• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

YOSHLAR ISHTIROKIDA KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLARGA BAG‘ISHLANGAN TADBIR TASHKIL ETILDI

2023-yilning 11-aprel kuni Toshkent estrada-sirk kollejida Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zolari, Toshkent shahar Kengashi deputalari, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ekspertlari ishtirok etgan tadbirda kollej o‘qituvchilari hamda talaba yoshlar yangi tahrirda qabul qilinayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.

Tadbirda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, jumladan inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda pedagoglar qadrini yuksaltirish, yoshlarning ta’lim olishni kafolatlash kabi normalarning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

– Konstitutsiyaning 51-moddasida fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi, oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga egaligi belgilab qo‘yilmoqda, – dedi E.Tulyakov. – Ta’kidlash joizki, so‘nggi yilarda jamiyatda o‘qituvchining qadr-qimmatini oshirish borasidagi islohotlar ham Konstitutsion norma sifatida joy olmoqda. Xususan, 52-moddada O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilyapti.

Shuningdek, qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva, Toshkent shahar Kengashi deputati Otabek Jiyanbayevlar o‘z ma’ruzalarida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilanayotganligi, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlarni olayotganligiga to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbir yakunida ma’ruzachilar tomonidan yoshlarning yangilanayotgan Konstitutsiya moddalari va ularning ahamiyati yuzasidan bergan savollariga batafsil javob berishdi.

 

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati