• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“TARAQQIYOT STRATEGIYASI” MARKAZIDA GERMANIYALIK DEPUTATLAR BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI

Joriy yilning 20-oktyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan germaniyalik deputatlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov mehmonlarni Markaz faoliyati va uning oldida turgan ustuvor vazifalar bilan yaqindan tanishtirdi. Shuningdek, ularga O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, erishilayotgan natijalar, istiqboldagi vazifalar, bu borada ayniqsa fuqarolik jamiyatining o‘rni haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Deputatlar o‘z so‘zlarini germaniyalik bir qator siyosatchilar va hukumat a’zolarining O‘zbekistonlik hamkasblariga salomini yetkazish bilan boshladilar.

Shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida doimiy muloqotning yo‘lga qo‘yilganligi, xususan, ikki yil avval Berlin shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilayotgani, ikki tomonlama munosabatlarning barqaror sur’atlar bilan rivojlanishini ta’minlashda parlamentlararo aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi ham katta ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, germaniyalik deputatlar tomonidan ikki davlatning o‘zaro munosabatlari, tobora mustahkamlanib borayotgani, hamkorlik aloqalari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha sohalarda, jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetika va iqlim muammolarini hal etish kabi yo‘nalishlarda yaqqol ko‘zga tashlanayotganligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyevning faol tashqi siyosatini Germaniya tomoni har doim qo‘llab-quvvatlashi, ayniqsa mintaqa muammolarini hal etishdagi tashabbuslar alohida tahsinga sazovorligi aytib o‘tildi.

Germaniyalik deputatlar O‘zbekiston aholi soni tez sur’atlarda o‘sib borayotgan mamlakat ekanligi, aholisining 50 foizidan ortig‘ini yoshlar tashkil etishi hamda xalq bilan muloqot qilishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilib, ushbu jarayonlar izchillik bilan davom ettirilayotganligiga alohida e’tibor qaratdilar.

Shuningdek, mehmonlar tomonidan islohotlarda fuqarolik jamiyatining ishtiroki, Hukumat bilan fuqarolar o‘rtasida o‘rnatilgan ishonch va qayta aloqa masalalari, O‘zbekistonda amalga oshirilishi boshlab yuborilgan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, muqobil energetika manbalaridan samarali foydalanish hamda shamol, quyosh fotoelektr stantsiyalari, O‘zbekistonda rivojlanib borayotgan transport sohasidagi o‘zgarishlar yuzasidan bildirilgan savollarga markaz rahbari Eldor Tulyakov tomonidan atroflicha javob berildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati