• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT VA FUQAROLIK JAMIYATI TASHKILOTLARINING MUSTAHKAM HAMKORLIGI – HUQUQIY ISLOHOTLAR SAMARADORLIGINI TAЪMINLASH YO‘LIDA

Joriy yilning 21-22-may kunlari Toshkent shahrida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamkorligida “Huquqiy islohotlarni amalga oshirishda davlat va fuqarolik jamiyati tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik” mavzusida milliy konferentsiya bo'lib o‘tdi.

O‘zbekistonda davlat va jamiyat boshqaruvida, qonun ustuvorligini ta'minlashda hukumat va fuqarolik jamiyati tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha tajriba almashish va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan mazkur tadbirda parlament, davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining ekspert-mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Konferentsiyani boshqarib borgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ushbu anjumanning dolzarb ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

— Mazkur tadbir mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat sektor faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari safini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda bu institutning qonun ijodkorligi hamda davlat va jamiyat boshqaruvi jarayonidagi ishtirokini faollashtirishga qaratilgan milliy qonunchilik va qonunchilik tashabbuslarini muhokama qilishda muhim platforma sifatida xizmat qiladi, — dedi jumladan Eldor Tulyakov. — Shuningdek, ushbu ikki kunlik tadbirda biz fuqarolik jamiyati tashkilotlarining ijtimoiy sheriklik, jamoatchilik nazorati va volontyorlik sohalarida yanada keng qatnashishiga qaratilgan yondashuvlarni hamkorlikda ishlab chiqishni ustuvor maqsad sifatida belgilaganmiz.

Shuni alohida qayd etish joizki, O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning, davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni ta'minlashning, shuningdek, islohotlar natijadorligini oshirishning muhim vositasi sifatida “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oya asosida davlat, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining tizimli muloqotini yo‘lga qo‘yish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda.

Bu borada, ayniqsa, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 16-bandi ijrosi doirasida Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan “2021 — 2025-yillarda Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi” muhim o‘rin tutadi. Mazkur Kontseptsiyaga binoan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish, davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish, ular faoliyatining ochiqligini ta'minlash borasida qator amaliy sa'y-harakatlarni hayotga joriy etish nazarda tutilgan.

Bugungi anjumanimizdan ko‘zlangan ustuvor maqsad ham O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o'rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini hamda dolzarb masalalarni hal etishdagi hamkorligini kuchaytirish, respublikada barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda nodavlat notijorat tashkilotlarining tashabbuskorligi va faolligini oshirish hisoblanadi.

Anjumanning ochilish marosimida, shuningdek, USAIDning O‘zbekistondagi ofisi mas'uli Deyna Bigan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Shuhrat Bafayev, Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a'zosi Manzura Salimova va boshqalar ham ishtirok etib, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining islohotlar jarayonidagi o‘rni va roli, xususan, ularning qonun ijodkorligida ishtirok etish imkoniyatlari, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda davlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish va boshqa masalalar bo‘yicha o‘z mulohazalarini bayon etishdi.

Konferentsiyaning ikkinchi kunida ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalarining taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, “Fuqarolik jamiyatining huquq ijodkorligi jarayonidagi ishtirokini oshirish”, “Fuqarolik jamiyati institutlarining jamoat nazorati va fuqarolik jamiyati faoliyatini monitoring qilishda ishtirok etish vositalari va mexanizmlari”, “Ijtimoiy sheriklikni kengaytirishda fuqarolik jamiyati institutlarining samaradorligini oshirish”, “Qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlash faoliyatini kengaytirishda ko‘ngillilarni muhim resurs sifatida jalb qilishdagi fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni” mavzularidagi taqdimotlar qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi.

Anjuman yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga yuborish to'‘g‘risida kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati