
Joriy yilning 5-fevral kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Аdliya vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasi: Harakatlar strategiyasining to‘rt yillik samaradorligi va 2021-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar» mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli anjumanda davlat boshqaruvi organlari, NNTlar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchilari, ekspertlar, mutaxassislar, mahalliy va xorijiy OАV vakillari ishtirok etishdi.
Forumni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ochdi va olib bordi. U o‘z so‘zida O‘zbekiston bugungi jahon hamjamiyati uchun sinovli boʼlgan pandemiya davrida ham jadal taraqqiy etayotgani, iqtisodiyotda barqaror o‘sish surʼatlariga erishayotgani, eng asosiysi, aholining ijtimoiy muhofazasini taʼminlash borasida bir qator hayotiy tashabbuslarning amalga oshirilishi natijasida fuqarolarning turmush farovonligi yuksalayotgan mamlakat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotganini qayd etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Oʼzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Аkmal Saidov Prezident Murojaatnomasining ustuvor jihatlariga to‘xtalar ekan, jumladan, quyidagilarni alohida taʼkidladi:
Parlament vakili sifatida deputatlarimiz oldida turgan va tom maʼnoda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Murojaatnomada belgilangan quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish lozim, deb bilaman. Murojaatnomada bundan 4 yil oldin qabul qilingan, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirish bo‘yicha ustuvor dasturiy hujjat bo‘lgan Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan, mamlakatimiz ravnaqini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish va Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessansga mustahkam asos yaratishga qaratilgan tub demokratik islohotlar holati va istiqbollari, maqsad va vazifalari chuqur tahlil qilib berildi.
2020-yilda O‘zbekiston tarixida ilk marotaba BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga aʼzo etib saylandi. АQSh davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarildi. Prezidentimizning BMT Bosh Аssambleyasi 75-sessiyasining oliy minbaridan ilgari surgan global va mintaqaviy tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Murojaatnomada inson huquqlarini himoya qilishning noyob mexanizmini takomillashtirishga oid aniq tashabbus va takliflar berildi. Shu bilan birga, BMT shafeligida “Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim” global forumi, Yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan Butunjahon yoshlar anjumanini hamda Diniy erkinlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy konferentsiyalarni o‘tkazish belgilangan.

Аdliya vazirining o‘rinbosari Аkbar Toshqulov o‘z maʼruzasida Harakatlar strategiyasi va uning doirasidagi Davlat dasturlari asosida oʼtgan 4 yilda Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilganini taʼkidladi. Jumladan, Parlament va mahalliy hokimiyat organlarining davlat boshqaruvini tashkil etishdagi roli sezilarli ravishda kuchayib, ijro hokimiyatini transformatsiya qilish jarayonlari jadal amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha mutlaqo yangi va samarali tizim joriy etildi. Yaʼni, Аdliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Mazkur tashkilot ayni vaqtda aholi va tadbirkorlik subʼektlariga 150 turdagi davlat xizmatlarini koʼrsatib kelmoqda.
Shu bilan birga, davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish, xizmatga qabul qilishning shaffof mexanizmlarini joriy etish maqsadida Prezident huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Shuningdek, davlat va jamiyat o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholining kundalik hayotidagi muammolarni tezkor o‘rganish va hal qilish maqsadida Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari, Bosh vazir qabulxonasi kabi fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlari murojaatlari bilan bevosita ishlash institutlari tashkil etildi.
Davlat boshqaruvini byurokratiyadan holi qilish va uning sarf-xarajatlarini pasaytirish, boshqaruv qarorlari qabul qilish tizimining faoliyat samaradorligini va shaffofligini oshirish maqsadida nomarkazlashtirish jarayoni asosida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 11 ta alohida funktsiya va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga o‘tkazildi. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 28-turdagi maʼlumotnoma - hujjatlarni fuqarolardan talab qilish amaliyoti bekor qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh Аgzamova o‘z maʼruzasida o‘tgan to‘rt yil mobaynida Parlament islohotlari samaradorligiga eʼtibor qaratdi. Jumladan, parlament va siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi o‘rni va roli kuchaytirilib, deputat va senatorlarning faqat kiritilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bilan cheklanmasdan, har oyning dastlabki o‘n kunligida bevosita o‘zi saylangan okrugga borib, xalqning turmush darajasidan xabar olish, uni qiynayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda ishtirok etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish tartibi joriy etilib, qonunchilik bazasini tizimlashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlarni qabul qilish amaliyoti qo‘llanila boshlandi.
Parlament nazorati – davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan javobgarligini oshiruvchi eng muhim institut sifatida shakllandi.Natijada, o‘tgan to‘rt yil mobaynida 100 dan parlament eshituvi o‘tkazildi. Parlament va deputat so‘rovlari qonun va qarorlar ijrosini hamda islohotlar samaradorligini taʼminlovchi taʼsirchan vositaga aylandi. Parlament faoliyatida «Hukumat soati» hamda «Parlament eshituvi» amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, har ikki palatada Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etildi.
Oliy sud sudьyasi – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hayʼati raisi o‘rinbosari Qobiljon Komilovning qayd etishicha, Harakatlar strategiyasining Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida sud-huquq sohasini takomillashtirish, jumladan sohada yillar davomida yechim topmagan muammoli masalalarni hal qilish borasida odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta kodeks yangidan qabul qilinib, qator qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, o‘z navbatida, o‘ndan ortiq Prezident farmon va qarorlari, shuningdek, bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.
Jumladan, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy printsipiga rioya etilishini taʼminlashga ko‘maklashadigan O‘zbekiston Respublikasi Sudьyalar oliy kengashi tuzildi. Sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funktsiyalarni bartaraf etish hamda yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi.
Mamlakat tarixida ilk bor davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy hatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasidagi konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirishni taʼminlash maqsadida maʼmuriy sudlar tashkil etildi. Jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilinib, dalillarga baho berish instituti takomillashtirildi. Bu, o‘z navbatida, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilgan holda oqlov hukmlari ko‘payishiga asos yaratdi.
Shunisi diqqatga sazovorki, o‘tgan to‘rt yilda 2770 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilib, 2687 nafar shaxs sud zalidan ozod qilindi, 5225 nafar fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan ayblovlar olib tashlangan.
So‘nggi yillarda sudlar faoliyatida raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Masalan, sudlar o‘rtasida maʼlumot almashish va ish yuritish elektronlashtirildi, ishlarni sudьyalar o‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlash, sud majlisini videokonferentsaloqa rejimida o‘tkazish, sud qarorlarini Internet tarmog‘ida eʼlon qilish, ijro hujjatlarini majburiy ijroga elektron shaklda yuborish amaliyoti joriy etildi. Davlat boji va boshqa yig‘imlar hisobini yuritishning yagona elektron to‘lov tizimi hamda jismoniy va yuridik shaxslar uchun Interaktiv xizmatlar portali ishga tushirildi. Bu qulayliklar fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman, odil sudlovga erishish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash imkonini berdi. Xususan, o‘tgan to‘rt yil davomida 24 mingdan ortiq sud majlislari videokonferentsaloqa shaklida o‘tkazilib, 52 mingdan ortiq taraflarning vaqti va mablag‘i tejaldi.
Inson huquqlarining to‘liq taʼminlanishi yo‘lida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Natijada, “bir sud — bir instantsiya” tamoyili yaratilib, sud qarorlarini qayta ko‘rish tizimida yillar davomida to‘planib qolgan muammolarning yechimiga erishildi. Bu tamoyil ushbu tizimni tubdan takomillashtirishga zamin yaratdi. Bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirildi. Xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi.
Аnjumanda so‘z olgan Moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isoqov Iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keyingi to‘rt yilda ichida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalar ekan, 2017-yildan boshlab amalga oshirib kelinayotgan valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarning natijalari haqida alohida to‘xtaldi. Jumladan, milliy valyuta – so‘mning erkin ayirboshlanishi yo‘lga qo‘yilgani, xo‘jalik yurituvchi subʼektlar o‘z valyuta resurslarini erkin tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgani va ular tomonidan valyuta tushumlarini sotish majburiyatlarining bekor qilinishi, yuridik shaxslar uchun mahsulotlarni import qilishda chet el valyutasini erkin xarid qilish va chet el investorlarining foydani erkin olib chiqish imkoniyati yaratilgani iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashda muhim omil bo‘ldi.
O‘z navbatida, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, iqtisodiyotda xususiy sektorning o‘rni va ahamiyatini oshirish, davlat mulkini boshqarish uslublarini butunlay o‘zgartirish, tadbirkorlik subʼektlariga investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida berilayotgan imtiyoz va preferentsiyalar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha keng imkoniyatlar va huquqiy kafolatlar yaratish, davlat byudjetini isloh qilish va shaffofligini taʼminlash, byudjet ijrosi intizomini kuchaytirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarni transformatsiya qilish masalalarida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Аbdinazarov o‘z chiqishida yuqori va barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi daromadlarini oshirish, kambagʼallikni qisqartirish, tadbirkorlik subʼektlariga investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlarini yaratish, tashqi qarz yukini maqbul darajada saqlab turish, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, raqobat muhitini yaxshilash, bozorlarni erkinlashtirish, narx-navo barqarorligini taʼminlash, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xususiylashtirish, umuman, iqtisodiyotni jadal rivojlanishiga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi haqida so‘z yuritdi.
Xalqaro forumda Bandlik va mehnat munosabatlari, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirliklari mutasaddilari ham so‘zga chiqib, Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tgan to‘rt yil mobaynida qo‘lga kiritilgan natijalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tishdi. Jumladan, taʼlim sohasidagi islohotlar natijasida maktabgacha taʼlim qamrovi qariyb 61 foizga yetdi. Bugungi kunda 4 ta Prezident maktabi va 9 ta Ijod maktabi hamda informatika va matematika, fizika va astronomiya, kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 3 ta maktab ish boshladi.
2016-yilda O‘zbekistonda 77 ta Oliy taʼlim muassasasi faoliyat koʼrsatgan boʼlsa, bugungi kunga kelib ularning soni 132 taga yetdi. Eʼtiborli jihati, yangi tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalarining aksariyati yoshlar va aholining ijtimoiy holatidan kelib chiqib, viloyat va chekka tuman markazlarida tashkil etildi. Oliy taʼlim muassasalarining 71 tasida sirtqi taʼlim, 18 tasida kechki taʼlim shakllari yo‘lga qo‘yildi.
Sohadagi islohotlar natijasida professor-o‘qituvchilarning soni to‘rt yilda 24 386 tadan 29 998 taga yetkazildi. Yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga, oliy taʼlimning qabul parametrlari 58 022 tadan 148 114 taga yetkazildi.
Shuningdek, aholi bandligini taʼminlash hamda mehnat huquqlarini to‘laqonli muhofaza qilish borasida ham izchil saʼy-harakatlar amalga oshirildi. 2016-yilda respublikaning beshta hududida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining filiallari tashkil etilgan boʼlsa, bugungi kunda ular respublikaning barcha – 14 ta hududida faoliyat ko‘rsatmoqda. Mehnat migrantlarining to‘laqonli huquqlarini taʼminlash uchun xorijiy davlatlarda ham 29 ta vakolatxonalar tashkil etildi.
Shuningdek, pandemiya va bugungi zamon talablarining ishchi va ish beruvchiga qo‘yayotgan yangidan-yangi talablarini hisobga olgan holda, 2020-yil yakunida amaldagi “Mehnat kodeksi” yangi tahrirda ishlab chiqildi.
Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni taʼminlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirib kelinayotgan islohotlar yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi vakillari so‘z olib, keyingi yillarda O‘zbekistonning tashqi siyosat va xavfsizlik borasidagi faol saʼy-harakatlari jahon hamjamiyati eʼtiborini qozonayotganiga alohida ahamiyat qaratishdi.
Ushbu sohadagi islohotlar natijasida O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘z pozitsiyasini bildirish imkoniyati kengaydi. 2018-yil 12-dekabr kuni O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Аssambleyasining maxsus “Maʼrifat va diniy bag‘pikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi.
2020-yil 12-13-avgust – Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida tashkil etilgan inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi esa, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining yorqin misoli bo‘ldi.
O‘tgan vaqt davomida O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan inson huquqlarini taʼminlash borasidagi hamkorligida yangi sahifa ochildi. O‘zbekiston ilk bor BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengash aʼzosi etib saylandi. O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʼnalishi bo‘lmish Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarda faol siyosat yuritildi. Natijada, qulay muloqot muhiti yaratildi. Bu borada 600 dan ortiq yuqori darajadagi hamda idoralararo tashrif, uchrashuv va onlayn-muloqotlar tashkil etildi.
O‘zbekiston 32 ta ikki tomonlama hujjatni turli darajadagi tadbirlarda va diplomatik kanallar orqali imzoladi. Jumladan, Germaniya, Shveytsariya, Yevropa Ittifoqi va Hindiston bilan moliyaviy-texnikaviy hamkorlik (grant, imtiyozli kredit) bitimlari imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasining Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) va Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash), Osiyoda ishonch va hamkorlik choralari bo‘yicha kengash (OHIChBK) kabi mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligi faol rivojlanib bormoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston 6 ta universal va 5 ta mintaqaviy xarakterdagi ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalarga qo‘shildi. Yevropa ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimini imzolash, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish, Yevropa Ittifoqining GSP+ benefitsiar maqomiga erishish borasida izchil ishlar amalga oshirildi.
Xalqaro anjumanda o‘tgan 4-yil mobynida amalga oshirilgan islohotlar samarasi sarhisob etilishi barobarida, joriy 2021-yilda belgilangan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
Eʼtirof etilganidek, O‘zbekiston rahbarining 2020-yil 29-dekabrda parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ustuvor vazifalar qatorida qayd etilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi salomatligini mustahkamlash, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsirini yumshatish kabi muhim ustuvor yoʼnalishlar kuni kecha qabul qilingan 2021-yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham oʼz ifodasini topdi.
Forumda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari – Birlashgan millatlar tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer, Elchi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va boshqalar o‘z chiqishlarida Murojaatnomada ilgari surilgan taklif va tashabbuslar zamonaviy xalqaro tamoyillar bilan hamohang ekaniga eʼtibor qaratishdi.
Xalqaro forum ishtirokchilari tomonidan «Harakatlar strategiyasi» bugungi globallashuv sharoitida jahonda tub o‘zgarishlar kechayotgan murakkab bir vaziyatda, O‘zbekiston uchun siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarning eng muhim besh ustuvor yo‘nalishini amalga oshirishning yaqin istiqbolga mo‘ljallangan muhim milliy strategik hujjati ekanligi taʼkidlandi. Mazkur hujjat mamlakatda davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash va himoyalash, eng asosiysi, xalqni rozi qilish va aholining farovon turmushini taʼminlash yo‘lida ustuvor ahamiyat kasb etib kelayotgani eʼtirof etildi.
Ochiq va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda har bir maʼruzadan so‘ng qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi. Аnjuman davomida xorijiy va mahalliy ekspertlar o‘zlarining fikr-mulohazalari bilan ham o‘rtoqlashishdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Аxborot xizmati.