• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

O‘ZBEKISTON-XITOY: O‘ZARO MANFAATLARGA ASOSLANGAN HAMKORLIK RISHTALARI MUSTAHKAMLANIB BORMOQDA

Joriy yilning 25-iyun kuni Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Xitoy Kommunistik partiyasining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Xitoy va O‘zbekiston taraqqiyotida yangi bosqich” mavzusida xalqaro onlayn simpozium tashkil etildi.

Onlayn simpoziumda Xitoy kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi oltinchi direktsiyasi direktori o‘rinbosari Li Szyunfu, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Valeriy Tyan, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sanjar Valiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi O‘ktam Islomov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda O‘zbekistondagi mavjud 5 ta siyosiy partiya vakillari va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori o‘rinbosari Szin Chje va bosh ilmiy xodimi Su Chan, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim so‘nggi yillarda XXR raisi Si Szinpin va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida Xitoy va O‘zbekistonning har tomonlama strategik aloqalari jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, o‘zaro siyosiy ishonch izchil mustahkamlanib, ko‘p qirrali amaliy hamkorlik chuqurlashmoqda. Natijada, madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro aloqalar va mintaqalararo hamkorlik kengaymoqda.

Xususan, uzoq muddatli hamda samarali O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining asosiy tamoyillari ko‘plab hujjatlarda o‘z aksini topgan. Jumladan, “Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya”, “Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma”, “O‘zbek-Xitoy hamkorligini yanada kuchaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya”, Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv bitimi, Xalqaro avtomobil transprt yo‘li to‘g‘risidagi bitim kabi 220 dan ortiq hujjatlar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida ham samarali rivojlanib bormoqda. Bu borada SHHTning 2002-yilgi sammitida imzolangan Xartiya tashkilot faoliyatining dasturiy-me’yoriy hujjati bo‘lib, uning rivojlanishiga katta turtki berdi. Mazkur hujjat nafaqat xavfsizlik sohasi, balki savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ta’lim, madaniyat va sport, sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlik aloqalarini ham nazarda tutadi.

Madaniy-gumanitar sohada O‘zbekiston-XXR munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishiga nafaqat savdo, kommunikatsiya, balki turizm sohasi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonning qadimiy tarixiy madaniyatiga oid yodgorliklari hamisha chet ellik sayyohlar e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan. O‘zbek-Xitoy munosabatlarida turizm sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratilib, 2010-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasiga Xitoy fuqarolarining guruh-guruh bo‘lib sayohat qiladigan turistik mamlakat maqomi berilgan. Xitoylik san’atkorlar har ikki yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam qatnashib kelmoqda. Mamlakatimizda o‘zaro madaniy muloqotni mustahkamlashga mo‘ljallangan Xitoy madaniyati kunlari, kino kunlari, badiiy ko‘rgazmalar, festivallar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, simpozium ishtirokchilari tomonidan ikki mamlakat xalqlari darajasida gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, ko‘p qirrali tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Eldor Tulyakov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori:

— Barchamizga ma’lum, mamlakatlarimiz 30 yildan oshiq vaqt davomida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarining tobora barcha jabhalarini qamrab olgan bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonchli aloqalar bu hamkorlikning asosini tashkil etadi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarda terrorizm, ekstremizm, separatizm, narkotik va noqonuniy qurol-yarog‘lar savdosi bo‘yicha qarashlarning mushtarakligi ko‘zga tashlanadi.

O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi bilan strategik hamkorlikni mustahkamlash, keng savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishni o‘zaro manfaatdorlik va tenghuquqlilik tamoyillariga asoslangan ikkitomonlama munosabatlarni ustuvor yo‘nalish, deb hisoblaydi. Ikkitomonlama Savdo-iqtisodiy bitimga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi o‘rnatilgan. Keyingi uch yilda O‘zbekistonning tashqi savdo sohasidagi sheriklari orasida Xitoy birinchi o‘rinni egallab kelayotgani ham fikrimiz dalilidir.

Jumladan, bu borada O‘zbekistonning tovar eksporti 17,7%ni, xizmatlar eksporti esa 12,8%ni tashkil etib, savdo aylanmasi 2017-yilga nisbatan 1,6 baravarga o‘sganini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” g‘oyasini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Mamlakatimizning mazkur loyihaga jalb etilishi barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, butun Markaziy Osiyoga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan muhim transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning ustuvor maqsadlariga erishish nuqtai nazaridan muhim sanaladi.

O‘z navbatida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ham Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Xitoy Xalq Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan qator davlat va nodavlat tashkilotlari, xususan, nufuzli “Aql markaz”lari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Simpozium yakunida Xitoy-O‘zbekiston aloqalarining keng istiqbollari va yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro yordamning munosib namunasi izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati