• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

YOSHLАRGА OID DАVLАT SIYOSАTI KONTSEPTSIYASI TАSDIQLАNDI


Maʼlumki, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 183-bandida O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida amalga oshiriladigan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha “O‘zbekiston yoshlari — 2025” Kontseptsiyasi loyihasini ishlab chiqish belgilangan edi. Unda O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning xalqaro standartlarga mos yangicha mexanizmlarini yaratish nazarda tutilgandi.

Mazkur band ijrosini taʼminlash maqsadida 2021-yilning 18-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur Kontseptsiya BMTning “Yoshlar — 2030” strategiyasida belgilangan “Yoshlar manfaatlarini ko‘zlab, ular bilan ishlash” bosh tamoyiliga asoslanadi. Hujjat bilan Kontseptsiyani 2021-2022-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Kontseptsiya 2023-yildan boshlab har yili tasdiqlanadigan tegishli “yo‘l xaritalari” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Yoshlar ishlari agentligiga vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yildan boshlab har yili 1-dekabrga qadar tegishli “Yo‘l xaritasi” bajarilishi yakunlarini batafsil o‘rganish asosida keyingi yil uchun “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish, tegishli “yo‘l xaritalari”ning bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borish vazifalari topshirildi.

Kontseptsiyada yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish, taʼlimning barcha bosqichlarida yoshlarning sifatli taʼlim olishini taʼminlash, hududlarda inklyuziv taʼlim rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish, yoshlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan “Besh muhim tashabbus”ni amalga oshirish vazifalarini bajarish nazarda tutilgan.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor yoshlar, Mehribonlik uylarida tarbiyalangan yetim bolalar, boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar jamoat tashkilotlari va volontyorlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ushbu hujjatda o‘z aksini topgan.

“Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, “Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasi bo‘yicha yoshlar ishtirokida keng doirada muhokamalarni tashkil etish, O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari, yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini va “Yoshlar murojaati” elektron platformasini shakllantirish, yoshlarning innovatsion, amaliy va istiqbolli startap loyihalariga grant mablag‘lari ajratish, xalqaro yosh tadbirkorlar biznes forumi va startap tadbirlarini o‘tkazish, maishiy zo‘ravonlikka uchrayotgan yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularni himoya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqish belgilangan.

Shu bilan birga, “Biz birgamiz” shiori ostida volontyorlar forumini tashkil etish, barcha Mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchilarning inson omilidan zarar ko‘rish holatlarining oldini olish maqsadida hududiy monitoring guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2021-yil yakuniga qadar 102 ta tuman (shahar)da raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish “Yo‘l xaritasi”dan o‘rin olgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Аxborot xizmati