliy Majlis Senati a'zolariga fuqarolarimiz tomonidan yo'llangan murojaatlarda ham kuzatilyapti. Shu bois yuqori palataning tegishli qo'mitasi tomonidan bu borada ham tushuntirish va targ'ibot ishlari olib borilmoqda. Demak, fuqarolarimizning shunga o'xshash firibgarlik hamda o'g'rilik holatlariga duchor bo'lmasliklari uchun o'zlarining sir saqlanishi lozim bo'lgan plastik kartalari raqamini oshkor etmasligi, birovga rasmga tushirib bermasligi yoki og'zaki tarzda ma'lum qilmasliklari maqsadga muvofiq.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar zamonaviy texnika vositalari bilan ta'minlangan. Bu esa kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda qo'l kelmoqda.

Qutbiddin BURHONOV,
Oliy Majlis Senati
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi raisi


24
Похожие новости