• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZ RAHBARI ELDOR TULYAKOV JAHON TILLARI UNIVERSITETIDA ISLOHOTLAR NATIJASI BO‘YICHA TAQDIMOT O‘TKAZDI

Ayni kunlarda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli oliygohlar talabalarini 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati bilan yaqindan xabardor qilish maqsadida taqdimotlar o‘tkazib kelinmoqda.

Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan joriy yilning 12-13-oktyabr kunlari O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti jamoasi uchun taqdimot o‘tkazdi. Taqdimotda universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.

Taqdimotda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatib, erishilayotgan natijalarni xalqimiz bilan birga jahon hamjamiyati ham e’tirof etayotganligi, Harakatlar strategiyasi bugungi globallashuv sharoitida yer yuzida tub o‘zgarishlar kechayotgan murakkab bir vaziyatda, O‘zbekiston uchun siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarning eng muhim besh ustuvor yo‘nalishini amalga oshirishning yaqin istiqbolga mo‘ljallangan muhim milliy strategik hujjati ekanligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, ushbu strategik hujjatda belgilab berilgan vazifalarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etishda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan har yilgi qabul qilinib kelinayotgan Davlat dasturlarining qanday amalga oshirilayotgani va ijrosi qay tarzda ta’minlanayotgani haqida doimiy ravishda jamoatchilik nazorati olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Taqdimot yakunida oliygoh jamoasi tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishida hamda aholini bevosida xabardor bo‘lib borishida “Taraqqiyot strategiyasi” markazining alohida o‘rni borligi e’tirof etilib, Markaz jamoasiga minnatdorlik bildirildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati