
Mamlakatimizda birinchi bor o'tkazilgan O'zbekiston yoshlari forumida Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o'zi ishtirok etib, ertangi kunimiz egalari bilan dildan, samimiy muloqot qilishining tag zamirida juda katta mazmun-mohiyat mujassam. Forumda so'zlangan nutq barcha yoshlarimizga motivatsiya berdi, ularni kelajakka va o'ziga bo'lgan ishonchini yana bir karra oshirdi, chunki mazkur dasturilamal ma'ruzada hech bir jihat e'tibordan chetda qolmadi.
Prezident yana bir bor Uchinchi Renessans haqida, buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo'lish haqida fikr bildirar ekan, “Biz oila, maktabgacha ta'lim, maktab va oliy ta'limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo'lg'usi Renessansning eng muhim bo'g'inlari deb hisoblaymiz”, dedi.
Darhaqiqat, buyuk ajdodlarimiz tarixda ikkita Renessansga asos solib, ilm-fan sohasida ulkan kashfiyotlar qilishgan. Ulug' mutafakkirlarimiz asarlaridan asrlar davomida G'arbning nufuzli o'quv dargohlarida o'quv qo'llanmasi sifatida foydalanilgan, bugun ham foydalanib kelinmoqda. Mazkur asarlar Yevropada ko'plab fanlar rivojiga xizmat qilgan, keyinchalik yirik kashfiyotlarga ham asos bo'lgan.
Prezident shuning uchun ham yoshlarimizni ruhlantirib, ularni ajdodlarimizga munosib avlod bo'lishlarini, chet ellik tengqurlaridan hech bir jabhada ortda qolmasliklarini, ilm-fan cho'qqilarini zabt etib, bilim va salohiyatlarini yurtimiz taraqqiyoti yo'lida safarbar etishni, Uchinchi Renessansga asos solib, pirovardida mamlakatimizni dunyoning rivojlangan davlatlari safidan o'rin egallashini ertangi kunimiz vorislaridan so'ramoqda. Bu yo'lda nima kerak bo'lsa, qanday shart-sharoit va imkoniyatlar zarur bo'lsa, ziyodi bilan muhayyo etib berilishini ta'kidlamoqda.
Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlar masalasida ko'plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni nimalarda ko'ryapmiz? Eng avvalo, Harakatlar strategiyasi asosida har yili qabul qilinayotgan Davlat dasturlarida yoshlar manfaatlarini ta'minlash, ular uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish, ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan ko'plab chora-tadbirlarning ilgari surilayotgani hamda ularning ijrosi izchil ta'minlanayotganini misol qilish mumkin.

Davlat rahbari tashabbusi bilan joriy yilda Yoshlar ishlari agentligi faoliyatining yo'lga qo'yilgani yoshlarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytiribgina qolmay, ularni hayotda o'z o'rinlarini topishlarida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Qolaversa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senati huzurida yoshlar parlamentining tashkil etilgani, yosh parlamentariylar o'zlari istiqomat qiladigan hudud yoshlariga tegishli muammolarni o'rganib, sabablarini aniqlash, dolzarb masalalarni tengdoshlari o'rtasida muhokama qilish, ularning huquq-manfaatlarini himoyalash, hayotiy muammolarini parlament minbariga olib chiqish, qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini ta'minlash, bo'lg'usi parlament azolarini hamda siyosatchilarni tayyorlash, o'g'il-qizlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yo'naltirib borishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Agar ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida gapiradigan bo'lsak, sohada mutlaqo yangi tizim — Prezident va ijod maktablari, matematika, ximiya, biologiya fanlari bo'yicha maxsus maktablar tashkil etilganini alohida qayd etib o'tish joiz. Shuningdek, yoshlarimizga “IT” texnologiyalarni chuqur o'rgatadigan ta'lim maskanlarining soni kun sayin ko'payib bormoqda. Bunday ilm dargohlarini tashkil etishdan maqsad — yoshlarni zamonaviy talablar, ilg'or xorijiy tajribalar asosida o'qitish, shu orqali raqobatbardosh kadrlarni yetishtirishdan iborat.
O'rni kelganda ta'kidlash joizki, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ham Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalardan kelib chiqib, ayni jarayonlarda faol bo'lishga intilmoqda, har yilgi Davlat dasturlariga yoshlar masalasi, ta'lim sohasini isloh etishga oid takliflarni ilgari surib kelyapti. Davlat dasturlarining boshqa barcha yo'nalishlari qatori, mazkur yo'nalishda belgilangan vazifalar qanday bajarilayotganini monitoring qilib borilmoqda. Qolaversa, Markaz tomonidan ilg'or xorijiy oliy ta'lim muassasalari, ta'lim sohasi mutaxassislari, faol yoshlar ishtirokida turli xalqaro anjumanlar tashkil etilmoqda. Ularda o'zaro fikr almashilib, ilg'or xorijiy tajriba o'rganilmoqda, ulardan kelib chiqib, taklif-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga taqdim etib borilmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, bundan buyon ham yoshlar bilan ishlash faoliyatimizning eng asosiy ustuvor yo'nalishi bo'lib qolaveradi.
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori