• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va barqarorlik istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 31 iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazining Turkiyadagi hamkori, Yevropa va Osiyo mintaqasi bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlardagi dolzarb muammolarni tahlil qilib, ularning yechimi yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘illanib keluvchi Inqiroz va siyosat masalalari bo‘yicha tadqiqotlar markazi – ANKASAM tashabbusi bilan Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va barqarorlik istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferentsiya tashkil etildi.

Osiyo, Yevropa va AQShning yetakchi ilmiy-tahliliy markazlari va universitetlaridan ekspertlar va professorlar, siyosatchilar, parlament a’zolari ishtirok etgan xalqaro konferentsiyada “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ham ma’ruza bilan qatnashdi.

Xalqaro konferentsiya kun tartibi Kashmirdagi vaziyatni hal qilish bilan bog‘liq 10 ta sektsiyalarga bo‘linib, jahonning xalqaro munosabatlar va xavfsizlik yo‘nalishlaridagi xorijlik nomdor ekspertlari tomonidan tahlil etilib taklif va tavsiyalar berildi.

Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z ma'ruzasida Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik shakllanayotganligi, bu o‘z navbatida tinchlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidladi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga yaqinda 15-16 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferentsiyasining yakunlari, ahamiyati va mintaqaviy hamkorlik va barqarorlikka qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Xususan, Markaz ijrochi direktori E.Tulyakov Toshkent mezbonlik qilgan xalqaro konferentsiyada O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga to‘htalib, mazkur tashabbuslar va mintaqalararo yirik loyihalarni amalga oshirish uchun Markaziy va Janubiy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, (jumladan, Afg‘oniston va Kashmir kabi hududlardagi) mavjud nizolarni esa faqat tinch va diplomatik yo‘l bilan bartaraf etish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Shu o‘rinda, mamlakatning tashqi siyosiy tamoyillaridan kelib chiqib konferentsiya ishtirokchilariga xalqaro maydonda barcha qarama-qarshiliklar va nizolarni O‘zbekiston faqat tinch yo‘llar bilan hal qilish tarafdori ekanligi e’tirof etildi.

Bundan tashqari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorligi ostida bo‘lib o‘tgan sektsiya yig‘ilishida AQShning yetakchi ilmiy-tahliliy markazlaridan Ariyel Koyen (“The Atlantic Council”) va Maykl Kugelman (“The Wilson Center”)lar ishtirok etib, Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari yuzasidan o‘z fikr mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, boshqa ishtirokchilar qatori amerikalik mutaxassis Ariyel Koyen 15-16 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligiga bag‘ishlangan xalqaro konferentsiyani yuqori saviyada tashkil etilganligi hamda uning ahamiyatini yuqori baholadi. Ekspertning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ilgari surayotgan Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi “Trans-Afg‘on” temir yo‘lining qurilishi Afg‘oniston va Kashmirdagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, istiqbolda Hindistonga ham mazkur tashabbus katta imkoniyatlar eshigini ochadi hamda global xavfsizlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, ANKASAM tomonidan tashkil etilgan mazkur xalqaro anjuman va undagi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktorining ishtiroki yaqinda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan ishchi tashrifi doirasida markaz rahbarlari Eldor Tulyakov va Mehmet Seyfettin Erol tomonidan imzolangan o‘zaro hamkorlik Memorandumining amaliy natijalarining boshlanishidir.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati