
F.Ishankulov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
loyiha rahbari
So'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayoni ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarini qamrab oldi. Ayniqsa, qonun, qaror va farmonlar qabul qilinishidan avval keng jamoatchilik muhokamasiga qo'yilib, aholining xohish-istaklari inobatga olinayotgani davlat organlari ustidan jamoatchilik nazorati o'rnatilishida muhim ahamiyat kab etmoqda.
Xususan, davlat organilari tomonidan ilgari surilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar Adliya vazirligi tasarrufidagi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo'yilmoqda. O'tgan davr mobaynida mazkur portalga 8000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat, jumladan, 557 ta qonun, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 242 ta farmon, 681 ta qarori loyihalari, Vazirlar Mahkamasining 2380 ta qarori loyihalari muhokamaga qo'yilgan bo'lsa, ularga 35 000 ga yaqin takliflar bildirilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmog'ida maxsus “maydon”lar yaratish zarurligini ta'kidlagan edi.
Shu asosda, “Mening fikrim” maxsus veb-portali tashkil qilinib, u orqali O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat qilish tartibi joriy etildi. Hozirda har bir fuqaro o'zining konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, mamlakat qonunchilik tizimini rivojlantirish borasida o'z fikrini erkin bildirmoqda. Bugungi kunga qadar mazkur veb-portal orqali 440 ta petitsiya e'lon qilindi.
Darhaqiqat, jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyati rivojining muhim omili bo'lib, bugungi kunda uning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O'zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o'z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egaligi belgilangan. Shuningdek, 2018 yilda “Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Davlat hokimiyati organlarining parlament hamda mahalliy Kengashlarga hisobdorligining yo'lga qo'yilishi va “Elektron hukumat”ning joriy etilishi jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin hamkorlikni o'rnatish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. O'z navbatida, davlat boshqaruvi organlarining xalq vakillari oldidagi hisobdorligi qilinayotgan ishlarning ochiq-oshkoraligi, eng muhimi, ularning mas'uliyatli bo'lishini ta'minlayapti.
Shuni alohida qayd etish lozimki, «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan yangi g'oyani amalda ro'yobga chiqarish, aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki ko'lamini kengaytirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolar, jamiyat va davlatning o'zaro yaqin hamkorligini o'rnatish, shuningdek davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to'g'risda”gi PF 5982-sonli farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan quyidagilar belgilandi:
• Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar a'zodan iborat tarkibda shakllantiriladi;
• Jamoatchilik palatasi har yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to'g'risida yillik milliy ma'ruzalarni taqdim etadi;
• Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari a'zolari har bir davlat organining ochiq hay'at majlisida, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida, «Hukumat soati»da, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlari majlislarida ishtirok etishga haqli;
• Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari davlat organlari va tashkilotlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan Jamoatchilik palatasi so'rovini yuborish huquqiga ega. Bunda davlat organlari va tashkilotlari so'rovga javobni, agar boshqa muddat belgilangan bo'lmasa, u olingan kundan e'tiboran o'n kundan kechiktirmay yuborishi lozim.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamizning 28 yilligi munosabati bilan O'zbekiston xalqiga yo'llagan bayram tabrigida ham Konstitutsiya va qonunlarimizni yanada takomillashtirish, ushbu vazifalarni bajarishda siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo'lishi lozimligi, so'z va matbuot erkinligi, ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o'rnatishga qaratilgan ishlarimizning ta'sirchanligini yanada oshirishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish lozimligi ta'kidlandi.
Bir so'z bilan aytganda, davlat organlari mansabdor shaxslarining xalqimizga o'z faoliyatlari yuzasidan ommaviy axborat vositalari orqali muntazam hisobot berish tizimi yaratilgani, davlat xizmatchilarining eng chekka hududlargacha borib, uyma-uy yurib aholi muammolarini o'rganayotgani, “elektron hukumat” shakllanayotgani, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish bo'yicha qonunchilikning tizimli takomillashtirilayotgani davlat idoralari va xalqimizning mamlakatimiz taraqqiyotiga birgalikda hissa qo'shishiga xazmat qilmoqda.
Bu borada 2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo'naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda, ayniqsa, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirishda, eng asosiysi, jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etib kelayotganini alohida e'tirof etish zarur.