• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

Harakatlar strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar germaniyalik jurnalistlarda katta qiziqish uyg‘otdi

Joriy yilning 25-avgust kuni O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Germaniyadagi yetakchi OAV vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Germaniyaning «Der Spiegel», «WeltTrends», «Berliner Zeitung», «Behörden Spiegel», «Deutsche Welle», kabi 70 dan ortiq nufuzli bosma va internet nashrlari vakillari ishtirok etgan matbuot anjumanida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda erishilgan yutuqlar bo‘yicha onlayn taqdimot o‘tkazildi.

Xususan, Eldor Tulyakov o‘z taqdimotida O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish, shuningdek, xavfsizlik, millatlararo totuvlikni ta’minlash hamda konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida to‘laqonli ma’lumot berdi.

Jumladan, Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan va yaqin kelajakda mamlakat taraqqiyotining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan ushbu strategiya o‘zaro manfaatli, ochiq va pragmatik tashqi siyosatni faol olib borish, malakat atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini ta’minlash, qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga, yaqin hamkor xorijiy davlatlar hamda mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida milliy manfaatlarni ilgari surish, O‘zbekistonning eng rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishi hamda xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishda bosh g‘oya bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan, 2017-yildan beri siyosiy va iqtisodiy sohalarda O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarida ham ijobiy o‘sish tendentsiyalari kuzatildi. Ikki mamlakat o‘rtasida uch marotaba yuqori darajadagi tashrif va samitlar tashkil etilib, ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning to‘rtta raundi o‘tkazildi. Natijada, 2016-2021-yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshib, 1,5 milliard dollarga yetkazildi.

Qiziqarli baxs-munozara shaklida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani yakunida tashkilotchilar tomonidan germaniyalik jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar berildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmat