• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
“JAHON BANKI GURUHI 2021 YILDA YOSHLARNI MANZILLI QO'LLAB-QUVVATLASHDA HUKUMATGA KO'MAKLASHADI”
2583 | 15 Yan. 2021 y.

Marko MANTOVANELLI,

Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo'llagan yillik Murojaatida ko'plab muhim mavzularga to'xtalib o'tdi. Men unda alohida e'tiborga loyiq bo'lgan fikrlarni ta'kidlamoqchiman.

Birinchidan, Prezident o'z nutqining muhim qismini inson kapitaliga sarmoya kiritish va aholini sifatli tibbiy va ta'lim xizmatlari bilan ta'minlashning ahamiyatiga bag'ishladi. Ushbu chora-tadbirlar fuqarolarning sog'lig'iga va uy xo'jaliklarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga salbiy ta'sir ko'rsatadigan COVID-19 pandemiyasi paytida ayniqsa muhimdir. Inson kapitaliga sarmoyalar iqtisodiy islohotlar samaradorligi, inqirozdan keyingi tiklanish va tezlashtirilgan iqtisodiy o'sish uchun juda muhimdir.

Xalqaro moliya korporatsiyasi, Jahon banki guruhining xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash tashkiloti yaqinda O'zbekistondagi birinchi davlat-xususiy sherikligi asosidagi sog'liqni saqlash loyihasini boshlashga ko'maklashdi. Mazkur loyiha ixtisoslashgan yordamni olishda qiynalayotgan, xususan, mamlakatning chekka hududlaridagi bemorlarga jahon darajasidagi dializ xizmatlarini ko'rsatishda yordam beradi. Shuningdek, Jahon banki shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish va sog'liqni saqlash tizimini pandemiyaga qarshi samarali choralar ko'rishga tayyorlash uchun moliyaviy ko'mak ko'rsatmoqda.

Bundan tashqari, Jahon banki Hukumatga maktabgacha, maktab va oliy ta'lim tizimlarida sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo'yicha rejalarini amalga oshirishda ko'mak ko'rsatishga tayyor. Biz bilamizki, inson kapitaliga sarmoya kiritish nafaqat fuqarolarning o'ziga, balki butun jamiyatga katta iqtisodiy daromad keltiradi.

Prezident kambag'allikni qisqartirishda kompleks yondashuv zarurligini ta'kidlab o'tdi. Mazkur yondashuv kambag'allar manfaatini e'tiborga oladigan iqtisodiy o'sish, samarali ish bilan ta'minlash va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini o'z ichiga qamrab oladi. Jahon banki kambag'allikni qisqartirish va turmush darajasini yaxshilash maqsadida O'zbekiston Prezidenti tomonidan 2021 yilda ustuvor vazifalar sifatida belgilangan yo'nalishlarda ko'mak ko'rsatmoqda.

Ikkinchidan, Prezident COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan barcha qiyinchiliklarga qaramay, mamlakat uchun qiyin, ammo juda zarur iqtisodiy islohotlarni davom ettirishda o'zining kuchli siyosiy irodasini tasdiqlab o'tdi. Hukumat barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish uchun islohotlarni davom ettirish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish niyatida ekanligini eshitish ham o'zbekistonliklar, ham xalqaro hamjamiyat uchun muhim edi, deb hisoblayman.

Jahon banki mamlakatga ochiq, raqobatbardosh va yanada inklyuziv bozor iqtisodiyotiga o'tishda yordam beradi. Shuning uchun biz Prezident hukumatga inqirozdan keyingi iqtisodiy tiklanishni jadallashtirish va uning muhim tarmoqlarini isloh qilish bo'yicha 2021 yilda amalga oshirish yuzasidan berilgan topshiriqlarni mamnuniyat bilan qabul qilamiz.

Biz hukumatning O'zbekistondagi bozor islohotlari muvaffaqiyatining muhim sharti bo'lgan yirik davlat korxonalari va banklarini o'zgartirish va isloh qilish bo'yicha rejalarini to'liq qo'llab-quvvatlaymiz.

Biz Prezident tomonidan davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish va xususiy sektorning yanada o'sishini ta'minlash yuzasidan ta'kidlab o'tilgan rejalarini mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Masalan, hukumatning Jahon banki guruhi bilan energetika sohasidagi yaqin hamkorligi raqobat asosida tanlangan xususiy xorijiy investor ishtirokida O'zbekistondagi birinchi quyosh elektr stantsiyasini qurish uchun tegishli sharoitlarni yaratdi.

Kambag'allikni qisqartirish va qishloq aholisining daromadlarini oshirish uchun qishloq xo'jaligi mahsuldorligi va samaradorligini keskin oshirish lozim, degan Prezidentning fikriga qo'shilamiz. Jahon banki O'zbekistonda qishloq xo'jaligi modernizatsiyasi, irrigatsiya hamda qishloq tadbirkorligini rivojlantirish sohalarida yirik loyihalarni moliyalashtiradi. Ularni amalga oshirish qishloq xo'jaligida zamonaviy ilmiy ishlanmalar va innovatsion yechimlarni joriy etishga imkon beradi. Ular qishloq joylarda mahsuldorlik va daromadlarni oshirishga yordam beradi.

Uchinchidan, Prezident islohotlarni amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish va barcha davlat organlarida qarorlar qabul qilish jarayonlarida shaffoflikni ta'minlash zarurligini ta'kidladi. Ushbu sohalarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlarni mamnuniyat bilan qayd etdik.

Xulosa qilib, Jahon banki guruhi hukumatga 2021 yilda yoshlarni manzilli qo'llab-quvvatlashda ko'maklashishga tayyorligini bildirmoqchiman. O'zbekiston mustaqilligining 30 yilligi yilida yoshlar rivojlanishiga sarmoya — o'tmishga hurmat ko'rsatish va mamlakatda kelajakdagi taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratishning eng yaxshi usulidir.


1
Похожие новости