• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“TARAQQIYOT STRATEGIYASI” MARKAZI XODIMI XALQARO ANJUMANDA O'Z ILMIY-TADQIQOT LOYIHASINING TAQDIMOTINI O'TKAZDI

Joriy yilning 4 mart kuni Osiyo taraqqiyot bankining “Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik instituti” tomonidan “COVID-19 va Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka a'zo mamlakatlarning iqtisodiy tiklanish salohiyati” mavzusida xalqaro ilmiy tadqiqotlar anjumani tashkil etildi.

Nufuzli anjumanda yetakchi xalqaro mutaxassislar global pandemiyadan so'ng Osiyo, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy-ijtimoiy barqarorlikka erishishi va tiklanishi, mintaqaviy hamkorlik va integratsiya, savdo va turizm masalalarida ilmiy tadqiqot ishlarini muhokama qilishdi.

Ta'kidlash joizki, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik instituti bugungi kunda 10 ta davlat — Afg'oniston, Mo'g'iliston, Ozarbayjon, Pokiston, XXR, Tojikiston, Qozog'iston, Turkmaniston, Qirg'iziston, O'zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan. Mazkur institut Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg'armasi, Islom taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon Banki tomonidan qo'llab-quvvatlanadi.

Mazkur institutning faoliyati transport, savdo-sotiq, energetika resurslari va boshqa yo'nalishlarda hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish orqali mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy etishiga ko'maklashishga qaratilgan.      

Xalqaro konferensiyada “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo'lim boshlig'i Farrux Hakimov “Markaziy Osiyoda raqamli transformatsiya: global pandemiyadan olingan saboqlar” deb nomlangan ilmiy-tadqiqot loyihasi bilan ishtirok etdi.

Taqdimotda Markaziy Osiyo davlatlarining raqamlashtirish va axborotlashtirish siyosati, raqamlashtirish bo'yicha milliy taraqqiyot strategiyalari hamda sohadagi muammolar va istiqbolli loyihalar tahlil qilindi.

Shuningdek, xalqaro konferensiya ishtirokchilariga O'zbekistonda raqamlashtirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, xususan, “Raqamli O'zbekiston – 2030” milliy strategiyasi haqida ham ma'lumot berildi.

Xalqaro anjuman o'z ishini 5 mart kuni davom ettiradi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.