• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

YEVROPARLAMЕNT A’ZOLARI BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI

2023-yilning 4-aprel kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda Yevropa parlamenti deputatlari, Yevroparlamentning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida dastavval, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i Farrux Xakimov tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xalqaro munosabatlardagi O‘zbekistonning teng huquqlilik va ochiqlik siyosati, erishilgan natijalar hamda ushbu jarayonda Markaz tomonidan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birga, yangi tahrirda qabul qilinayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgartirish va qo‘shimchalar, eng avvalo ko‘p millatli xalqimizning istak va xohishlariga uyg‘un ekanligi, bunda xalqaro tajribaning o‘rganilganligi ham ta’kidlab o‘tildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlik aloqalari muhokama qilinib, Yevropa parlament a’zolarini qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Xususan, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda uni amalga oshirish uchun belgilangan maqsad va ko‘rsatkichlar, 2022-yilda erishilgan dastlabki natijalar Yevropa parlament deputatlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Muloqot yakunida delegatsiya a’zolari «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va Yevropaning yetakchi tahlil markazlari hamda Yevropa parlamenti bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

 

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati