• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT DASTURINING 16-BANDI AMALDA: NNTLAR FAOLIYATI TAKOMILLASHTIRILMOQDA

Ma'lumki, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning asosiy yo'nalishi sifatida belgilangan.

Darhaqiqat, bugungi kunda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari demokratik huquqiy davlat barpo etish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlash hamda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy salohiyatini oshirish yo'lida muhim rol o'ynamoqda.

2021 yil 3 mart kuni “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident Qarorining qabul qilingani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokchi va hamkor sifatida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini yanada oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash ko'lamini kengaytirish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ta'kidlash joiz, Davlat rahbarining mazkur Qarori 2021 yil — “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 16-bandi ijrosini ta'minlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Unda nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi va faoliyatining samaradorligini oshirish yuzasidan vazifalar belgilangan.

Mazkur Qaror bilan 2021 yil 1 martdan boshlab:

nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ro'yxatdan o'tkazuvchi organni xabardor qilgan (ma'lumot uchun) holda xorijiy manbalardan olinadigan pul mablag'lari va mol-mulkning bir kalendar yilidagi jami summasi bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan yuz baravarigacha oshiriladi;

nodavlat notijorat tashkilotini qayta ro'yxatdan hamda uning ramzini davlat ro'yxatidan o'tkazish muddati bir oydan o'n besh kungacha qisqartiriladi;

nogironligi bo'lgan shaxslar, faxriylar, nuroniylar, xotin-qizlar, bolalar jamoat birlashmalari ramzlarini davlat ro'yxatidan (qayta ro'yxatdan) o'tkazish uchun davlat boji undirilmaydi;

nodavlat notijorat tashkilotining alohida bo'linmasi yuridik shaxs hisoblanadi, bunda alohida bo'linmalarni hisobga qo'yish tartibi bekor qilinadi.

 

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha parlament komissiyasi hamda O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining quyidagi takliflari asosida:

mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni moliyalashtirish uchun O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondiga davlat subsidiyasi ajratib boriladi;

Assotsiatsiya va uning hududiy bo'linmalari boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 44 nafar etib belgilanadi hamda ularning mehnatiga haq to'lash miqdorlari ikki baravarga oshiriladi;

Assotsiatsiya markaziy apparati va hududiy bo'linmalari zarur texnika, avtotransport vositasi, ofis anjomlari, mebel jihozlari bilan ta'minlanadi hamda boshqa moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi.

Qarorda Assotsiatsiyaga ikki hafta muddatda Assotsiatsiyaning yangilangan tuzilmasini ishlab chiqish va tasdiqlash belgilangan. Shu bilan birga, Assotsiatsiya faoliyatining asosiy yo'nalishlari ko'rsatib o'tildi.

Qaror bilan “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Assotsiatsiyaning xalqaro grant mablag'lari hisobidan ilovaga muvofiq 2021–2022 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida fuqarolik jamiyati institutlari faollari o'rtasida samarali hamkorlikni yo'lga qo'yish, yangi fuqarolik tashabbuslarini amalga oshirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, mavjud muammolarning yechimi yuzasidan takliflar tayyorlash hamda shaxsiy bilim va ko'nikmalarini oshirishga xizmat qiluvchi kovorking-markazlarini tashkil etish tashabbusi qo'llab-quvvatlandi. Shu bilan birga, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari kovorking-markazlarini tashkil etish, shuningdek, ushbu tashabbusning samarali va to'liq amalga oshirilishida har tomonlama ko'maklashishi belgilangan.

Shuningdek, faoliyatini ustav maqsadlariga muvofiq O'zbekiston Respublikasining barcha hududida olib boradigan hamda ikki yoki undan ortiq ma'muriy-hududiy birlikda alohida bo'linmalariga ega bo'lgan nodavlat notijorat tashkilotlari respublika nodavlat notijorat tashkilotlari etib e'tirof etilishi, faoliyatini ustav maqsadlariga muvofiq viloyat, tuman, shahar, shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan nodavlat notijorat tashkilotlari hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanishi, hududiy nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida davlat boji undirilishi ham qarorda o'z aksini topgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.