• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

O‘ZBEKISTON– BELGIYA: MARKAZ RAHBARI YEVROPA KOMISSIYASI A’ZOSI LYUK DEVIN BILAN UCHRASHDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat va jamiyatni jadal rivojlantirish, barcha sohani modernizatsiya qilish va erkinlashtirish borasidagi amaliy say-harakatlar natijalari hamda ularning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi turli mavzularda tahliliy materiallar, sharhlar, risola, to‘plam, byulleten va boshqa tarqatma materiallar tayyorlanib kelinmoqda. Mazkur tarqatma materiallar mamlakatimizdagi izchil islohotlar bilan aholining keng qatlami va xalqaro jamoatchilikni muntazam ravishda xabardor qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Shuningdek, xorijiy davlatlarga uyushtirilgan turli darajadagi uchrashuv va tashriflar doirasida ham Markaz ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari bo‘yicha taqdimot va muloqotlar tashkil etilib, o‘zaro fikr almashib kelinmoqda.

Jumladan, o‘tgan haftada O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining Belьgiyaga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan qator uchrashuvlarda ham mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar yuzasidan ma’ruza va taqdimotlar o‘tkazilib, 2017–2021-yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlarning eng muhim ko‘rsatkichlari aks ettirilgan risola va byulletenlar hamda 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalish va maqsadlari aks ettirilgan to‘plamlar Yevropa parlamenti deputatlari, Yevropa komissiyasi, Yevropa kengashi, Yevropa Tashqi harakatlar xizmati vakillari e’tiboriga havola qilindi.

Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tashrif asnosida Yevropa komissiya a’zosi, Yevropa tashqi aloqalar xizmati Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Lyuk Devin bilan uchrashib, O‘zbekiston va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi serqirra va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari, sheriklik munosabatlarining rivojlanishi, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sohalardagi aloqalarni kengaytirish borasida o‘zaro fikr almashishdi.

Shuningdek, Markaz rahbari yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangani Lyuk Devinni samimiy muborakbod etdi hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va ulkan demokratik o‘zgarishlar, O‘zbekiston ilgari surayotgan global va mintaqaviy tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlayotganligi uchun minnatdorchilik bildirdi. Suhbat yakunida L.Devinga Markaz tomonidan tayyorlangan tarqatma materiallar to‘plamlari taqdim etildi.

 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati