• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
Martin Chungong
21758 | 22 Apr. 2025 y.


Martin Chungong,

Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi:

Toshkentdagi 150-Assambleya – katta siyosiy voqelik. Biz uni “yubiley Assambleyasi”, deb atadik. Chunki u nafaqat rivojlanish marrasi, balki yangi bosqichga o‘tish ramzi hamdir. E’tibor bering: Parlamentlararo ittifoq tarixida 149 ta majlis bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, bu – Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tgan Assambleya.

“Nega aynan Toshkentda o‘tkazildi?”, degan savolingizga esa mening javobim aniq. Prezidentingizning parlamentarizmga bo‘lgan sadoqati, davlat rahbariyatining zamonaviy, ochiq va inklyuziv siyosat yuritishi bu tanlovni amalga oshirishimizga turtki bo‘ldi.

O‘zbekiston parlamentining faoliyati, uning yangilanish jarayonlari, xalq bilan muloqotga intilishi – barchasi xalqaro hamjamiyatda yuqori baholanmoqda. Biz buni O‘zbekiston parlamenti faoliyatini tahlil qilganimizda ham ko‘rdik. Bu borada O‘zbekiston parlamentlari vakillari, mutasaddilarining ham katta mehnati namoyon bo‘lganini alohida ta’kidlashni istar edim. Demak, yurtingizda kechayotgan davomli demokratik jarayonlar bizning global parlament hamjamiyatini O‘zbekistonga olib kelishimizga asosiy omil bo‘ldi.

Ikkinchi sabab mamlakatingizda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlardir. O‘zbekistonda ko‘rsatishga, ko‘rishga, o‘rganishga, namuna olishga arzigulik ijobiy ishlar juda ko‘p. Biz uchun butun dunyo hamjamiyatini shu yerga olib kelish muhim edi – chunki bir tomondan, ular O‘zbekistonni kashf qilsin, tajriba almashish imkoniga ega bo‘lsin, bоshqa tomondan esa, O‘zbekiston ham global tajribalarni o‘rganish imkoniga ega bo‘lsin.

Bu tadbir shunday bir og‘ir, sinovli payt­­da o‘tyaptiki, hozirgi dunyoda tinchlikparvar ovozlar, tashabbuslar nihoyatda zarur. Biz Prezident Mirziyoyevni, xalqingiz yo‘lboshchisini aynan shunday tinchliksevar tashabbus­larni, g‘oyalarni ilgari surayotgan lider sifatida bilamiz. 

Bugun, ushbu tarixiy anjuman o‘z ishini muvaffaqiyat bilan yakunlagan bir pallada, bu fikrlarimiz naqadar to‘g‘ri ekaniga yana bir bor amin bo‘lib turibmiz. Parlamentlararo ittifoqning yubiley Assambleyasini O‘zbekistonda o‘tkazishga qaror qilganimiz nechog‘liq asosli va oqilona qaror bo‘lganini barcha birdek e’tirof etmoqda.  Biz ushbu sammit orqali nafaqat O‘zbekistonni dunyoga yangicha rakursda tanishtirdik, balki dunyo hamjamiyatini ham yurtingizga olib keldik. Bu ikki tomonlama foydali jarayon bo‘ldi. 

Tinchlikka intilish, muammolarni muloqot orqali hal qilish madaniyati, davlat siyosatining fuqarolar farovonligi uchun safarbar qilinishi – bularning barchasi Prezident Mirziyoyevning anjumanda so‘zlagan nutqida ham yaqqol sezilib turdi. U kishi nafaqat mamlakat, balki mintaqaviy va jahon tinchligi uchun harakat qilayotgan yetakchi sifatida namoyon bo‘ldi.

Bu Assambleya, shubhasiz, bugungi kunning siyosiy tarixida o‘chmas iz qoldiradi. Va u – O‘zbekistonning xalqaro parlament diplomatiyasida tutgan o‘rnini yangi bosqichga olib chiqadi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Manba: OʻzA


4
Похожие новости